O‘zbekistonda asalarichilik Orolbo‘yi mintaqasi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
"Asalarichilik men uchun shunchaki ish emas, bu mening hayotim", deydi 55 yoshli Kuralbay Nug'manov.
U do'stlari va qo'shnilari orasida "Usta Kuralbay" nomi bilan tanilgan, bu nomga u, shubhasiz, 30 yillik tajribasi va asalarichilik borasidagi bilimi bilan erishgan.
Kuralbay Orol dengiziga yaqin bo'lgan Qoraqalpog'iston hududidagi ko'plab asalarichilardan biridir. Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik muammolar Kuralbay va uning atrofidagilar uchun ham og'ir bo'ldi.
1960 yillarga qadar Orol dengizi dunyodagi to'rtinchi eng yirik ichki dengiz edi.
Orol dengizi bo'yidagi odamlarning deyarli 80 foizi baliq va baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va tashish bilan shug'ullangan. Mintaqa aholisining deyarli 100 ming nafari chorvachilik va parrandachilik bilan mashg'ul bo'lgan va qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirishgan.
Orol dengizining yo'q bo'lib ketishi dengiz ekotizimlarining qulashi va qariyb olti million gektar ekin maydonlarining yo'qolishiga olib keldi. Qishloq xo'jaligi va asalarichilik sohasi xom-ashyo yetishmasligidan aziyat chekdi. Keng plantatsiya yerlari qisqarib, asalarilar uchun changlanish maydonlari kamayib ketdi.
Bunday o'zgarishlar mintaqada yashovchi insonlarning hayotiga og'ir zarba berdi. Ko'pchilik an'anaviy, doimiy ishini tark etishga majbur bo'ldi. Ushbu qiyinchiliklar Orol dengizi inqirozi tufayli eng ko'p zarar ko'rgan O'zbekistonning Qoraqalpog'iston mintaqasi aholisi uchun juda ayanchli kechdi.
Mahsulot ishlab chiqarishni saqlab qolish uchun yangi barqaror usullar va yondashuv lozimligi barchaga ma‘lum edi.
Shuning uchun BMT Taraqqiyot dasturi va Turkiya hukumati fermerlarga oilaviy asalarichilik korxonalarini katta foyda keltiradigan yirik korxonalarga aylantirish imkoniyatini berishga intildi. Shu asosda, ushbu tashabbus fermerlar uchun zararkunandalarning oldini olish jarayonidan tortib ularning o'z asallarini sotishgacha bo'lgan bosqichni qamragan treninglarni tashkil etishga yordam berdi.
"Biz asalarilarni qish mavsumida asrashda qiyinchiliklarga duch kelardik, chunki mintaqamiz iqlimi juda keskin. Ammo mashg'ulotlar davomida biz asalarilarni kelgusi bahor mavsumigacha qanday qilib xavfsiz saqlashga oid hayotiy ko'rsatmalar oldik", - deydi Kuralbay.
Asalarichilar, shuningdek, tajriba almashishning norasmiy markazi sifatida xizmat qiladigan uyushma tuzdilar: masalan, Baxtiyorning o'zi qurgan asalari uyalari uning tengdoshlariga ilhom manbai bo'ldi. Shuningdek, uyushma fermerlarga o'z mahsulotlarini brend ostida sotish uchun imkoniyat yaratib, mahalliy tovarlarni targ'ib qilishda samarali vosita yaratmoqda. Uyushma asalarichilikni rivojlantirish uchun asosiy turtki bo'lib xizmat qildi, chunki qishloq aholisi tobora ko'proq asalarichilik biznesini boshlashga qiziqish bildirmoqda.
Mintaqada asalarichilik madaniyatini rivojlantirish bu qilinishi lozim bo‘lgan vazifaning bir qismi xolos. Biznes oilalar uchun foydali va uzoq muddatli bo'lishi uchun mahsulot marketingi ham muhim.
Ushbu tashabbus ortidan ikkita asal konservasi sexi va bitta mintaqaviy mum ishlab chiqarish sexi tashkil etildi.
"Ikkita konserva zavodida asalni olish, tozalash va qadoqlash milliy va hatto xalqaro miqyosda asalning keng sotilishiga turtki bo'lishi mumkin", deb tushuntiradi BMT Taraqqiyot dasturining loyiha menejeri janob Paluaniyazov. "Jarayon bir joyda takomillashib borayotganligi sababli, bu dehqonlar uchun xarajatlarni tejash va yanada samarali ish olib borish imkonini beradi".
Ikki konserva sexi yiliga 200 tonnadan ortiq asalni qayta ishlashga qodir, mum ishlab chiqarish sexi esa har yili 36 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
"Ilgari men mum va asal konservalarni sotib olish uchun 400 km uzoqlikdagi qo'shni viloyatga borib kelardim. Bu uzoq vaqt va katta xarajat talab qilardi", - deydi Baxtiyor Menligiev. Nukusda ochilgan yangi asal do'koni tufayli uning hayoti ancha yengillashdi.
54 yoshli Menligiev 2014 yildan buyon asalarichilik bilan shug'ullanadi. Shu vaqt ichida u asalari uyalarini 4 tadan 18 tagacha oshirishga muvaffaq bo'lgan va hozirda 3 gektar bog'dorchilik yerlariga ega.
U oilasi bilan birgalikda mehnat qiladi. Uning rafiqasi Menglieva Mehribon asalarilarning qanday ishlashini va bir oiladek yashashini kuzatishni yoqtiradi. "Ular bu borada bizdan unchalik farq qilmaydi", deb kuladi u. Ularning farzandlari 11 yoshli Sevinchay va 10 yoshli Kuvanishbek fermer xo'jaligida yetishtirilgan yangi asalni yaxshi ko'rishadi.
Asalarichilik iqtisodiy jihatdan foydali bo'lish bilan bir qatorda, uning mintaqada rivojlanishi atrof-muhitga ham ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Asalarichilik va uning atrofidagi hududlarda sabzavotlarning katta changlanishi mintaqaning biologik xilma-xilligini yaxshilashga yordam beradi, bu o'n yillab davom etgan qurg'oqchilik va ekologik inqirozdan keyin juda zarur bo'lgan yordamdir.
Orol fojiasi shubhasiz ayanchlidir, ammo mintaqada yashovchilarning hayoti va ularning qiyin sharoitlarga o‘z umidlarini yo'qotmasdan moslashishi taqsinga sazovordir. Dengiz hududni tark etgan bo'lishi mumkin, ammo odamlar, ularning umidlari va orzulari hali ham shu yerda.
Tomonidan yozilgan
Anvar Meliboev
UNIC
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha milliy maslahatchi