BMTning O’zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer xonimning O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqi bo’yicha bayonoti
23 sentabr 2020
Men Prezident Mirziyoyevning global va mintaqaviy muammolarni aniq baholaganligini yuqori baholayman va taklif va tashabbuslarini mamnuniyat bilan qabul qilaman
BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi nomidan Prezidentning Nyu-York shahrida Birlashgan millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi munosabati bilan o’z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
Men Prezident Mirziyoyevning xalqaro va mintaqaviy muammolarni yuqori minbardan turib aniq bayon etgani hamda ularni hal qilish bo'yicha aytgan taklif va tashabbuslarini mamnuniyat bilan e’tirof etaman.
Yig’ilishda Prezident bir qator yangi takliflar kiritdi. Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konvensiya va Orol dengizi bo’yicha Bosh assambleyaning maxsus rezolyutsiyasi to'g'risidagi taklif shular jumlasidandir.
Ushbu nutq O'zbekistonning mintaqadagi yetakchilik rolini ko'p sohalarda, shu jumladan Afg'onistonda tinchlik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo'llab-quvvatlashda, transport-kommunikatsiya tizimini yaxshilash uchun mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda hamda iqlim o'zgarishi va terrorizmga qarshi kurashda olib borayotgan ishlarida aniq aks ettirdi.
Shuningdek, men nutqda gender tengligi va ayollarning jamiyatdagi ishtirokiga berilgan alohida e'tiborni mamnuniyat bilan e’tirof etmoqchiman.
Men Barqaror rivojlanish maqsadlari dasturini amalga oshirish va inson huquqlari dahlsizligini ta’minlashda parlamentning rolini oshirish uchun Bosh assembleyaning maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish borasidagi Prezident taklifini diqqat bilan kuzatdim.
Darhaqiqat, parlament a'zolari Barqaror rivojlanish maqsadlari va inson huquqlari bo'yicha majburiyatlarga muvofiq qonunlarni qabul qilishda muhim rol o'ynashi kerak. Ular korrupsiyaga qarshi kurash, atrof-muhitni muhofaza qilish, mehnat huquqlari, mehnatga layoqatsizlik huquqi kabi turli sohalarda BMTning inson huquqlari bo'yicha organlari tavsiyalarining va Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining samarali bajarilishini nazorat qilishi lozim. Parlamentlar, shuningdek, davlat institutlari va fuqarolik jamiyati o'rtasidagi muloqotni rivojlantirishda o’z hissasini qo’shishi darkor.
Prezidentning taklifi juda ham muhim ahamiyatga ega, chunki O'zbekiston parlamenti so'nggi yillarda barqaror rivojlanishga erishish va inson huquqlarini ta’minlash bo'yicha ulkan tajribaga orttirdi. Xususan, men Oliy Majlis tomonidan muhim xalqaro majburiyatlar, jumladan, Odam savdosi bo'yicha milliy komissiya, Gender tengligi bo'yicha komissiya va Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha ikki palatali komissiya orqali amalga oshirilayotgan nazoratni mamnuniyat bilan e’tirof etaman. Barqaror rivojlanish maqsadlari bo’yicha komissiya hukumat idoralarining unga amal qilinishini kuzatib boradi. Shuningdek, ushbu komissiya shu yil iyul oyida BMTning yuqori darajadagi siyosiy forumida taqdim etilgan ayni mavzudagi O'zbekistonning birinchi Ixtiyoriy milliy sharhini ko'rib chiqdi.
Oliy Majlis qonunchilik loyihalarini tahlil qilishda ham muhim rol o'ynaydi va shu sababli men xalqaro ekspertlarning O'zbekistondagi parlament suhbatlarida ishtiroki tobora ortib borayotganini ham mamnuniyat bilan ta’kidlab o’tmoqchiman. Bunday mutaxassislar qonun loyihalarining inson huquqlari bo'yicha majburiyatlarga muvofiqligi to'g'risida muhim tushunchalarni berishi mumkin.
BMTTD, UNICEF, XMT, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi, Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar boshqarmasi, JSST va UNESCO kabi tashkilotlar Oliy Majlis bilan Barqaror rivojlanish maqsadlari va inson huquqlari masalalari bo'yicha yanada hamkorlik qilishda faol ish olib bormoqda. BMT ushbu tajribani jahon miqyosida baham ko'rishda O'zbekistonni qo'llab-quvvatlab kelmoqda.
So'zim oxirida shuni ta'kidlamoqchimanki, bu yilgi Bosh Assambleya majlisi tarixiy ahamiyatga egadir. Negaki BMT "keyingi avlodlarni urush balosidan qutqarish" uchun tashkil etilganiga 75 yil to'ldi. Bu hodisa dunyo misli ko'rilmagan tahdidlarga duch kelayotgan bir paytda sodir bo'lmoqda – geosiyosiy ziddiyatlar, iqlim inqirozi va endilikda COVID-19 pandemiyasi. Ushbu muammolar chegara tanlamaydi hamda faqatgina xalqaro birdamlik va ko'p tomonlama yondashuvlar yordamida samarali hal qilinishi mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh assambleyadagi o’z bayonotida Birlashgan millatlar tashkilotini, fikrlar xilma-xilligini qo'llab-quvvatlashini ta’kidlagani juda ham ijobiy holatdir. Shuni mamnuniyat bilan aytib o’tmoqchimanki, O'zbekiston xalqi ham ayni shunday fikrda va doim qo’llab-quvvatlashga tayyor. Joriy yilning boshida Antonio Guterrish BMTning yubiley yili munosabati bilan insonlar fikrlarini o'rganish maqsadida "UN75" so’rovnomasini boshlagan.
UN75 so'rovi butun dunyo bo'ylab milliondan ziyod insonni qamrab oldi, ayniqsa yoshlar ovoziga alohida e'tibor qaratildi. Ushbu so’rovnomaga O'zbekistondan 34 mingdan ziyod kishi qo'shildi – bu O’zbekistonni so'rovnoma o'tkazilgan mamlakatlar orasida yuqori o’nlikka kirishini ta’minladi. Bundan tashqari, Oliy Majlisning qo'llab-quvvatlashi bilan butun mamlakat bo'ylab 33 dan ortiq UN75 muloqotlari o'tkazildi. Ushbu tadbirlarda parlament a'zolari bilan bir qatorda iqtisodiy jihatdan imkoniyati cheklangan fuqarolar ham – jami 3000 ga yaqin odam qatnashdi.
Muloqotlarda insonlar o'zlarining muammolari va kelajakka bo'lgan umidlari bilan o'rtoqlashdilar. Ularning bari "xalqaro hamkorlik bugungi muammolarni hal qilish uchun juda muhim" ekanligini ta’kidladilar.
Shunday ekan, endilikda ko'p qirralilik, fikrlar xilma-xilligi va hamkorlik har qachongidan ham muhimroq ekani yanada oydinlashdi.