Birlashgan millatlar tashkiloti Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish yo’lidagi mintaqaviy hamkorlikni qo'llab-quvvatlaydi
BMT homiyligida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash bo'yicha xalqaro konferensiyada Birlashgan millatlar tashkilotining O'zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzerning BMT Markaziy Osiyodagi doimiy koordinatorlari nomidan qo'shma bayonoti.
Janoblar, Doktor Norov va Janob Starr, muhtaram ma'ruzachilar, xonimlar va janoblar, hamkasblar!
Birlashgan millatlar tashkilotining Markaziy Osiyodagi barcha davlat jamoalari nomidan men Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish yo’lidagi mintaqaviy hamkorlikni qo'llab-quvvatlashning amaliy misoli mavzusidagi ushbu yuqori darajali minbarda chiqish qilishdan mamnunman.
Avvalo, ushbu xalqaro konferensiyada bizni qabul qilgani va mintaqaviy hamkorlikka alohida ahamiyat bergani uchun O'zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu o'zaro manfaatli masalalar bo'yicha hamkasblarimiz bilan o'zaro faol muzokaralar olib borish hamda hukumat va boshqa sheriklar o'rtasida strategik hamkorlikka bevosita guvoh bo'lish uchun ajoyib imkoniyatdir. Bu bizning mintaqadagi ishimizda, yagona BMT sifatida va har bir mamlakatdagi rivojlanish bo'yicha milliy harakatlarda katta ahamiyat kasb etadi.
Kecha Prezident Mirziyoyev tomonidan va boshqa ko'plab bayonotlarda ta'kidlanganidek, Markaziy Osiyo sharoitida mintaqani rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari, xususan, barcha beshta mamlakatning ulkan islohotlar dasturlari belgilangan. Mintaqaviy hamkorlik va uyushqoqlik salohiyati ham ushbu dasturlardan kelib chiqqan.
Birlashgan millatlar tashkiloti mamlakatlarning mintaqaviy hamkorlikka bo'lgan e'tiborni kuchaytirishini olqishlaydi. Rivojlanishning ko'plab muammolari chegara tanlamaydi va ko'pchilik ta'kidlaganidek, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash orqali barqaror farovonlik, xavfsizlik va inson qadr-qimmati oshishiga erishish mumkin.
BMTning yaxshi tashkil etilgan mexanizmi Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi (UNECE) hamda Osiyo va Tinch okeani Iqtisodiy va Ijtimoiy Komissiyasi (ESCAP) tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturga (SPECA) alohida e'tibor qaratadi. Bu yil Markaziy Osiyo mintaqasi uchun Iqtisodiy Forum tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari va innovatsiyalarga e'tibor qaratilishi ham bejiz emas.
Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar 2030-yilgacha mo'ljallangan Rivojlanish dasturini qabul qildilar va endilikda Barqaror rivojlanish maqsadlarini milliylashtirish va mahalliylashtirish uchun yaxshi sharoit mavjud. BMT oilasi sifatida biz Barqaror rivojlanish maqsadlari ushbu mintaqa hukumatlariga rivojlanishning ulkan g'oyasini va shu bilan bog'liq islohotlarning ustuvor yo'nalishlarini shakllantirishda hamda xalqaro miqyosda kelishilgan maqsadlarni muvofiqlashtirishda ko'mak beruvchi noyob imkoniyatni taqdim etadi, deb hisoblaymiz.
Bugun mintaqa davlatlari o'rtasida, xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlari jadalligi va g’oyalaridan foydalangan holda BMT jamoasi kengaytirilgan hamkorlik imkoniyatlarini qanday ko'rishiga oid bir nechta misollarni ta'kidlamoqchiman.
Men mintaqaviy hamkorlik nuqtai nazaridan oltita masalaga to'xtalmoqchiman: zo’ravonlikkaasoslangan ekstremizmning oldini olish; inson huquqlari masalasi; transchegaraviy va xavfsizlik bo'yicha hamkorlik; savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish; falokatlar xavfini kamaytirish va "Yashil" Barqaror rivojlanish maqsadlari.
Zo’ravonlikka asoslangan ekstremizmining oldini olish:
Zo'ravonlikka asoslangan ekstremizmining oldini olish, shubhasiz, mintaqaviy ustuvor va xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan masaladir. Radikallashuvning, ayniqsa, yoshlar orasida tarqalishi tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot uchun haqiqiy tahdiddir.
BMT oilasi ushbu muhim vazifani hal etish uchun hukumatlar bilan hamkorlikda amaliy yechimlarini ishlab chiqmoqda va yuqori darajada ishlashga tayyor. Masalan, BMTTD ijtimoiy qayta integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan mintaqaviy loyihani ishlab chiqdi. Loyiha xavfsizlik, sud va ijtimoiy institutlarni radikallashgan shaxslardan, shu jumladan, vatanga qaytib kelgan xorijiy jangarilarni radikal g’oyalardan xalos qilish choralarini samarali amalga oshirishda qo'llab-quvvatlaydi.
Inson huquqlari:
Shuningdek, biz inson huquqlari, taraqqiyot va xavfsizlik masalalarini muvozanatlashtiradigan aniq yechimlarni izlashga ehtiyoj tobora ortib borayotganiga ishonamiz. Markaziy Osiyoda BMT inson huquqlari va institutlar o'rtasida mintaqaviy hamkorlikni qo'llab-quvvatlash bo'yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirishga intilmoqda. Hozirda biz mintaqadagi muloqot va imkoniyatlarni kuchaytirish, Markaziy Osiyo institutlari o'rtasida va undan tashqarida xalqaro va boshqa mintaqaviy tarmoqlar bilan mustahkam aloqalarni o'rnatish yo’lida kuchlarni birlashtirish uchun qulay vaqt deb o'ylaymiz. BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy Komissari boshqarmasi bilan hamkorlikda BMTning mintaqadagi guruhlari Markaziy Osiyo mamlakatlarining inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari o'rtasida mintaqaviy hamkorlikni qo'llab-quvvatlashni boshlaydi.
Chegaralararo va xavfsizlik bo'yicha hamkorlik:
Transchegaraviy hududlarda barqaror tinchlik va taraqqiyotni ta'minlash maqsadida yanada qulay muhit yaratish uchun BMT transchegaraviy jamoalar o'rtasida konstruktiv muloqotni qurishga e'tibor qaratmoqda. Chegara bo'ylab tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan Qirg'iziston va Tojikistonda amalga oshirilgan "Barqaror tinchlik va taraqqiyot uchun transchegaraviy hamkorlik" dasturi BMTning Tinchlik barpo etish jamg'armasi qo'llab-quvvatlagan bunday hamkorlikning yorqin namunasidir.
Ushbu dastur milliy infratuzilma va tabiiy resurslar bilan bog'liq bo'lgan ehtiyojlarni birgalikda hal qilish orqali transchegaraviy aloqalarni tiklash, hamkorlik va ishonchni ta'minlash yo’lida milliy va mahalliy hokimiyat idoralari, xavfsizlik va jamoat vakillari, yoshlar va ayollar bilan yaqin hamkorlik qiladi. Chegaraning har ikki tomonida joylashgan 40 mingga yaqin mahalliy aholi shu kungacha ushbu loyihadan foydalanib kelmoqda.
Shuningdek, Shveytsariya hukumati tomonidan qo'llab-quvvatlangan transchegaraviy hamkorlik tashabbuslari tojik-qirg'iz chegarasidagi jamoalar bilan hamkorlikda yoshlar va ayollar guruhlarining faol ishtirokida muammolarni birgalikda hal qilish mexanizmlarini yaratdi. Bu esa transchegaraviy jamoalarda tabiiy resurslardan foydalanish bo'yicha nizolarni yaxshiroq boshqarilishini ta'minlashga yordam berdi.
Chegaralararo hamkorlikning yana bir misoli - bu Afg'onistonning shimoliy viloyatlarida chegara boshqarish qobiliyatini va transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan BOMNAF II dasturidir. Loyiha transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirishga va jinoyatchilikni kamaytirish imkoniyatlarini yaxshilashga, shu orqali Afg'onistonning Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston bilan chegaralarida qonuniy savdo, sayohat va tijorat hajmini oshirishga qaratilgan. Bu dastur, shuningdek, o'zaro ishonch, mintaqaviy rivojlanish, nizolarni bartaraf etish va oldini olish, inson xavfsizligini ta’minlashga yordam beradi, shu bilan birga chegaraning har ikki tomonida iqtisodiy rivojlanishni kuchaytiradi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish:
Tengsizlikni kamaytirish va yashil ish o'rinlari va rivojlanishni rag'batlantirish Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy yo'nalishi bo'lib, Markaziy Osiyodagi asosiy ustuvor vazifadir. BMT bir qator mamlakatlarda mahalliy hududlarni rivojlantirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar va mintaqaviy iqtisodiy tarmoqlarni kuchaytirish, ayniqsa ayollar, yoshlar, zaif oilalar, nogironlar va chegara jamoalari kabi guruhlarga e'tibor qaratmoqda.
Ushbu sa'y-harakatlar Finlyandiya tomonidan moliyalashtiriladigan Markaziy Osiyodagi savdo-sotiq uchun yordam dasturi doirasida amalga oshiriladigan ko'p yillik rejalarimiz bilan bog'liq. 2009 yildan buyon ushbu dastur Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekistonda iqtisodiy rivojlanish uchun savdo-sotiqni shakllantirish, shuningdek, ayollarning ish bilan bandligi va tadbirkorligini rivojlantirishga yordam berib keladi. Bunday tashabbuslar mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun ko'plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Loyiha minglab tadbirkorlarni o'zlarining biznes ko'nikmalarini oshirish uchun qo'llab-quvvatladi hamda o'n minglab ishlab chiqaruvchilar qishloq xo'jaligi ma'lumotlari va marketing tizimining dasturlaridan foydalanishdi. Loyiha ayollarni maxsus kredit mahsulotlari bilan qo'llab-quvvatlash tadbirlari va gender tengligiga e’tibor qaratadi.
Bunga o’xshash ravishda, Qashshoqlikka barham berish va Atrof-muhitni muhofaza qilish tashabbusi (BMT Taraqqiyot Dasturi va BMT Atrof-muhitni muhofaza qilish Qo’mitasi qo'shma dasturi) qashshoqlik va xavfsizlikni hal qilish uchun yana bir muhim sa'y-harakat bo'lib, atrof-muhitni yaxshilaydigan va barqaror o'sishga olib keladigan boshqaruvni nazarda tutadi. Ushbu yondashuv iqtisodiy siyosat, rejalashtirish tizimlari va institutlari negizida iqtisodiy o'sish va ekologik barqarorlikni ta’minlaydi.
Hozirda ushbu tashabbus Tojikiston va Qirg'izistondagi dasturlarni to’liq qo'llab-quvvatlamoqda, ularga qashshoqlik bilan atrof-muhit o'rtasidagi aloqalarni milliy rivojlanish dasturiga qo'shishda ko’maklashmoqda. Ushbu loyihaning 2018 yilda ikki mamlakatdan tashqarida ham amalga oshirilishiga umid qilingan.
Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish;
Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish Barqaror rivojlanish dasturining va Sendai harakatlari doirasining asosi hisoblanadi. BMT tizimi milliy tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish salohiyatini oshirish, tabiiy va texnogen ofatlarning oldini olish, ularni yumshatish va ularga qarshi kurashishda mamlakatlarni qo'llab-quvvatlash uchun barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Masalan, USAID ko'magi bilan BMT Qozog'istonning bug'doy sektoriga moslashish jarayonini katalizatsiya qilmoqda, shu bilan birga Markaziy Osiyo oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog'liq iqlim o'zgarishi muammolari atrofida hukumat, xususiy sektor, ilmiy doiralar va nodavlat tashkilotlar bilan bog'liq tahliliy va siyosiy tavsiyalar bo'yicha mintaqaviy muloqotni yaratmoqda.
Olmaota shahrida Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo'yicha hukumatlararo markazning tashkil etilishi qo'shma hamkorlikning yana bir ko'zga ko'ringan natijasidir. Shuningdek, Sendai tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo'yicha harakatlar doirasida 2016 yili Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalarida birinchi mintaqaviy tuzilmaning yaratilishi, shu bilan birgalikda, mintaqada qo'shma harakatlar uchun mustahkam institutsional tizimlarga asos solinishi diqqatga sazovordir.
Iqlim o'zgarishiga ta'sirlar, shu jumladan tabiiy ofatlar biron bir davlatning chegaralari bilan bog'liq emas, shuning uchun BMT tizimi qo'shma harakatlarni rivojlantirishda davom etmoqda hamda Markaziy Osiyoda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, shu jumladan Orol dengizi inqirozining umuminsoniy va ekologik ta'siriga barham berish bo'yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga umid qilmoqda.
"Yashil" Barqaror Rivojlanish Maqsadlari:
Boshqa ma'ruzachilar ta'kidlaganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlari dasturi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi.
Mintaqada yashil Barqaror rivojlanish maqsadlariga integratsiya va siyosiy muloqotni takomillashtirish hamda muvofiqlashtirishni kuchaytirish orqali yanada samarali erishish mumkin. Ushbu konsepsiya Orol dengizi xalqaro jamg'armasi doirasida Markaziy Osiyoning beshta mamlakati vakillari va xalqaro manfaatdor tomonlar o'rtasida keng muhokama qilinganidan va kelishilganidan xursandmiz.
Xonimlar va janoblar!
Bularning barchasi BMTning mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan yaqin hamkorlikda ishlashiga misollardir.
So’zim oxirida yana bir bor ta'kidlamoqchimanki, biz Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun imkoniyatlar yetarli, deb hisoblaymiz.
Umid qilamanki, biz ushbu muhim voqealarni taqdim etish chog'ida konferensiyada aniq belgilangan o'zaro farovonlik va barqaror rivojlanish yo'lidagi hamkorlikning yanada kuchli ruhiga asoslanib, kengaytirilgan hamkorlik uchun yana qaysi sohalar ta'sir qilishi mumkinligi haqida fikr yuritishni rag'batlantira oldik.
E'tiboringiz uchun rahmat!