"Men qachondir yana o'z oilam bo’lishini bilardim!". Timurning hikoyasi
(Shaxsini himoya qilish maqsadida ismlar o’zgartirilgan)
Mening ismim Timur, bu hikoya men va mening oilam haqida.
Otam 2011 yilda Rossiyaga ishlash uchun ketgan, shundan beri men uni ko'rmaganman. Otam ketganidan keyin onam meni, akamni va ukamni tarbiyalashda qiynaldi. Biz bobom va buvimning uyida yashar edik. Ular og'ir kasal bo'lib, keyinchalik vafot etgan.
Kichkinaligimda kuyib qolganim sababli oyoq jarrohlik amaliyotiga muhtoj edim, ukamda esa sil kasalligiga shubha bor edi. Bizning pulimiz yo'q edi. Yegulik hech narsa yo'qligi uchun onam bizni ajratishga majbur bo’ldi. Mening 9 yoshli ukamni sil bilan kasallanganlar uchun maktab-internatga olib ketishdi, meni esa Mehribonlik bolalar uyiga yuborishdi.
Mehribonlik uyiga birinchi marta kelganimda 10 yoshda edim. U yerda menga yaxshi munosabatda bo'lishdi. Men do'stlar orttirdim va bir oydan so'ng yangi joyga va yangi muhitga o'rganib qoldim. Ammo onamni, akam va ukamni juda sog'inar edim.
U yerda biz yaxshi ovqatlanar edik, hatto mening o'zimning krovatim ham bor edi. Do'stlar orttirdim va to’garaklarga qatnadim. Onam uzoqda ishlagani sababli mening oldimga kamdan-kam kelardi. U oshxonada idish yuvgani uchun kuniga 40.000 so'm olar, dadam esa bizga umuman pul yubormas edi. Onam juda ko’p yig'lardi, bizni juda sog'inardi, chunki biz oldin doimo birga yashaganmiz.
Ushbu ikki yil davomida mening katta akam A'zam xolamnikida yashadi. U 16 yoshidan boshlab yozgi ta'til paytida pul topish uchun ishlay boshladi, ammo uning topgani onamga yordam berish uchun yetarli emas edi. Biz o'sganimiz sari kiyimimiz kichkina bo'lib qolardi. Yana birga yashash uchun bizga uy kerak edi.
Endi esa hamma narsa o'zgardi. Bugun mening o'n ikkinchi tug'ilgan kunim. Men katta bo’ldim. Onam meni va ukamni internatlardan olib ketdi. Bizga yer berildi, hozir uch xonali uy qurayapmiz. Bizga faqat tomni, polni va shiftni qurishni tugatish qoldi. Onam, akam va ukam bilan vaqtincha tog’amning uyida yashayapmiz. Davlat Germaniyada oyog'imni operatsiya qilishga yordam berdi va hozirda hammasi yaxshi. Onam ishlayapdi, A'zam esa maktabdan keyin xolamning do'konida yuk tashuvchi bo'lib ishlaypdi. U oyiga bir marta dadam bilan muloqot qilishni boshladi, ammo bu vaqt hali ham yetarli emas.
Karantin paytida biz uyda o'qiyapmiz, televizordan darslarni ko’ryapmiz, xolam bizga uy vazifalarini bajarishda yordam beryabdi. UNICEF bizni shunday qiyin paytda ko'nglimizni ko'tarish uchun ruchkalar, daftarlar, mashqlar uchun kitoblar, rivojlantiruvchi o'quv qo'llanmalari va o'yinlarni olib keldi. Mahalla qo'mitasi ba'zida biz uchun pul, oziq-ovqat va kiyim-kechak yig'adi. Biz yana birga yashay boshlaganimizdan beri onam yanada o’ziga ishonchliroq va baxtliroq bo'lib qoldi.
Kichik ukam bilan men maktabni tugatishni va institutga o'qishga kirishni orzu qilamiz. Men shifokor bo'lishni istayman, ukam esa harbiy bo’lishni orzu qiladi. Katta akam A'zam tadbirkor bo'lib, oilaga yordam berishni, onam esa tezroq yangi uyimizda farovon yashashni niyat qiladi.
Biroq men, akam va ukamning biz amalga oshira olmaydigan eng muhim orzuimiz bor. Biz ota-onamiz yana birga bo'lishlarini va bizni hech qachon tark etmasliklarini istaymiz. Oilamizdagi mehr va totuvlik - bu na internat, na qashshoqlik yo'q qila olmaydigan kuch. Biz juda ko'p qiyinchiliklarni boshdan kechirdik va endi hayot yo'limizni birga davom ettirish uchun birlashdik.
Ota-onalarning mehnat migratsiyasidan keyin oilaviy rishtalar uzilishi mumkin. Bolalar yaqinlarining mehr va g'amxo'rligi yetishmasligidan, yolg'izlikdan aziyat chekishi va oilasini boqish uchun yoshligidan ishlashni boshlashi mumkin.
Mahalla qo'mitalari, mahalliy hokimiyat va ijtimoiy xodimlarning birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli Timurning oilasi birlashdi. Endi u o’z orzularini ro'yobga chiqarish yo'lida harakat qilmoqda.
Timurning hikoyasida Yevropa Ittifoqi va UNICEF tomonidan moliyalashtirilgan "Janubi-Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyoda migratsiya ta'sirida bo'lgan bolalarni himoya qilish" mintaqalararo loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar namunasidir.