Ushbu tadbir davomida anjumanga taklif qilingan milliy inson huquqlari institutlari vakillari, boshqa davlatlarning Ombudsman vakolatxonalari Parij prinsiplariga muvofiq ishlash bo'yicha o'zlarining eng yaxshi tajribalari bilan o'rtoqlashgan holda sermazmun bahslar o'tkazdilar. Mutaxassislar va fuqarolik jamiyati vakillari inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlar fuqarolik jamiyati bilan yaqin hamkorlikda o'z vazifalarini qanday bajara olishlari borasida o’z fikrlarini bildirdilar. Ombudsman idorasi faoliyati yanada faol va innovatsion bo'lishi mumkinligi to'g'risida juda ko'p tavsiyalar va g'oyalar almashildi.
Bu yil barchamiz uchun qiyin yil bo'ldi. Biz faqat inson huquqlari normalarini to’g’ri qo'llash orqaligina barchamiz uchun teng imkoniyatlar yaratib, COVID-19 ko’rsatib bergan mavjud kamchiliklarni bartaraf etishimiz hamda dunyoning barcha mamlakatlarida saqlanib kelinayotgan tizimli va avlodlararo tengsizliklar, tahqir va kamsitishlarga qarshi kurashishimiz mumkin.
BMT jamoasi Ombudsman idorasini O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy ishtirokchilardan biri sifatida qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Bola huquqlari bo'yicha Ombudsmanni tayinlash va majburiy karantin muassasalaridagi shaxslarning huquqlarini himoya qilish kabi ko'plab tavsiyalar amalga oshirildi. Yunusova xonimning uy-joy va majburiy ko'chirish huquqi bilan bog'liq ishlar bo'yicha ommaviy aralashuvi, uning Sardoba to'g'oni yorilishi qurbonlari bilan hukumat tomonidan ularning huquqlari qanday ta'minlanayotganini baholash uchun o’tkazgan suhbatlari Inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqlarini himoya qilishi namunasidir. Ushbu tadbir fuqarolik jamiyati ishtirokida va birgalikda amalga oshirilganligi ham diqqatga sazovordir.
Qiynoqlarning oldini olish uchun Ombudsmanning barcha ozodlikdan mahrum qilish joylariga profilaktik kuzatuv tashriflari amalga oshirish huquqi BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Ixtiyoriy bayonnomasini ratifikatsiya qilishga yo'l ochib beradi. Ishonchim komilki, agar Ombudsman Parij prinsiplariga muvofiq o'z rolini bajarishda davom etsa hamda parlament va hukumatga nima uchun ratifikatsiya masalasi ertaroq ko'rib chiqilishi kerakligi to'g'risida ishonchli dalillarni taqdim etsa, ushbu muhim xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish muvaffaqiyatli amalga oshadi. BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Ixtiyoriy bayonnomasini ratifikatsiya qilish O'zbekistonda inson huquqlari bo'yicha olib borilayotgan islohotlarning yana bir namoyishi bo'lib, inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani amalga oshirishga yordam beradi.
Umid qilamanki, biz imkoniyati cheklangan insonlarning yopiq muassasalardagi huquqlari va ularning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini monitoring qilish va himoya qilish bo'yicha hamkorligimizni kengaytiramiz. Shuningdek, ma'lumotlarni to’plash va kamsitish amaliyotiga barham berishda hukumat bilan birga ishlaymiz. Ishonchim komilki, Ombudsman BMTning Imkoniyati cheklangan insonlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilish bo'yicha tashviqotni davom ettiradi. Ushbu inson huquqlari to'g'risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish, shuningdek, inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiya va uning Yo'l xaritasiga ham kiritilgan.
2021-yil dunyo COVID-19 ga qarshi emlash dasturini amalga oshirishni boshlaydigan yil bo'lib, vaksinani yetkazib berishda adolatni ta’minlash, birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va jamiyatimizning eng zaif a'zolariga yetkazib berish inson huquqlari kun tartibida birinchi o'rinda turadi. Ombudsman idorasi ushbu muhim masalani kuzatish va hisobot berishda muhim rol o'ynashi lozim.
Rivojlanish sababi bilan aholini ko'chirishga olib keladigan shaharsozlik ishlari Ombudsmanning diqqat-e'tiborini talab qiladigan yana bir strategik mavzudir. Huquq egalari ko'chirish holatlarida o'z huquqlarini himoya qiladigan ishonchli sheriklari borligini bilishlari kerak.
Ombudsman idorasining o'ziga xos vakolati janob Muhammadiyev va Yunusova xonimga inson huquqlarini targ'ib qilish va himoya qilishda davlat hokimiyati organlari uchun strategik va teng huquqli sherik sifatida hukumat va fuqarolik jamiyati o'rtasidagi muloqotning tashkilotchisi, aholining ijtimoiy ko’makka muhtoj qatlami himoyachisi bo’lish, adolatsizliklarga oydinlik kiritish hamda inson huquqlariga muvofiq amaliyot va qonunlarni ilgari surishi mumkin bo'lgan mustaqil qo'riqchi bo'lish huquqini beradi.
BMT jamoasi Ombudsman vakolatxonasiga yetarli resurslar ajratish, idoraning mustaqilligini himoya qilish, uning faoliyati ochiqligini ta'minlash, inson huquqlari monitoringi va tashviqotiga faol yondashuvni qo’llab-quvvatlashda davom etadi.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi, milliy institutlar, fuqarolik jamiyati va Ombudsman idorasi kun tartibidagi 2030 yilgacha bo’lgan umumiy global maqsadlarimizga erishish uchun hamkorlikda ishlashni davom ettirishlari kerak.
So’zim oxirida, janob Muhammadiyev va Yunusova xonimga barcha mehnatlari uchun tashakkur deyman hamda Parij prinsiplariga muvofiq o'z vakolatlarini bajarishda davom etishida BMT jamoasi ularni qo'llab-quvvatlashini bildiraman!