"Ushbu sayohat endi boshlanmoqda - UN100da ko'rishguncha!"
22 fevral 2021
O'zbekistondagi UN75 hikoyalari
Barqaror rivojlanish maqsadlari dasturi yakunlanishiga 10 yil vaqt qoldi. Bu Birlashgan millatlar tashkilotida dunyo davlatlari farovonlik va tinchlik yo'lida 2015 yilda kelishib olgan ulkan maqsadlar dasturidir.
O'zbekistonda Birlashgan millatlar tashkiloti va hukumat mamlakat rivoji uchun ustuvor yo'nalishlarni belgilab olishni maqsad qilgan. Ushbu tashabbus butun mamlakat bo'ylab minglab odamlarni jalb qiladi, ularga o’z hikoyalarini bayon qilishga va mamlakatlarida BMT qanday bo'lishi kerakligi haqida o'z nuqtai nazarlarini ifoda etishga imkon beradi.
BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi 5500 dan ortiq inson bilan, shu jumladan, qashshoqlikka yuz tutgan, sog'lig'i yomon ahvolga tushgan va shu kabi boshqa muammolarga duch kelgan fuqarolar bilan 49 ta turli muloqotlar o'tkazdi. Yana 35000 kishi UN75 so'rovnomasida qatnashdi.
Ulardan bir nechtasi 15 martda dastlabki holatlar qayd etilgan paytdan beri davom etayotganCOVID-19 va pandemiyadan xalos bo'lish zarurligi haqida gapirishdi.
Nilufar: Kelajak haqida qayg’uring
Nilufar – yolg'iz ona, universitet talabasi, Sog'liqni Saqlash Vazirligining viloyat bo’limi xodimi. U o'z hududida oziq-ovqat mahsulotlarini yig'ish va tarqatish bilan ko'ngilli ravishda shug’ullanadi.
"Ba'zida men o'zimdan “nega men hayotim va sog'lig’imni xavf ostiga qo'yib, bunday qilyapman?", deb so'rab qolaman. Ammo, har safar keksalarga, nogironlarga yoki muhtojlarga yordam bera turib, bu savolga javob topganimni his qilaman. Men o'qimishli, bir nechta tillarda gaplasha oladigan insonman. Do'stlarim mendan, “o'z xavfsizliging uchun nega ketmaysan?”, deb so’rashadi. Men esa, "agar men kabi odamlar ketsa, kelajak haqida kim qayg’uradi?”, deb javob qaytaraman. Hech kimni tashlab ketmaslik tushunchasi mening kelajakka bo'lgan ishonchimga to'liq mos keladi. Biz ko'proq hamkorlik qilishimiz, ko'proq e’tiborli bo'lishimiz va bir-birimizga yordam berishimiz kerak".
Rajab: Bu uzoq yo'l
Rajab O'zbekiston g’arbidagi 19 yoshli talaba. 13 yoshida u avtohalokatda oyog'idan ayrilgan.
"Avtohalokatdan keyin men chuqur tushkunlikni boshdan kechirdim, lekin oilam va qarindoshlarimning ko'magi bilan orzularimdan voz kechmaslikka qaror qildim hamda universitetga o’qishga kirish maqsadida astoydil o'qidim. COVID-19 dan oldin men har kuni do'stlarim bilan uchrashardim, biz soatlab suhbatlashardik. Hayot boshqacha edi. Endi esa karantin paytida do'stlarimni ko'rmaslik, ular bilan yuzma-yuz gaplasha olmaslik, izolyatsiyada o’tirish qiyin. Buning ustiga, karantin davrida ota-onam ikkalasi ham ishidan ayrildilar, bu esa kunlik xarajatlar uchun to'lov qobiliyatimizga ta’sir qildi. Kelajak yangi tibbiy imkoniyatlar, raqamli texnologiyalardan foydalanish, inson huquqlarini hurmat qilish va yoshlarning munosib bandligini ta'minlash bilan yangi imkoniyatlar yaratishi lozim. Bu uzoq yo'l, lekin yurishni davom ettirishimiz lozim. UN100 da ko'rishguncha! Tasavvur qilish qiyin, lekin men 2045-yilda 44 yoshga to'laman. Kelinglar, barchamiz hammasi yaxshi bo'ladi, deb kelajakka ishonaylik".
Muborak: Ularning kelajagi qanday bo'ladi?
COVID-19 ko'plab odamlarni, shu jumladan toshkentlik bank xodimasi 48 yoshli Muborakni ham o’z domiga tortdi.
“Iyul oyi boshida koronavirus bilan kasallanib, shifoxonaga yotqizildim. Shifoxonada yonimda ikki nafar keksa ayol ham bor edi. Mening tashvishim, toqatsizligim va tushkunligimga qaramay, umid qilish ijobiy fikrlash uchun yagona yo'l edi. Biz har doim bir-birimizga yordam berishga harakat qildik, quvonchli xotiralar va kelajak rejalari bilan o'rtoqlashdik. Ishonchim komilki, bu narsa bir-birimizga mehr-oqibat ko'rsatib, barchamizga tez sog’ayishga yordam berdi. Mehr bizni davoladi va umid chaqnadi. Farzandlarimga qarab, o'ylab qolaman: ularning kelajagi qanday bo'ladi? Ular o’ziga munosib ish topa oladimi? O’zbekistonda qonun ustuvorligiga rioya etiladimi va ekologik vaziyat ijobiy tomonga o’garadimi?”
Ruslan: Doimiy hayot tarziga qaytish biroz vaqt talab etadi
Ruslan toshkentlik 43 yoshli tadbirkor. 2020-yil Ruslan uchun ikkinchi o'g'lining tug'ilishi va yil davomidagi barcha rejalari, shu jumladan yangi avto ulovlar do'koni ochish rejasining barham topishi bilan yodda qoldi. Ruslan ishbilarmonlarning virtual hamjamiyatida faol bo'lib, O'zbekistondagi qariyalar uchun oziq-ovqat va dori-darmon sotib olishga ko’maklashdi.
“Mening biznes faoliyatim qulash arafasida edi, uyda qolish va yuzma-yuz muloqot qila olmaslik, ayniqsa ota-onamni ko'rmaslik ruhiy jihatdan qiyin edi. Biz ko'rinmas dushmanni (koronavirusni) mag'lub qilishimiz va bir-birimizga, ayniqsa qariyalarga mehribonlik ko'rsatib, qo'llab-quvvatlashimiz kerak. Ota-onam bilan so'nggi fotosuratim 2011-yilda olingan va men ular bilan ko'p vaqt o'tkazmaganim uchun endi o'zimni ayblayapman. Pandemiya meni ota-onamga yaqinlashtirdi, hammamizni kuchliroq qildi. Bo'shashishga hali erta. Doimiy hayot tarziga qaytish biroz vaqt talab etadi. Xalqaro hamjamiyat millatlar va odamlar o'rtasidagi birdamlikni kuchaytirishi va sog'liqni saqlash xizmatidan foydalanishning ustuvor yo'nalishini yaratishi lozim.”
Taraqqiyotni muvofiqlashtirish idorasi xodimi Paul VanDeCarr muharrirlik ko’magi bilan BMT Axborot xizmati mas’uli Anvar Meliboev tayyorladi.
Tomonidan yozilgan
Anvar Meliboev
UNIC
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha milliy maslahatchi