Milliy muloqot: "Rahbarlik lavozimlarida ayollar: COVID-19 doirasida teng huquqli kelajakka erishish". BMT doimiy vakili Helena Freyzerning bayonoti
03 mart 2021
Xush kelibsiz va bugungi tashkilotchilarga: Milliy gender komissiyasi, BMT agentliklari, YeTTB va Jahon banki uchun katta minnatdorchilik bildiraman.
Fuqarolik jamiyatining ko'plab vakillari ushbu tadbir doirasida bizning safimizga qo'shilganini ko'rishdan mamnunman. Ular orasida taniqli mansabdor shaxslar, masalan, vazir Shermatov, vazir Xusanov va vazir o'rinbosari Toshqulov bor.
Bugun biz COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda keng qamrovli tiklanish va yanada teng huquqli kelajakni shakllantirish yo'lidagi butun dunyo ayollari va qizlarining ulkan sa'y-harakatlarini e’tirof etamiz.
O'tgan hafta Inson huquqlari bo'yicha kengashning ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta'kidlaganidek, COVID-19 pandemiyasi ayollar va qizlarga nisbatan turli ko’rinishdagi kamsitishlarni yanada kuchaytirgan.
U sog'liqni saqlash va ta'lim sohasidagi asosiy ishchilar bo'lgan ayollarga nisbatan bosimning, shuningdek, ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonliklarning keskin o'sishini ta'kidlab, "inqiroz ayollar tashvishini aks ettirdi", dedi. Ayollar ko'proq o’z ishidan ayrildi va ko'proq qashshoqlikka tushib qoldi.
Butun dunyoda COVID-19 ning ta’siri mislsiz, u gender tengligi va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi so'nggi yutuqlarni yo’qqa chiqarishi mumkin.
Bugungi tadbir ushbu xavfni tan olish va uni kamaytirish borasida O'zbekistondagi harakatlarni birlashtirish bilan bog'liqdir.
Shu sababli BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi uchun eng muhim ustuvor vazifa hukumat, fuqarolik jamiyati va rivojlanish bo'yicha sheriklar bilan gender tengligi maqsadlariga erishishda pandemiyaning salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha hamkorlikda ishlashdir.
Xonimlar va janoblar!
Ikki yarim yil oldin hukumat 16 ta barqaror rivojlanish maqsadlarini va 2030 yilga qadar erishilishi kerak bo'lgan 127 ta milliy maqsadlarni qabul qildi.
Gender tengligi to'g'risidagi Barqaror rivojlanish maqsadlari 5-bandi bo'yicha O'zbekiston quyidagilarni o'z zimmasiga oldi:
Hamma jabhada ayollar va qizlarga nisbatan kamsitilishning barcha turlarini tugatish;
Davlat va xususiy sektorda ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlikning barcha turlarini yo'q qilish;
Jamiyat hayotida ayollarning to'liq va samarali ishtirokini, barcha darajada yetakchilik uchun teng imkoniyatlarni ta'minlash;
Davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tengligi tamoyillarini to'liq aks ettirish.
Barcha jabhalarda o’zgarishlar salmoqli bo‘ldi, ammo hali ko'p ish qilinishi lozim. Pandemiya ushbu yutuqlarni yo‘qqa chiqarishiga yo'l qo'ymasligimiz kerak.
BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi ayollarning imkoniyatlarini oshirish va gender tengligiga erishish uchun qonuniy va siyosiy asos – Milliy gender tengligi strategiyasi loyihasini ishlab chiqishni qo'llab-quvvatlaganidan faxrlanaman. Ushbu strategiya harakatlar rejasi va mustahkam byudjet asosida qabul qilinishini kutmoqdamiz. Bu strategiya milliy gender tengligi maqsadlari bo'yicha ulkan yutuqlarga erishish uchun kuchli turtki beradi.
Shuningdek, men BMTning Milliy gender komissiyasi bilan hamkorligi ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlik to'g'risidagi yangi qonun ijrosini kuchaytirish, ayniqsa, oilaviy zo'ravonlikdan aziyat chekkan ayollarga uning ta‘sirini kamaytirishga qaratilganligini e'tirof etaman. Biz huquqni muhofaza qilish, sog'liqni saqlash, ruhiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, shu jumladan boshpana bilan ta’minlash va ishonch telefonlarini yo’lga qo’yish kabi sohalarda milliy standartlarni ishlab chiqishga yordam berdik. Bu xizmatlarni kuchaytirish bo'yicha keyingi ishlar uchun yaxshi asos yaratadi. Shuningdek, men hukumatning jamiyatda gender zo'ravonligining tarqalishi bo'yicha so'rovnoma o'tkazish, dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishni kuchaytirish uchun bo‘lgan qiziqishlarini mamnuniyat bilan e’tirof etaman. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari va ushbu hodisaga befarq bo‘lmagan jurnalistlar va bloggerlarning fidoyiligini qutlayman.
O'tgan hafta men Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Xotin-qizlar maqomi bo’yicha qo'mitaning Markaziy Osiyo subregional maslahat yig‘ilishida ishtirok etdim. Asosiy xulosalarimdan biri shu bo‘ldiki, ayollar jamiyatning turli bo’g’inlari, tashkilotlarida kam vakilga ega ekanligidan aziyat chekmoqda. Qaror qabul qilish jarayonida ayollar hamda qizlarning ishtirok etishi ularning siyosiy va ijtimoiy ehtiyojlarini samarali qondirish uchun juda muhimdir.
O'zbekiston ayollarning qonun chiqaruvchi va boshqa sohalardagi vakolatlarini oshirdi. Shunga qaramay, hukumatning barcha darajadagi rahbarlari, ijro etuvchi lavozimlar gender tengligi asosida tayinlansa taraqqiyot tezroq bo'ladi. Bu narsa jamiyatga umumiy foyda keltirishi mumkin. Men Xalq ta'limi vazirligida bu boradagi muhim yutuqlar to'g'risida eshitishdan mamnunman.
Shu o’rinda majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha amaliy faoliyatni ham e‘tirof etmoqchiman. Bu O'zbekistondagi ayollar hayotiga sezilarli ijobiy ta'sir ko'rsatdi, chunki majburiy paxta terimida ayollar ko'proq ulushga ega edi.
Barqaror o’sishga erishish uchun ayollarning fikrlarini tinglash juda muhimdir. Fuqarolik va xotin-qizlar tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazish, himoya qilish, yordam olish va huquqlarning buzilishi to'g'risida hisobot berish imkoniyatini oshirish muhim ahamiyatga ega. Mavjud kamsituvchi amaliyotlar va eskirgan ijtimoiy me'yorlarni bartaraf etish va ularni yengish bo'yicha birgalikdagi hamkorligimizni kengaytirishimiz lozim.
Biz istagan dunyo – bu kuch va huquq tengligiga asoslangan dunyodir. Yaxshi dunyoni barpo etish uchun ayollar qaror qabul qilish markazida erkaklar bilan birga ishtirok etishlari lozim.
BMT jamoasi barcha hamkorlar bilan gender tengligi va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan har bir ishda hamkorlik qilishga tayyor.
Qadrli do'stlar!
O'tgan bir yil ichida men butun O'zbekiston bo'ylab juda ko'p jasur ayollar bilan uchrashdim: hamshiralar va shifokorlar, Yuqori Chirchiqda muhtojlarning muammolarini yoritayotgan jurnalistlar, bozorlarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berayotgan fermer ayollar, maktab o'qituvchilari, onlayn yoki televizor orqali jonli ravishda ta'lim berayotgan o’qituvchilar, oziq-ovqat va dori-darmon tarqatadigan yosh ko'ngillilar, shular jumlasidandir.
Bugun keling, butun mamlakat bo'ylab yuz minglab ushbu oddiy, ammo fidokor ayollarni: sog'liqni saqlash xodimlari, tarbiyachilar, o'qituvchilar, tadbirkorlar, ijtimoiy soha vakillari, bloggerlar, ko'ngillilar va zaif qatlamni himoya qilish hamda qo'llab-quvvatlash uchun tinim bilmay mehnat qilganlarni birgalikda olqishlaylik.
Biz intilayotgan dunyo – bu sizning ovozingiz eshitiladigan dunyodir!