Hamkasblar, xonimlar va janoblar!
Birlashgan millatlar tashkiloti jamoasi nomidan men Tanzila Narbayevani bu yilgi 16 kunlik "Gender asosida zo'ravonlikka qarshi faollik" targ’iboti boshlanishi bilan qutlayman.
Kecha, Xalqaro ayollarga nisbatan zo'ravonlikni yo'q qilish kuni har yilgi 16 kunlik faollik global targ’ibotini boshlab berdi.
Biz ushbu voqeani birinchi marotaba onlayn tarzda nishonlayotgan bo'lsak-da, men ko'plab ishtirokchilarni ko'rganimdan juda xursandman. Bu sizning birdamligingizning namoyishi bo'lib, genderga asoslangan zo'ravonlikdan holi dunyoga erishishda katta qadamdir.
Ayollarga nisbatan zo'ravonlik yangilik emas, afsuski. Ammo COVID-19 pandemiyasi davrida u yana sezilarli darajada kuchaydi. Ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlik, xususan, oiladagi zo'ravonlik to’g’risida murojaatlar ko'paygan.
Uylarida qamalib qolgan millionlab ayollar qo'rquvda yashab kelishmoqda; hisob-kitoblarga ko'ra, karantin davom etayotgan har uch oyda dunyo bo'ylab qo'shimcha 15 million ayol oilaviy zo'ravonlik qurboniga aylanadi.
O'zbekistonda ham shunga o'xshash holatlar mavjud.
Fevral-noyabr oylari o'rtasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan ayollarga nisbatan zo'ravonlik qilganlarga qarshi 8400 dan ortiq holat qayd etilgan.
Yanvar-oktyabr oylarida respublika bo'yicha reabilitatsiya markazlariga 15000 dan ortiq odam, shu jumladan jismoniy, jinsiy, ruhiy va iqtisodiy zo'ravonlikdan aziyat chekkan 13,500 nafar ayol murojaat qildi.
Biz ommaviy axborot vositalarida qayg'uli xabarlarni ko'rdik.
Shu bilan birgalikda, biz hukumat, parlament, fuqarolik jamiyati va rivojlanish bo'yicha hamkorlar tomonidan qonunchilik muammolarini hal qilish hamda tezkor choralar va profilaktika tadbirlarini kuchaytirish bo'yicha kelishilgan harakatlarni ham ko'rdik.
Xonimlar va janoblar!
2020-yil aprel oyida BMT Bosh kotibining chaqirig'iga javoban 146 a'zo davlat, shu jumladan, O'zbekiston ham, genderga asoslangan zo'ravonlikning oldini olish va uni bartaraf etish choralarini COVID-19 ga qarshi milliy dasturlarining asosiy qismiga aylantirishga qat'iy intilishini bildirdi.
Kecha Nyu-Yorkda nutq so'zlagan Bosh kotib zo'ravonlikdan aziyat chekkanlarga g'amxo'rlik qilish uchun sog'liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarni qo'llab-quvvatlashda yetarli resurslar va chora-tadbirlarning muhimligini ta'kidlab, ushbu chaqiruvni yana bir bor takrorladi.
Janob Guterrish ta'kidlaganidek, chora-tadbirlar nafaqat zo'ravonlikka qarshi qaratilishi, balki birinchi navbatda zo'ravonlik xavfini kamaytirishga yo’naltirilgan bo'lishi lozim. Bu tadbir ayollar va uy xo'jaliklariga moliyaviy va moddiy yordam ko'rsatish; gender tengligi atrofida ijobiy xabarlarni rag'batlantirish; ruhiy salomatlik xizmatlaridan foydalanishni qo'llab-quvvatlash; asosiy manfaatdor tomonlar, shu jumladan ayollar va qizlar, erkaklar va o'g'il bolalarni jalb qilish hamda qaror qabul qilishni osonlanshtirish uchun ma'lumotlar yig'ilishini ta'minlash kabilarni o’z ichiga oladi.
Shuning uchun ham bugun men faollar, qaror qabul qiluvchilar, parlament a'zolari, jurnalistlar, bloggerlar, diplomatlar, rivojlanish bo'yicha hamkorlar bilan birlashib, mablag', muhim xizmatlar, profilaktika va ma'lumotlarni yig'ish bo'yicha intensiv harakatlar zarurligini yoritib berishdan xursandman.
BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi barqaror rivojlanishning milliy maqsadlariga muvofiq ravishda genderga asoslangan zo'ravonlikni yo'q qilish bo'yicha O'zbekiston hukumati hamda fuqarolik jamiyatining sa'y-harakatlari va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashdan mamnun. Biz Milliy gender komissiyasi rahbariyati, shuningdek, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va ushbu hodisaga befarq bo’lmagan jurnalist va bloggerlarning fidoyiligini e’tirof etamiz.
BMT jamoasi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish va zo'ravonlik qurbonlari uchun xalqaro standartlarga muvofiq xizmatlarni taqdim etish bo'yicha ishlarni qo'llab-quvvatlashga va'da beradi. Biz zo'ravonlikdan jabr ko’rgan ayollarning tashvishlari va muammolarini tinglash, gender tengsizligining asosiy sabablarini, shu jumladan, patriarxal munosabat va stereotiplarni o’rganish, aniq ma'lumotlarni tahlil qilish va profilaktika choralarini ko'rish zarur, deb hisoblaymiz. Biz oilaviy zo'ravonlikni yashirishdan ko'ra ovoza qilish sharmandali hodisa ekanligi haqidagi tushunchaga qarshi kurashishda davom etamiz.
Iltimos, bu borada biz bilan birga kurashing. Har kimning o'z o'rni bor.
- Kelgusi avlodni to’g’ri yo’lga yo’naltirishga yordam bering
- Qaror qabul qiluvchilar bilan tenglikda ishlang
- Erkaklar va o'g'il bolalar bilan hamkorlik qiling
- Diniy rahbarlar va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yo’lha qo’ying
- Xizmat ko'rsatuvchi provayderlarni mablag' bilan ta'minlang
- Ayollarning huquqlari to'g'risida xabardorlikni oshiring.
Qadrli do'stlar,
Kelinglar birgalikda gender tengligi hamda ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlikdan holi dunyo uchun kurashda birdamligimizni namoyish etaylik.
Nafaqat bugun yoki 16 kun, balki har kuni yiliga 365 kun birlashaylik!
Katta rahmat!