Porloq kelajak yaratish uchun kodlashni o’rganayotgan ikki opa-singil
08 mart 2019
Opa -singillar Nastarin va Sevinch Mahmudovalar texnologiyaga begona emas, ular yoshligidan raqamli sohaga qiziqishgan.
"Bolaligimdan kodlashni yaxshi ko'rardim. Bu men uchun juda qiziq tuyulardi. Bizning dasturchi qo'shnimiz bor edi, menga kodlashni u o'rgatgan", deydi 17 yoshli Sevinch. U vaqtlarda Sevinch 12 yoshda edi va uning fan va texnikaga bo’lgan qiziqishi aynan o'sha yillardan o'sib borgan.
Sevinch va uning singlisi IT sohasida o'zlarining bilimini oshirish uchun qizlar o'rtasida butun dunyo bo'ylab o'tkaziladigan texnologik tanlovning bir qismi bo'lgan "Technovation Uzbekistan" haqida eshitganlarida, bu o’zlari uchun imkoniyat ekanini angladilar. Ular yaratmoqchi bo'lgan ilovasi – Daun sindromi tashxisi qo'yilgan bolalar oilalariga yordam beruvchi mobil dastur haqida allaqachon aniq tasavvurga ega edilar.
Sevinch va Nastarinning ukasi Ahmadjon yetti yil oldin Daun sindromi bilan tug'ilgan, bu kasallik intellektual nogironlik, aqliy sustkashlik va zaif mushaklar bilan bog'liq darddir.
"Ukam tug'ilgan vaqtlarda biz bu kasallik haqida deyarli hech qanday ma’lumotga ega emasdik. Shuning uchun ham bu ota-onam uchun dahshatli bir tush kabi edi. Asabiylik va xavotirdan qutulish qiyin bo’ldi. Ijtimoiy tomondan ham bu holat biz uchun og’ir kechgan", deya eslaydi 18 yoshli Nastarin.
Opalarining ikkisi ham Ahmadjonni yaxshi ko'rishadi, unga uy vazifalari va rasm chizishda hamda boshqa sevimli mashg'ulotlarida yordam berishadi.
Dam olish kunlari ular ukasi bilan iloji boricha ko'proq vaqt o'tkazishga, muzeylarga, savdo markazlari va kafelarga borishga harakat qilishadi. Ular ukasini tabassum va kulgiga solib, quvlashib o'ynab suratga tushishadi.
Sevinch va Nastarin Ahmadjon uchun nimadir qilishni xohlab, Toshkentda o’tkazilgan Technovation Challenge 2018 da Daun sindromi mavzusini o'z chiqishlari markaziga aylantirdilar.
Ularning "Sun Child" deb nomlangan ilovasida amerikalik professorlar tomonidan ishlab chiqilgan Daun sindromi bo'lgan bolaning qaysi rivojlanish bosqichida ekanligini aniqlashga yordam beradigan so'rovnoma mavjud. Shuningdek, ilova tarkibiga Daun sindromi bo'yicha videofilmlar va kerakli shifokorlarni topishga yordam beradigan maxsus bo'limlar kiritilgan.
Yangi texnologiyalarni yaratish nafaqat kodlash, balki biznes rejalar ishlab chiqishdir. Xorijiy tillarni o’rganishni yaxshi ko'radigan Nastarin "Technovation Challenge" da o'zining mobil ilovasi uchun biznes reja yozgan.
"Bu men uchun juda qiziq edi ... bu mening ko'zga ko'rinmas iste'dodlarimni ochib berdi. Kelajakda o'z biznesimni boshlashni juda xohlayman", deydi u.
"Technovation Challenge" da 14-18 yoshli 150 nafar yosh qizlar qatnashdi. Ushbu tadbirga texnologiyalar, sanoat va biznesga ixtisoslashgan Toshkent shahridagi Inha Universiteti mezbonlik qilishi ularning ko'plari uchun ilhom manbai bo'ldi.
Shaxzoda Sattorova 18 yoshda bo’lib, tanlovning ishtirokchisi va hozirda universitetning birinchi kurs talabasi.
Uning ilovasi odamlarga ko'chaga tashlangan axlatni suratga olish va uni axlat yig'adigan tegishli tashkilotga yuborish imkonini beradi.
“Men texnologiyalardan umuman bexabar edim. O'sha paytlarda men hatto kodlashni ham bilmasdim. Odamlar nima uchun bunday qilishlarini va bugungi kunda bu kasb nima uchun bu qadar zarur ekanini ham aniq tushunmaganman. Keyin esa men unga tobora ko'proq sho'ng'idim ... bu menga o'zimni butun jamiyat uchun foydali inson ekanimni his qilishga yordam berdi. Bu juda ajoyib tuyg'u", deydi Shahnoza.
O'nlab yillar davom etgan avtoritar tuzumdan so'ng, O'zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda rivojlanish, sarmoyalar va texnologiyalar bilan shakllanadigan porloq kelajakka o'tish islohotlarini boshladi. Texnologiyalar korrupsiyani tezroq yo'q qilish uchungina emas, balki ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun ham mamlakatning kelajak chiptasi sifatida namoyon bo'lmoqda.
Texnologiyalar sohasidagi ayollarga e'tibor oshmoqda. Bilimlar almashinuvi va malaka oshirishga qaratilgan Silikon vodiysidagi TechWomen guruhi 2019-yilda ayollar va qizlar uchun bir haftalik o'quv dasturlarini o'tkazish uchun O'zbekistonni ikki mamlakatdan biri sifatida tanladi.
Ushbu harakatni qo’llab-quvvatlash uchun 2017-yilda BMT Taraqqiyot Dasturi va BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi yosh ayollarni ijtimoiy foydali dasturlar yaratishi uchun ilk marotaba Toshkentda "Technovation Challenge" tadbirini o'tkazdilar. Bu tadbir har yili davom etib kelmoqda.
Loyihaning akademik hamkori hisoblangan Inha Universiteti qizlarga texnologiya sohasida ustuvor ahamiyat bermoqda, natijada innovatsion sohalarda talaba qizlarning soni 30 foizga oshdi. "Keyingi o'n yil ichida 500-700 ming nafar yoshlar birinchi marta mehnat bozoriga kirishadi", deydi universitet bosh menejeri Hilola Sulaymanova. "Iqtisodiyot buni tezda o'zlashtira olmaydi, shuning uchun yoshlarni mavjud mehnat bozorida yangi mehnat qobiliyatiga ega bo’lishini ta’minlash juda muhimdir. Kodlash va texnologiya o'g'il bolalar uchun mo'ljallangan, degan tushuncha gender tengligiga erishish uchun ham to’siqdir".
Sevinch va Nastarin uchun bu sevgan mashg’ulotlari bilan shug'ullanish imkonidir. Ota-onalari ularni doim qo'llab-quvvatlaydi.
"Bizni ilhomlantiruvchi kuch – bu bizning ukamiz. Uni ko'rganimizda xursand bo'lib ketamiz. Biz undan kuch olamiz va u uchun nimadir yarata olganimizdan mamnunmiz", deydi Sevinch g'urur tuyib.
Tomonidan yozilgan
Anvar Meliboev
UNIC
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha milliy maslahatchi