Helena Freyzerning 2030 yilgacha mo’ljallagan Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo’yicha jamoat yig’ilishidagi bayonoti
Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni xalqaro e’tiborni dolzarb ekologik muammolarga yo’naltirishga hamda ularni hal qilishga yordam beradi.
Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni xalqaro e’tiborni dolzarb ekologik muammolarga yo’naltirishga hamda ularni hal qilishda rejalarimizni qayta ko’rib chiqishga yordam beradi.
Bu yilgi mavzu biologik xilma-xillikdir.
So’nggi voqealar, Braziliya, Amerika Qo’shma Shtatlari va Avstraliyadagi o’rmon yong’inlari, chigirtkalar yopirilishidan tortib global COVID-19 pandemiyasigacha ekotizim va bioxilma-xillikka aralashish insoniyat uchun dunyo miqyosida misli ko’rilmagan muammolar keltirib chiqarayotganini ko’rsatmoqda. Agar biz 2030 yilga qadar bioxilma-xillikning yo’qolishini to’xtatish uchun birgalikda harakat qilmasak, tabiat bilan uyg’unlikda yashashning kelishilgan maqsadiga erishib bo’lmaydi.
Xonimlar va janoblar!
Oliy Majlis tomonidan ushbu jamoat yig’ilishining tashkillashtirilishini olqishlayman. Iqlim bo’yicha majburiyatlarni amalga oshirishda jamoatchilik nazorati muhim ahamiyatga ega: O’zbekiston Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini, xususan, tabiatni muhofaza qilish yo’lidagi harakatlarida uchraydigan ijobiy va salbiy jihatlarni shaffof holda o’rganishda hukumat mas’ulligi va jamoat safarbarligini kushaytirishda yordam beradi.
Shuningdek, parlament vakillari va fuqarolik jamiyati tashkilotlariga o’tgan oyda tashkil etilgan Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari loyihasini ixtiyoriy ko’rib chiqish jarayonida faol ishtirok etganliklari uchun o’z minnatdorchiligimni bildiraman. Ushbu jarayonlarda 200 dan ortiq fuqarolik jamiyati vakillari va 30 nafar deputatlar ishtirok etdi hamda loyiha shakllanishida o’z fikr-mulohazalari va tavsiyalari bilan o’rtoqlashdi.
Bugungi muhokama O’zbekiston hukumatining atrof-muhitga oid majburiyatlariga bag’ishlangan:
- Milliy BRM 6: Barcha uchun toza suv va sanitariya;
- Milliy BRM 13: Iqlim o’zgarishi va uning ta’siriga qarshi kurashish bo’yicha shoshilinch choralar;
- Milliy BRM 15: Yer ekotizimlardan barqaror foydalanish va bioxilma-xillikning yo’qolishini oldini olish.
So’nggi uch yilda O’zbekiston iqlim va atrof-muhitga oid majburiyatlar bo’yicha katta yutuqlarga erishdi.
O’zbekiston 2018-yilda Iqlim o’zgarishlari to’g’risidagi Parij bitimini ratifikatsiya qildi. Hozirgacha erishilgan yutuqlar hamda hukumatning amaldagi diqqat-e’tibori iqlim o’zgarishiga qarshi kurash yo’lidagi sobitlikdan dalolat beradi.
Ayniqsa, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini qo’llab-quvvatlash va insoniyat tomonidan sodir etilgan falokat tufayli qattiq zarar ko’rgan hududda "hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik" maqsadida tuzilgan Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo’yicha ko’p tomonlama sherikchilik asosidagi ishonch jamg’armasi ulkan ahamiyatga ega yutuqdir.
Ishonch jamg’armasi Orol dengizi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash sohasida kompleks tadbirlar bo’yicha xalqaro hamkorlik uchun umumiy platformani taqdim etadi. Bunga parallel ravishda, hukumat yaqinda Orol dengizini "... Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi" ga aylantirish bo’yicha o’z fikrlarini bildirdi. Shunga ko’ra, O’zbekiston Orol dengizining qurigan tubida ekinlarning yo’q bo’lib ketishini oldini olish va intensiv ravishda o’rmonzorlashtirish ishlarini olib bormoqda. BMT jamoasi ushbu tashabbuslarning barchasi bo’yicha hukumat va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qilishdan mamnun.
Qadrli do’stlar!
Erishilgan ko’p yutuqlarga qaramay, amalga oshirilishi lozim bo’lgan yana ko’plab ishlar bor! Shu o’rinda uch mulohaza va taklif bilan o’rtoqlashishga ijozat bergaysiz.
Birinchisi – har bir mamlakat uchun COVID-19 inqirozidan keyin yanada yaxshiroq va “yashil” taraqqiyot qurish muhimligi.
Pandemiya atrof-muhit bilan o’zaro munosabatlarimizni qayta ko’rib chiqishga undadi. Insoniyatning atrof-muhitni ifloslashi, quruqlik va dengizdan noto’g’ri foydalanishi, iqlim o’zgarishi kabilar biologik xilma-xillikning buzilishiga, tabiiy ekotizimlarning yo’qolishi va degradatsiyasiga hamda kasalliklarning tez tarqalishiga olib keladi. Bularning hammasi misli ko’rilmagan darajadadir.
Ushbu masalalar bo’yicha mintaqaviy hamkorlik va siyosatni muvofiqlashtirish kelajakdagi pandemiyaga qarshi chidamlilikni kuchaytirish hamda yanada yaxshilash vositasi sifatida ekotizimlarni himoya qilish va tiklashga yordam beradi. COVID-19 inqirozi transchegaraviy xatarlarni bartaraf etish va ekologik barqarorlikni mustahkamlash uchun mintaqaviy asoslarni yaratishga ham turtki bo’ladi.
Ekologik tiklanish uchun sarmoya kiritish imkoniyatini yo’qotmaslik lozim.
Qayta tiklanish yo’lidagi harakatlarni qo’llab-quvvatlash orqali kelajakda sodir bo’lishi mumkin bo’lgan turli inqirozlarga qarshi ijobiy muhit yaratiladi. Bu esa o’z navbatida insonlar hayot tarzini yaxshilaydi, ularning sog’lom bo’lishlariga ko’maklashadi.
Ko’kalamzorlashtirishni rag’batlantiruvchi turli paketlar va ularni moliyalashtirish munosib ish o’rinlari yaratish, aholi salomatligini ta’minlash uchun investitsiyalar kiritish, ijtimoiy-ekologik infrastrukturalarni yaxshilash, iste’mol va ishlab chiqarishni qo’llab-quvvatlash, iqlim o’zgarishiga qarshi kurashish, ekotizimlarni asrash va barchaga birdek foyda keltiradigan ijtimoiy natijalarga erishishni o’z ichiga oladi.
Ammo resurslar zaxirasini kengaytirmasdan turib, oldinga qo’yilgan maqsadlarga erishib bo’lmaydi. Shunday ekan, moliyalashtirishning innovatsion usullarini joriy etish masalasiga alohida urg’u berishimiz kerak.
Gender masalalariga yechim bo’ladigan, iqlim o’zgarishi bilan bog’liq vaziyatlarda xatarni kamaytiradigan va turli ofatlarning oldini oladigan boshqaruv tizimini yaratish va bu orqali kelishi mumkin bo’lgan zararlardan ogoh bo’lish, ulardan tezda o’nglanib ketish juda muhim.
Xususan, ko’p mehnat talab qiladigan ko’kalamzorlashtirish tarmoqlarda yangi ish o’rinlari yaratish qisqa va uzoq muddatli manfaatlarga mos keladi. Masalan, turar joy va tijorat binolarining energiya samaradorligini oshirishda turli ish o’rinlarini joriy etish iqlim maqsadlariga erishishda yordam beradi.
Mening ikkinchi mulohazam iqlim o’zgarishiga moslashish va oqibatlarini yumshatish bo’yicha keng qamrovli milliy strategiya zarurligi to’g’risidadir. Garchi energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan va moslashish uchun suvni tejash choralarini qamrab olgan iqlim o’zgarishi bilan bog’liq muammolar aksariyat milliy dastur va rejalarga kiritilgan bo’lsa-da, bu strategiya alohida holda zarurdir. Iqlim o’zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish bo’yicha keng qamrovli milliy strategiyaning yo’qligi mamlakat uchun 13.1 va 13.2 banddagi maqsadlarga erishish yo’lida to’sqinlik qilmoqda.
Uchinchi taklifim, atrof-muhitga oid Barqaror rivojlanish maqsadlari ko’rsatkichlari bo’yicha ma’lumotlar yig’ishdagi bo’shliqni to’ldirish zarurligi to’g’risida. Bu Barqaror rivojlanish maqsadlarini ekologik va iqlim o’zgarishiga oid dalillarga asoslangan holda rejalashtirish va baholash uchun hamda fuqarolarda mas’uliyat hissini uyg’otish uchun muhimdir.
Qadrli do’stlar!
Ushbu Butunjahon atrof-muhit kunida tabiatga bo’lgan munosabatimizni yaxshilash va u bilan uyg’unlikda yashashni boshlash zaruriyati hech qachon bugungidek ravshan bo’lmagan.
Birlashgan millatlar tashkiloti hukumat, tadbirkorlar va fuqarolik jamiyati vakillarini hayotimiz uchun zarur bo’lgan tabiatni asrab qolishda hamkorlik qilishga chaqiradi.
Mamlakat bo’ylab uyushtirilgan tadbirlar va suhbatlardan yaxshi bilamanki, O’zbekistonliklar atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish masalasiga jiddiy qaraydilar.
Men bugun barchangizni – hukumat, parlament, fuqarolik jamiyati vakillarini, ommaviy axborot vositalarini o’z ovozingizni eshittirishga, dunyo rahbarlarini 2030 yilgacha mo’ljallangan dastur bo’yicha bergan va’dalarini amalga oshirishini talab qilishga chaqiraman!
BMTning 75 yilligiga tayyorgarlik arafasida xalqaro hamkorlikning kelajagi to’g’risidagi so’rovnomamizni to’ldirishda bizga qo’shilishingizni so’rayman. Bizning maqsadimiz iloji boricha ko’proq insonlarni qamrab olishdir: istaklaringiz va qayg’ularingizni tinglash va tajribangizdan o’rganish. Iltimos, bizga qo’shiling!
Hurmatli ishtirokchilar, BMT jamoasi bugun men bayon qilgan barcha masalalar bo’yicha sheriklik va hamkorlikni davom ettirishni maqsad qilgan. Birgalikda harakat qilib, 2030 yilga qadar Milliy barqaror rivojlanish maqsdalariga, shu jumladan, atrof-muhit va iqlimni muhofaza qilish sohasidagi yutuqlarga erishishda ko’maklashaylik!