Yevropa, Markaziy Osiyo va boshqa hududlarda qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat tizimini bosqichma-bosqich o'zgartirish
Shu yil 2-noyabrdan 4-noyabrgacha BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) Yevropa mintaqaviy konferensiyasining 32-sessiyasini o‘tkazadi.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) a'zolari qishloq xo'jaligi tizimlarini yanada barqaror va uzviy rivojlantirish maqsadida ularni mintaqaviy va global miqyosda qanday o'zgartirish lozimligi haqida o‘zaro muhokama qilish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ning Yevropa mintaqaviy konferensiyasitashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha a'zolari uchun ochiqdir. Lissabondan Vladivostokgacha va Arktika chegarasidan Markaziy Osiyoning Pomirtog'larigacha cho'zilgan mintaqa keng va xilma-xil bo'lib, uning oziq-ovqat tizimlari sezilarlidarajada farq qiladi.
Hatto COVID-19 pandemiyasidan oldin ham, qishloq xo'jaligi oziq-ovqat tizimlarining barqarorligi xavf ostida edi. Bunga sabab sifatida esa aholi orasida semirib ketishning ko‘payishi (Yevropadagi katta yoshli aholining qariyb 23 foizi va Markaziy Osiyoda 18 foizi), yuqumli bo'lmagan kasalliklarning ortishi, shuningdek, ba'zi mamlakatlarda kam ovqatlanish va mikroelementlar yetishmasligining oshishi ko'rsatilgan.
2021 yilgi BMTning Oziq-ovqat tizimlari Sammiti munosabati bilan ushbu konferensiya asosiy mavzusi Yevropa va Markaziy Osiyoda barqaror oziq-ovqat tizimlari va sog'lom ovqatlanish masalalariga bag'ishlanadi. Munozaralar ovqatlanish va barqaror oziq-ovqat tizimlarining holatini belgilash, o'zaro bog'liqliklarni aniqlash va mintaqadagi muammolar va imkoniyatlarni aniqlashga qaratiladi.
Pandemiya ovqatlanishning umumiy holatiga katta ta'sir o'tkazdi. Oziq-ovqat yetishmasligi hollari kuzatilmagan bo'lsada, iqtisodiy tanazzul va ish joylarining qisqarishi odamlarning to'yib ovqatlanish va sog'lom hayot kechirishlariga tobora ko'proq to'sqinlik qilmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning mintaqaviy tarmoqlari, pandemiya va unga qarshi kurash choralariga qaramay oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va yig'ishni davom ettirishga katta kuch sarflagan dehqonlarning sa‘y-harakati tufayli yaxshi ishlamoqda. Yevropa va Markaziy Osiyoda ko'plab fermer xo'jaliklari va fermerlar o'z xarajatlarini shaxsiy jamg'armalari yordamida uy xo'jaliklarining yashash mablag‘lari hisobidan to'lashlari haqida xabar berishgan hamda ularning 85 foizi omon qolish hukumatning xarajatlarni qoplashda davomiy yordamiga bog'liqligini ta'kidlashgan.
Shu nuqtai nazardan, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarning ehtiyojlarini qondirish va qishloq xo'jaligi oziq-ovqat tizimlarining barqarorligini yaxshilash uchun tegishli siyosat va davlat-xususiy sheriklik dasturi zarurdir. Oziq-ovqat xavfsizligi, biologik xilma-xillikni saqlash va raqamli innovatsiyalar kabi tegishli masalalar mintaqaviy konferensiya kun tartibidan o'rin oladi.
Sun'iy yo'ldosh tasviri, masofaviy sensorlar, mobil va blokcheyn ilovalari kabi raqamli texnologiyalar kichik fermerlar va iste'molchilar uchun inqilobiy o'zgarishlarni va'da qilmoqda. Ular oziq-ovqat tarmoqlarini optimallashtirishga, bozorlarga kirishni ko'paytirishga, oziq-ovqat isrof bo‘lmasligi va chiqindilarni kamaytirishga, suv boshqaruvini yaxshilashga hamda zararkunandalar va kasalliklarga qarshi kurashishga yordam berishi mumkin.
Ammo Yevropa va Markaziy Osiyo o'z muzokaralarini mintaqaviy doira bilangina cheklamasligi lozim. Mintaqa butun dunyo bo'ylab barqaror rivojlanishni rag'batlantirish uchun bebaho bilim va tajribaga ega. Yevropa davlatlarining moliyaviy ko'magi Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasining rivojlanayotgan mamlakatlarida ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etadi.
COVID-19 dan oldin 2019 yilda dunyo bo'ylab deyarli 690 million odam to'yib ovqatlanmagan. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ning so'nggi hisob-kitoblari shuni ko'rsatadiki, pandemiya ular qatoriga dunyo bo‘ylab yana 132 milliongacha insonni qo'shishi mumkin. Bundan tashqari, qariyb 4.5 milliard odam o'zi va oilasini boqishi uchun qishloq xo'jaligi tizimiga bog'langan.
Pandemiya 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari dasturining asosiy tamoyili – hech kimni e‘tiborsiz qoldirmaslik muhimligini ko‘rsatdi. Hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar va boshqa tegishli guruhlar har qachongidan ham yaqinroq hamkorlikda vazifalarni hal etishlari va qiyinchiliklarni yengib o'tishlari lozim.
Mustahkam hamkorlik BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ning barqaror qishloq xo'jaligi tizimlarini rivojlantirish va oxir-oqibat ochlik va qashshoqlikni tugatish tashabbuslari asosidir. Xususiy sektorni jalb qilishning yangi strategiyasi orqali BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash va kengaytirish, investitsiyalarni rag'batlantirish, ilmiy tajribani safarbar etish, umumiy resurslar, tarmoqlar, bilimlar va texnologiyalar asosida Barqaror rivojlanish maqsadlari monitoringi uchun ma'lumotlar ishlab chiqish bo'yicha xususiy sektor bilan hamkorlik qilishni maqsad qilgan.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO), shuningdek, huquqiy asoslarni takomillashtirish, tegishli siyosatni yo'lga qo'yish va oziq-ovqat hamda qishloq xo'jaligi sohalarida ushbu siyosatni amalga oshirish uchun resurslarni taqsimlash bo'yicha strategik sheriklar sifatida butun dunyodagi parlamentlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
Pandemiya boshlanishidan oldin BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) "Qo'lni-qo'lga berish tashabbusi" ("Hand-in-Hand Initiative") ni ishga tushirgan bo'lib, uning maqsadi donorlik qiluvchi va yordam oluvchi mamlakatlarni birlashtirib, innovatsiyalar, investitsiyalar, institutsional o'zgarishlar, qishloq xo'jaligini o'zgartirish va qishloqlarning barqaror rivojlanishini ma'lumotlarga asoslangan holda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Tashabbus zamonaviy texnologiyalarga asoslanadi, masalan, asosiy ma'lumotlarni yetkazib beruvchi "Hand-in-Hand Geospatial Platform" geografik platformasi hamda noan'anaviy ma'lumotlar manbalari, katta ma'lumotlarni birlashtirgan statistik innovatsiyalar "Data Lab" laboratoriyasi sun'iy intellekt va qaror qabul qilish jarayonida foydalaniladi. Allaqachon 29 mamlakat ushbu tashabbus ishtirokchisi hisoblanadi va yana shuncha davlat kelgusi oylarda qo'shilish istagini bildirgan.
Pandemiyaga javoban BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) global, mintaqaviy va mamlakat darajasida ta'sir ko'rsatish uchun keng qamrovli va yaxlit COVID-19 ga qarshi kurash va qutqaruv dasturini ishlab chiqdi. Bu dastur BMTning "o'zgartirish uchun bunyod etish" yondashuviga muvofiq bo'lib, turli manfaatdor tomonlar bilan yaqin hamkorlikda oziq-ovqat tizimlari va turmush tarzining uzoq muddatli barqarorligini mustahkamlash bilan birga, bevosita ijtimoiy-iqtisodiy ta'sirlarni yumshatishga qaratilgandir. Agar biz COVID-19 pandemiyasidan keyin tezroq tiklanishni va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni istasak, biologik xilma-xillikni saqlab qolishimiz, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishimiz hamda tabiat bilan o'zaro munosabatlarda zaruriy o'zgarishlarni amalga oshirishimiz lozim.
5-noyabr kuni BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) Oziq-ovqat Koalitsiyasini rasman ishga tushiradi, bu COVID-19 ga qarshi kurashish va qutqarish dasturini qo'llab-quvvatlovchi resurslar, tajriba va innovatsiyalarni safarbar qilishga qaratilgan ko'p tomonlama va ko'p tarmoqli mexanizmdir. Oziq-ovqat Koalitsiyasi mamlakatlar o'rtasida muloqotni, bilim va tajriba almashishni rag'batlantirish va hal qilishga yo'naltirilgan harakatlar rejasini ishlab chiqish orqali bizning hamkorlik va himoyamizni kengaytiradi. Italiya va boshqa asosiy hamkorlar tomonidan ishlab chiqilgan Oziq-ovqat Koalitsiyasida 40 ga yaqin mamlakat allaqachon faol ishtirok etish istagini bildirganini ko'rishdan mamnunman.
2020 yil davomida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) oziq-ovqat mahsulotlarining qiymat zanjirlarini saqlab qolish tarafdori bo'lib, faqat mamlakatlar erkin hamkorlik va savdo qilsagina, bu inqirozni yengib o'tish mumkinligini ta'kidladi. Bu mintaqadagi ko'plab davlatlar qishloq xo'jaligi oziq-ovqat savdosi siyosatini yaxshilashga harakat qilmoqdalar va biz ularni bu yo'lda davom etishga chaqiramiz.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ning 75 yilligini bir necha kun oldin nishonladik. Bu katta tarixiy yutuq va mas’uliyat bo'lib, u hamma uchun to'yimli oziq-ovqat yetkazilishini ta'minlash va ochlikni butunlay yo'q qilish majburiyatini mustahkamlaydi.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) ning Yevropa mintaqaviy konferensiyasi 32-sessiyasi bu majburiyatni amalga oshirish uchun muhim qadamdir.
Yangi g'oyalar, mustahkam sheriklik va ishlab chiqarish to’yib ovqatlanish, atrof-muhit va hayotning umumiy maqsadlari yo'lida ishlashning yangi usullaridir.