Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va tinchlik o‘rnatish loyihasining rasmiy boshlanishi
01 iyun 2022
Andijon va Bishkek shaharlarida ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi chegaraviy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “O’zaro hamkorlik orqali O’zbekiston va Qirg‘izistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” tinchlik o‘rnatish loyihasining rasmiy ishga tushirilishi munosabati bilan telekonferensiya shaklida kirish seminari bo‘lib o‘tdi.
Loyiha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibining Tinchlik qurish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan BMTning Qo‘shma dasturi sifatida amalga oshiriladi. O‘zbekistondagi asosiy milliy hamkorlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasidir. Kirish seminari gibrid shaklda BMT agentliklari, xalqaro ekspertlar, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari, chegaraoldi hududlari mahalliy hokimliklari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida o‘tkazilib, loyihaning maqsad va vazifalari muhokama qilindi.
“Birlashgan Millatlar Tashkilotining “O’zaro hamkorlik orqali O’zbekiston va Qirg‘izistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qo‘shma dasturi ushbu mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo’naltirilgan. Dasturning asosiy maqsadi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi transchegaraviy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat”, - deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Astxana.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegaraning katta qismi Fargʻona vodiysi orqali oʻtadi. Mintaqa nafaqat aholi soni va tarkibi, balki qishloq xo‘jaligining ishlab chiqarish quvvati jihatidan ham har ikki davlat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan loyiha mahalliy savdo, iqlimga mos qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, innovatsion yondashuvlar, bandlik va iqtisodiyot sohasida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida tinchlik o‘rnatishda yanada barqaror natijalarga erishishga xizmat qiladi.
“Shunday tez o‘zgaruvchan zamonda biz ikki davlat hamkorligi va farovonligiga hissa qo‘shadigan, ularga barqarorlik, taraqqiyot va innovatsiyalar olib keladigan qo‘shma loyihani yo‘lga qo‘yayotganimizni ko‘rishdan mamnunman. Barcha yangiliklarga ochiq, g‘ayrat, yangi g‘oyalarga to‘la yoshlar va ayollarning salohiyati yuksak ekanligini ko‘rib turibmiz”, - deydi FAOning Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutu.
Tadbirda loyihani amalga oshirishda qishloq aholisi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning tinchlik o‘rnatish jarayonlaridan manfaatdor asosiy harakatlantiruvchi kuch sifatida imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
“Ishonchim komilki, ushbu loyiha tinchlik, gender tengligi va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida mahalliy hamjamiyatlar o‘rtasidagi muloqot va munosabatlarni yaxshilashga ulkan hissa qo‘shadi. Xotin-qizlar va yoshlar tinchlik o‘rnatish jarayonining tayanchi bo‘lib, ularni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Biz bu jarayonda xotin-qizlarning ishtirokini faol qo‘llab-quvvatlaymiz. Qolaversa, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ularning o‘z mahallalari va jamiyatlari tinchligini ta’minlashga hissa qo‘shish imkonini beradi. UNFPA transchegaraviy tinchlik o'rnatish jarayonida muhim rol o'ynaydigan jamoalarni qo'llab-quvvatlaydi”, - deb qayd etdi UNFPAning O'zbekistondagi vakili Yu Yu.
Kirish seminari davomida FAO Bosh qarorgohi Favqulotda vaziyatlar va chidamlilik boshqarmasining Favqulodda vaziyatlar va reabilitatsiya bo‘yicha mutaxassisi Filip Pristli loyihaning maqsad va vazifalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi hamda ishtirokchilar bilan nizolarga nisbatan sezgir strategiyalarni loyihani amalga oshirishga integratsiya qilish bo‘yicha asosiy xulosalar va tavsiyalarni muhokama qildi. Tadbirda BMT Tinchlik qurish jamg‘armasi faoliyati, tinchlikni mustahkamlash jarayonlarida yoshlarning o‘rni haqida taqdimotlar qilindi.
So‘ngra kirish seminari ishtirokchilari loyiha doirasidagi rejalashtirilgan tadbirlarni muhokama qildilar va shu orqali tinchlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelgusida birgalikdagi sa’y-harakatlarni rejalashtirib oldilar.