O‘zbekistonda Xalqaro yoshlar kuni nishonlanadi
12 avgust 2022
Har yili 12 avgustda dunyo bo’ylab Xalqaro yoshlar kuni nishonlanadi. Bu kun butun dunyoda yoshlarning salohiyatini oshirish, turli xil tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni jamiyat hayotida teng ishtirok etishiga qaratilgan tashabbuslarni o‘tkazish maqsadida nishonlanadi.
Bu yil Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan BMTning O‘zbekistondagi agentliklari O‘zbekiston yoshlar agentligi va O'zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Toshkentdagi “Central Park” istirohat bog'ida bayram tadbiri tashkil etmoqda.
Xalqaro yoshlar kunini nishonlash doirasida o‘quv va interaktiv kvestlar, konsert dasturi, teatrlashtirilgan tomosha, flesh-moblar, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan va Xalqaro yoshlar kuniga bag‘ishlangan videoroliklar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda 200dan ortiq ishtirokchilar gender tengligi, ta’lim, reproduktiv salomatlik, ruhiy salomatlik, bandlik, ekologiya, qishloq xo‘jaligi biznesi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’rifiy mahorat darslari, infosessiya va amaliy seminarlarda ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilar, shuningdek, BMT agentliklarining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlari doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan batafsil tanishish va yoshlar uchun muhim bo‘lgan masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishlari mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar aholining 60 foizini tashkil qiladi. 15-20 yil ichida ular O‘zbekistonda eng yirik ishchi kuchiga aylanadi, bu esa O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqish uchun noyob imkoniyat yaratadi.
Xalqaro yoshlar kunini nishonlash doirasidagi barcha tadbirlar yoshlarni Barqaror rivojlanish maqsadlarini targ’ib qilishga va yoshlani birlashtirishga, BMT faoliyati haqida ma’lumot berishga, turli avlodlar o‘rtasida fikr va ko‘nikmalar bilan o’zaro almashishga qaratilgan.
Axborot sessiyalarida, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining “2022-yilda yoshlar bandligining global tendentsiyalari” yangi hisoboti taqdimoti bo‘lib o‘tadi.