Press-reliz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "2021-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarorni imzoladi

17 fevral 2021

  • Qaror bilan 2021-2030 yillarga mo'ljallangan "Ijtimoiy himoya milliy strategiyasi" konsepsiyasi, uni ishlab chiqish bo'yicha yo'l xaritasi va amalga oshirishga mas’ul Respublika ishchi guruhining tarkibi tasdiqlandi. Konsepsiya Moliya vazirligi tomonidan BMTning O'zbekistonda ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo'yicha qo'shma dasturi bilan hamkorlikda shakllantirilgan.

Qaror va konsepsiya loyihasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish va aholini ijtimoiy himoya qilish huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga, shuningdek, 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarishga qaratilgan.

Rasm: © UNICEF

Harakatlar strategiyasi valyuta kursini erkinlashtirish, xususiy sektorning raqobatbardoshligini oshirish siyosatini ilgari surish, qishloq xo'jaligi sohasida davlat ishtirokini kamaytirish hamda bandlik va barqaror rivojlanishga imkon beradigan yirik islohotlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Konsepsiya ijtimoiy himoya tizimida ulkan o'zgarishlarni boshlab beradi.

Hujjatga muvofiq, quyidagilar ijtimoiy himoya tizimining samaradorligini oshirish va takomillashtirishga o'z hissasini qo'shishi kutilmoqda:

  • institutsional tizim yaratish
  • aholini ijtimoiy himoya bilan qamrab olishni kuchaytirish
  • barcha uchun teng imkoniyatlarni taqdim etish va adolatni kafolatlash
  • yordam jarayonini soddalashtirish va tezlashtirish
  • samaradorlikni oshirish va moslashuvchanlikni ta'minlash 

Ijtimoiy himoya milliy strategiyasi konsepsiya tuzilishi quyidagi bo'limlardan iborat bo'ladi: kirish qismi, strategiyani monitoring qilish va baholash rejasi; davlat ijtimoiy himoyasi va uni moliyalashtirishni boshqarishning institutsional tizimi; ijtimoiy yordam; mehnat bozorini rivojlantirish davlat dasturlari; mehnatga layoqatli aholini ijtimoiy ta'minot nafaqalari bilan qamrab olish; bolalar va oilalarga, nogironligi bor fuqarolar va qariyalarga ijtimoiy xizmatlar taqdim etish.

Strategiyaning to’liq shakli Xalqaro mehnat tashkiloti, Birlashgan millatlar tashkilotining Bolalar jamg'armasi va BMTTD bilan hamkorlikda 2021 yil 1 noyabrgacha BMTning Ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo'yicha qo'shma dasturi doirasida ishlab chiqilishi kutilmoqda.

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

UNICEF
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamgʻarmasi

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar