BMTning O'zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzerning bayonoti
03 oktabr 2017
BMT O'zbekistondagi vakolatxonasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentini BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasidagi konstruktiv va istiqbolli nutqi bilan tabriki
Prezident o'z nutqida 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasi va amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to'xtalib, tinchlik, farovonlik va inson manfaatlari hukumat islohotlarining negizida ekanini ta’kidladi. Bu BMTning ustuvor maqsadlari bo’lgan tinchlik va xavfsizlik, rivojlanish va inson huquqlari bilan hamohangdir. Biz Prezidentning inson huquqlarini himoya qilish ushbu islohotlarning muhim tarkibiy qismi ekanligini urg’u berib e’tirof etganidan mamnunmiz. BMT Prezident Harakatlar strategiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga to'liq mos kelishini va Bosh kotib Antoniu Guterrishning 2017 yil iyun oyidagi tashrifi natijasida ishlab chiqilgan BMT-O'zbekiston hamkorligi bo'yicha Yo'l xaritasini amalga oshirishga bel bog’laganini ta’kidlaganidan minnatdor. Prezident shuningdek, ko’plab muammolar, jumladan suv resurslaridan to’g’ri foydalanish, ekstremizmga qarshi kurash, Orol dengizi inqiroziga yechim topish va Afg'onistondagi vaziyatni yaxshilash uchun xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga tayyorligini bildirdi.
Ushbu bayonotlarning barchasi O'zbekistonning Birlashgan millatlar tashkiloti Nizomida belgilangan umumbashariy qadriyatlarga sodiqligidan nishona. Shuningdek, nutqda Prezidentning umumiy muammolarni tinch yo'l bilan hal etishga erishish uchun ikki tomonlama va ko'p tomonlama hamkorlik yo'lini davom ettirishga intilishi hamda farovon, barqaror va adolatli jamiyat qurish istagi o’z aksini topgan.
1993 yildan beri BMT O'zbekiston hukumatini rivojlanishning milliy ustuvor yo'nalishlarini amalga oshirishda qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Biz Barqaror rivojlanish maqsadlari va Harakatlar startegiyasi doirasida BMT va O’zbekiston hukumati o’rtasidagi hamkorlikdan mamnunmiz.
Mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda Birlashgan millatlar tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi hukumatni mamlakat fuqarolari uchun faravon hayot negizlarini yaratishda qo’llab-quvvatlashga doim tayyor.