Konvensiyani ratifikatsiya qilish orqali hukumat inson huquqlari muhofazasiga sodiqligini va imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlarini Konvensiya tamoyillariga, shuningdek, hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik prinsipiga muvofiq ravishda ilgari surish muhimligini yana bir bor ta'kidlaydi.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlarini ta'minlash BMT jamoasi uchun O'zbekistonda o'zaro hamkorlik qilish yo’lidagi uzoq muddatli dolzarb vazifa bo'lib kelgan.
So'nggi yillarda BMTning O'zbekistondagi jamoasi ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilishga ko'maklashish va imkoniyati cheklangan insonlarning faolligini oshirish uchun doimiy ravishda texnik va moliyaviy yordam ko'rsatib kelmoqda. BMT jamoasi Imkoniyati cheklangan insonlar to'g'risidagi milliy qonunchilikni mustahkamlash va uni Konvensiya hamda tegishli xalqaro normalar va standartlarga muvofiqlashtirishda O'zbekiston hukumati va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. Shuningdek, biz ushbu Konvensiyani mamlakat miqyosida amaliy tatbiq etish sohasida milliy salohiyatni yaratish va imkoniyati cheklangan insonlar bo'yicha hamkorlikni targ'ib qilish maqsadida jamoatchilik xabardorligini oshirish ustida ishlamoqdamiz.
Hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik bo’yicha 2030 yilgacha mo’ljallangan dasturning asosiy prinsipiga muvofiq, BMT O’zbekiston jamoasi vaziyatni har tomonlama baholash va so'rov o'tkazish orqali ma'lumotlar yig’ish tizimi yaxshilanishini qo'llab-quvvatladi. Imkoniyati cheklangan insonlar bo'yicha milliy statistikani kuchaytirishga yo'naltirilgan harakatlarimiz aniq ma’lumotga asoslangan dastur ishlab chiqish va ijtimoiy yordamning aniq manzilini yaratish yo’lida kuchli dalillar bazasini yaratishga yordam berdi.
BMT O’zbekiston jamoasi Barqaror rivojlanish maqsadlari qo'shma jamg'armasi tomonidan moliyalashtirilgan BMTning Ijtimoiy himoya bo'yicha qo'shma dasturi orqali imkoniyati cheklangan insonlar boshchiligidagi mahalliy tashabbuslarni va imkoniyati cheklangan insonlar uchun kompleks ijtimoiy himoya va davlat xizmatlarini ko'rsatishda inson huquqlariga asoslangan innovatsion yondashuvlarni qo'llab-quvvatlamoqda.
Birlashgan millatlar tashkiloti jahon miqyosida barcha imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlarini to'liq ta’minlash umumjahon inson huquqlari va asosiy erkinliklarining ajralmas qismi deb hisoblaydi. BMT jamoasi O'zbekistonda BMTning Imkoniyati cheklangan insonlar huquqlari to'g'risidagi Konvensiyasi ijrosini amalga oshirishda har tomonlama qo'llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor.
Bundan tashqari, BMTning imkoniyati cheklangan insonlarni qamrab olish strategiyasiga muvofiq, biz ularning har qanday faoliyatida to'liq va teng ishtirok etishini doimiy ravishda rivojlantirishga intilamiz. Biz imkoniyati cheklangan insonlarning o’z hayoti uchun muhim qarorlar qabul qilib, jamiyatning faol a'zolari sifatida barqaror rivojlanish jarayoniga jalb qilinishini kengaytirish bo'yicha choralar ko'rish majburiyatini olamiz.