Press-reliz

Keyingi 18 oy pandemiya ta'sirini kamaytirish hamda rejalashtirilgan asosiy maqsadlarga erishish yo‘lida harakatlarni kuchaytirish bo'yicha global miqyosda muhim ahamiyatga ega

06 iyul 2021

  • Pandemiya o’n yillar davomida erishilgan yutuqlarni yo’qqa chiqarayotgan bo’lsada, amalga oshirilayotgan harakatlar Barqaror rivojlanish maqsadlari ro’yobi sari xalqaro intilishlarning kuchayayotganini ko’rsatadi.

Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan e'lon qilingan 2021 yilgi Barqaror rivojlanish maqsadlari to'g'risidagi hisobotga ko'ra, COVID-19 pandemiyasi butun dunyo bo'ylab odamlarga yetkazgan zararni qoplash uchun ko'plab mamlakatlar va guruhlar BRMlarga erishish yo’lidagi sa'y-harakatlarni kuchaytirish zarurligini tan olishmoqda.

Kelgusi 18 oy davomida qabul qilinadigan qarorlar va harakatlar dunyoda iqtisodiy o'sish va atrof-muhitni muhofaza qilishda ijtimoiy farovonlikni oshirishga qaratilgan ishlar va pandemiyadan qutulish rejalari yo'nalishini aniqlab beradi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun global sa'y-harakatlarni ko’rsatuvchi ushbu hisobotga ko'ra, COVID-19 odamlarning hayoti va turmush tarziga katta ta’sir qildi. Pandemiya boshlanishidan oldin ham BRMlarga erishish jarayoni sekinlashgan bo'lib, 2020 yilda 119-124 million odam qashshoqlikka duchor bo’ldi. 255 millionga teng to'liq ish o‘rni yo’qotildi, ochlikdan azob chekayotganlar soni pandemiyadan oldingiga nisbatan 83-132 millionga ko'paydi.

Pandemiya mamlakatlar o'rtasidagi tengsizlikni oshkor qildi va kuchaytirdi. 2021 yil 17-iyun holatiga ko'ra, Yevropada va Shimoliy Amerikada har 100 kishiga 68 ta vaksina to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu raqam Afrikada 2 tadan kam edi. Keyingi o'n yil ichida pandemiya oqibatida yana 10 millionga yaqin qiz voyaga yetmasdan turmushga chiqishi xavfi mavjud. Xalqaro turizmning qulashi rivojlanayotgan kichik orol davlatlariga ta'sir qiladi.

2020 yilgi iqtisodiy pasayish iqlim inqirozini sekinlashtira olmadi. Asosiy sanoat gazlari konsentratsiyasi o'sishda davom etdi, ayni paytda global o'rtacha harorat sanoatlashtirish davridan oldingi darajadan taxminan 1,2 °C yuqori edi, bu xavfli deb belgilangan Parij bitimidagi 1,5 °C chegarasiga yaqin degani.

To'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarning global oqimi 2020 yilda 2019 yilga nisbatan 40% ga kamaydi. Pandemiya, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun katta moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqardi – qarz muammosi sezilarli darajada oshdi.

2015 yilda Birlashgan millatlar tashkilotiga a'zo barcha davlatlar tomonidan qabul qilingan 2030 yilgacha mo‘ljallangan dastur insoniyat va sayyora uchun, hozir va kelajakda tinchlik va farovonlik uchun umumiy rejani taqdim etadi. Sog'liqni saqlash va ta'limni yaxshilash, tengsizlikni kamaytirish va iqtisodiy o'sishni rag'batlantirish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish va okean va o'rmonlarimizni asrab-avaylash bo'yicha 17 maqsad ushbu dasturning markaziy qismi hisoblanadi.

Hisobotga ko'ra, Barqaror rivojlanish maqsadlarini yana to'g'ri yo'lga qo'yish uchun hukumatlar, shaharlar, biznes va sanoat korxonalari uglerod chiqindilarini kamaytiradigan, tabiiy resurslarni tejaydigan, yangi ish o'rinlari yaratadigan moslashuvchan rivojlanish yo'llarini qo'llashi kerak hamda gender tengligini oshirish va tengsizlikka qarshi kurashish ta‘minlanishi lozim.

"Biz insoniyat tarixining muhim bosqichidamiz. Bugun qabul qilayotgan qarorlarimiz va harakatlarimiz kelajak avlodlar uchun muhim natijalarni beradi”, - dedi BMT Bosh kotibining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Liu Jenmin. "Pandemiyadan olingan saboqlar bizga hozirgi va kelajakdagi qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi. Keling, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va Parij Iqlim kelishuvini amalga oshirish uchun o'n yillik harakatlar, o'zgartirishlar va tiklanishlarni birgalikda olib boraylik."

Pandemiyaga qarshi kurash sa'y-harakatlari jamiyatning chidamliligini, hukumatlar tomonidan qat'iy choralarning, ijtimoiy himoyaning tez kengayishini, raqamlashtirish jarayonining tezlashishini ko'rsatdi. Qisqa vaqt ichida inson hayotini saqlab qoladigan vaksinalar va davolash usullarini ishlab chiqish bo'yicha muhim hamkorlik amalga oshirildi. Hisobotga ko'ra, bu Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtirish uchun mustahkam asosdir.

Ba'zi qo'shimcha faktlar va raqamlar:

· Butunjahon qashshoqlik darajasi 1998 yildan beri birinchi marta oshdi (2019 yildagi 8.4% dan 2020 yilda 9.5% gacha).

· 2020 yil 1-fevraldan 31-dekabrgacha butun dunyo hukumatlari COVID-19 inqiroziga javoban asosan qisqa muddatli 1600 dan ortiq ijtimoiy himoya choralarini e'lon qildi.

· Pandemiya bilan bog'liq holatlar katta ehtimol bilan har beshinchi boladan birining bo‘y o‘sishiga ta‘sir qildi.

· Pandemiya sog'liqni saqlashdagi taraqqiyotni to'xtatdi yoki o'zgartirdi hamda kasallikning o'zidan ham katta xavf tug'dirdi. Mamlakatlarning qariyb 90 foizi sog'liqni saqlashning asosiy xizmatlarida bir yoki bir nechta uzilishlar haqida xabar bermoqda.

· COVID-19 pandemiyasining maktab ta‘limiga ta'siri halokatlidir. Qo'shimcha 101 million bolalar va yoshlar o'qish malakasining eng past darajasidan ham pastga tushib ketdi va bu so'nggi yigirma yil ichida erishilgan ta'lim yutuqlarini yo'qqa chiqardi.

· COVID-19 pandemiyasi gender tengligi borasidagi taraqqiyotga salbiy ta'sir ko'rsatdi: ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlik kuchaydi; voyaga yetmagan qizlar nikohining esa ko'payishi kutilmoqda. Ayollar o‘z ishidan bo'shash va uy ishlarining ko'payishidan mutanosib ravishda aziyat chekdilar.

· 759 million kishi elektr energiyasiz qoldi va 2019 yilda dunyo aholisining uchdan bir qismi ovqat tayyorlash bilan bog‘liq toza yoqilg'i va texnologiyaga ega emas edi.

· Xitoy va AQSh boshchiligidagi iqtisodiy tiklanish jarayoni davom etmoqda, lekin boshqa ko'plab mamlakatlar uchun iqtisodiy o'sish 2022 yoki 2023 yilgacha pandemiyadan oldingi darajaga qaytishi kutilmaydi.

· Dunyoda biologik xilma-xillik yo'qolishini to'xtatishga erishilmadi hamda 2015-2020 yillar oralig'ida har yili 10 million gektar o'rmon yo'qolishi sabab 2020 yilgacha mo‘ljallangan maqsadlar bajarilmadi.

· Rivojlanishning aniq rasmiy yordami 2020 yilda jami 161 milliard dollarga oshgan bo'lsa-da, bu hali ham COVID-19 inqiroziga yechim topish va YaMM ning 0.7 foizlik ko‘rsatgichiga erishish uchun kamlik qiladi.

· 2020 yilda 132 mamlakat va hududlar milliy statistik rejani amalga oshirayotgani haqida xabar berishdi, ulardan 84 tasi to'liq moliyalashtirilgan. 46 ta eng kam rivojlangan davlatlardan faqat 4 tasi milliy statistika rejalarini to'liq moliyalashtirgani haqida xabardor bo’ldik.

Hisobotga ko'ra, qayta tiklanish sa'y-harakatlari ushbu yo‘nalishda siyosatni ishlab chiqish to'g'risida ma'lumot olish imkoniyatiga bog'liq bo'ladi. Ma'lumot yig'ish uchun ham xalqaro, ham ichki resurslarni jalb qilish orqali yetarli mablag' bo'lishini ta'minlash bu harakatlar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'ladi.

Barqaror Rivojlanish Maqsadlari bo‘yicha 2021-yilgi Hisobotni quyidagi havola orqali topishingiz mumkin https://unstats.un.org/sdgs/report/2021/ 

Matbuot brifingi

Hisobot bo'yicha matbuot brifingi 6-iyul kuni peshindan keyingi brifingdan so'ng, taxminan 12:15 da quyidagi havola orqali uzatiladi http://webtv.un.org/  

Barqaror Rivojlanish Maqsadlari haqida

Yillik hisobotlar dunyoning hozirgi kunga qadar amalga oshirgan sa'y-harakatlari haqida qisqacha ma'lumot beradi, qaysi rivojlanish sohalarida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun ko'proq harakat qilish lozimligi ko‘rsatiladi. Hisobot Birlashgan millatlar tashkilotining Iqtisodiy va ijtimoiy ishlar departamenti tomonidan, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar va BMT agentliklari, jamg'armalari va dasturlari tizimi tomonidan tayyorlanadi. Hisobotlarga bir qancha milliy statistiklar, fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralar ekspertlari ham o'z hissalarini qo'shmoqdalar.

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

UN DESA
United Nations Department of Economic and Social Affairs

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar