Kasalxonada yashagan bola

O'zbekistonda Timur nihoyat migratsiya va fojia tufayli yolg'iz qolganidan so'ng qo'llab -quvvatlandi.
Timur har kuni ertalab bog'da sayrayotgan qushlar ovozidan uyg'onadi. U to'shagini tartibga solar ekan, oyog'i qattiq sinib og’ir yotgan onasining tuzalib ketishi haqida o'ylaydi. U bolalar markaziga joylashtirilganidan buyon onasini ko'rmaganiga bir hafta bo'ldi.
Asosiy ko'chalardan uzoqda kichik xiyobonning oxirida joylashgan Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko'rsatish markazi Toshkent shahrida ota-ona qaramog'isiz yashayotgan Temur singari bolalarga vaqtincha boshpana, oziq-ovqat va tibbiy yordam ko'rsatadi.
"Avvaliga men qochishni o'ylardim", deydi Timur. U markazda uni bezovta qilib, kaltaklashlaridan qo'rqardi. Endi esa u bu joyni, ayniqsa ovqatlarini yoqtiradi.
So'nggi to'rt oy ichida u onasiga tibbiy yordam ko'rsatiladigan kasalxonada yashadi. Kasalxona xodimlari unga ovqat berishardi. Boshqa bo'limdagi bemorlar unga pul berishganda, u pullarni maktabga borish uchun ishlatardi. Avtobusda kunlik qatnov ikki ming to'rt yuz so'm. U maktabdan kasalxonaga to'qqiz kilometr masofani piyoda bosib o'tishga majbur bo'lgan paytlar ham bo'lgan. "Men tushlik sotib olishdan ko'ra, maktabga borish uchun pul sarflaganman ko’proq", deydi beshinchi sinf o'quvchisi.
Bir yil oldin Timur o'zining 11 yoshini Toshkentdagi ko'ngilochar bog'lardan birida do'stlari bilan nishonlagandi. Tog’asi pitsa bayramini uyushtirib, unga ayiqcha sovg'a qilgan edi. Uning hayoti yaxshi edi.
Keyin tog'asi Rossiyaga jo'nab ketdi. "Men senga velosiped sotib olish uchun pul ishlab kelaman", degandi u Timurga. Bir necha oydan keyin onasi Aziza yiqilib oyog'ini sindirdi. U o'zining ikki ish joyidan va ijaradagi kvartirasidan mahrum bo'ldi hamda uzoq muddat tiklanish jarayonini boshidan kechirishga majbur bo'ldi, bir nechta operatsiyalarni boshidan o’tkazdi.
Tog'asining ketishi Timurning bir paytlar quvonchli bo'lgan hayotida burilish davri bo'lib, qiyinchiliklar to'lqinini paydo qildi.
"Migrant ota-onalar yoki birlamchi tarbiyachilar tomonidan qoldirib ketilgan bolalar o'zlarini parvarish va himoyaga muhtoj sezishlari mumkin", deydi UNICEFning bolalarni himoya qilish bo'yicha mutaxassisi Maziyar Taleshi. "Mehnat migratsiyasining iqtisodiy foydali taraflariga qaramay, parvarish qiluvchining yo'qligi bolada g'amxo'rlik, nazorat va hissiy farovonlikning pasayishiga olib kelishi mumkin".
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistondan 2,6 million kishi chet elda doimiy ish bilan ta'minlangan. Biroq, mehnat migratsiyasining oila va bolalarga ta'siri haqida insonlarda aniq tushuncha kam.
2018 yil iyul oyida UNICEF va O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi Yevropa Ittifoqining ko'magi bilan migratsiya ta'sirida bo'lgan bolalarni himoya qilish loyihasini boshladi. Loyiha asosida migrant ota-onalar qoldirgan bolalarning ahvolini o’rganish uchun Buxoro, Farg'ona, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida tadqiqot o'tkaziladi. Kuzatuvlar asosida uning salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Timur kunlik 3000 so'm yetishmasligi uni maktabdan haydalishiga sabab bo’lishi mumkinligi haqida gapirmaydi. O'qituvchisining so'zlariga ko'ra, maktab ma'muriyati uning onasi ahvolidan xabardor bo'lib, Timurni huquqbuzarlik xavfi ostida bo'lgan bola sifatida qayd etish orqali zarur choralarni ko'rgan. Natijada, onasi uni bolalar markaziga joylashtirish uchun rozilik berishga majbur bo'lgan.
"Og'ir vaziyatlarda o'zlarini qiynayotgan bunday hayot sharoitlariga javoban ba'zi bolalar xulq-atvorida muammolar paydo bo'ladi", deya ta'kidlaydi Maziyar Taleshi. “Bu bolaning kutilmagan sharoitlarga odatiy munosabatidir. Ularni ruhiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bolalarning xulq-atvori tabiiy ekanligiga ishonch hosil qilishni o'z ichiga oladi hamda ular duch keladigan qiyinchiliklarni yengish uchun bolalarning chidamliligini kuchaytiradi."
Timur onasining ahvolidan doim xavotirda. Ammo u ayiqchasini onasiga qoldirganidan xursand. "Oyim ayiqchani ushlaganda, meni o'ylaydi", deydi u.
Kunlarni sanar ekan unga ushbu qiyin vaziyatni yengishda turli xil mashg'ulotlar, shu jumladan sinfdagi mashqlar, sport musobaqalari, kundalik muntazam ishlar va boshqalar yordam beradi. So'nggi oylarda Timurning labida paydo bo'lgan ekzema ham endi tuzala boshladi. "Onam sog'ayib ketgach, u meni olib ketishga keladi", deb ishonadi u.