Press-reliz

Dunyo muammolariga bardoshli ijtimoiy himoya tizimi

05 dekabr 2020

  • Birlashgan millatlar tashkiloti va parlament a'zolari O'zbekistonda barcha uchun ijtimoiy himoyalanish huquqini ta'minlashning kelgusi istiqbollarini muhokama qildilar.

Birlashgan millatlar tashkilotining O'zbekistonda ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo'yicha Qo'shma dasturi doirasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan hamkorlikda davra suhbati o'tkazildi. Uchrashuvda milliy ijtimoiy himoya tizimining kuchli tomonlari, muammolari va O'zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlashda Oliy Majlisning o'rni muhokama qilindi.

Rasm: © Санобар Худайбергенова

"Bugun biz barqaror rivojlanishning asosiy maqsadlaridan biri bo'lgan aholining ijtimoiyhimoyasini ta'minlashga alohida e'tibor qaratmoqdamiz. Bunda aholining, ayniqsa, ayollar va yoshlarning ish bilan band bo'lishini ta'minlash asosiy rol o'ynaydi. O'ylaymizki, BMTning O'zbekistondagi ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo'yicha Qo'shma dasturi ushbu maqsadlarga erishish yo'lidagi samarali sa'y-harakatlarga o'z hissasini qo'shishda davom etadi", – dedi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva xonim.

Butun dunyoda COVID-19 pandemiyasi davom etayotgan bir paytda, aholining ijtimoiy himoyasi O'zbekistonda davlat siyosatining asosiy rivojlanish yo'nalishi sifatida belgilangan. Hukumat tomonidan tegishli ijtimoiy himoyani olishda aholiga yordam berish jamiyatning har bir a'zosi, jumladan bolalar, onalar, imkoniyati cheklangan insonlar, ishchilar, keksalar, migrantlar va ozchilik guruhlarining o'z huquqlaridan foydalanishini ta'minlaydi.

"Birlashgan millatlar tashkilotining qo‘shma dasturi Barqaror ijtimoiy taraqqiyot jamg'armasi ko'magida BMT Bolalar jamg'armasi (UNICEF), Xalqaro mehnat tashkiloti va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda O'zbekiston hukumatiga ko‘rsatadigan yordami ijtimoiy himoya milliy strategiyasini ishlab chiqish, ijtimoiy himoyani muvofiqlashtirish va ta’minlashning samarali qonunchilik, institutsional va monitoring mexanizmini joriy etish hamda imkoniyati cheklangan insonlarni ijtimoiy himoya qilishni sezilarli darajada yaxshilash, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish jarayonini tezlashtiradi", – dedi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov.

"COVID-19 ehtiyoji yuqori qatlamlarga ijtimoiy himoyani oshirish muhimligini yana bir bor ko‘rsatib bergani bois, biz O'zbekistonda hukumatning ijtimoiy himoya bo'yicha majburiyatlarni bajarish va muvofiqlashtirish masalalarini hal qilish hamda uzoq muddatli istiqbolni belgilashda amalga oshirilayotgan harakatlarga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

BMT Bolalar jamg'armasi, XMT va BMT Taraqqiyot dasturi Barqaror rivojlanish maqsadlari qo'shma jamg'armasi ko'magida hamda Jahon banki kabi hamkorlar bilan sa'y-harakatlarni birlashtirib, hukumatga mavjud dasturlarni yetarli darajada qamrab olish uchun pul yordami, ijtimoiy xizmatlar, sug'urta, pensiya, faol mehnat choralari va hech kimni e‘tiborsiz qoldirmaslik tamoyiliga amal qilish masalalarini hal qilishda yordam berib kelmoqda", - dedi BMT Bolalar jamg'armasining O'zbekistondagi vakili Munir Mammadzade.

Ishtirokchilar, shuningdek, nogironlikni baholashning ijtimoiy yondashuvini samarali ijtimoiy himoya tizimining muhim elementi sifatida muhokama qilishdi. Ushbu yangicha yondashuv imkoniyati cheklangan insonlarning jamiyatda faol ishtirok etishiga, ishga kirishiga va mustaqil yashashiga to'sqinlik qiladigan to'siqlarni yo'q qiladi. Shuningdek, u imkoniyati cheklangan insonlarga bo'lgan munosabat keraksiz to'siqlarni yaratishini tan olgan holda odamlardan bu to'siqlarni olib tashlash uchun faol harakat qilishni talab etadi.

BMTning Imkoniyati cheklangan insonlar huquqlari to'g'risidagi Konvensiyasi nogironlik rivojlanayotgan tushuncha ekanligini, nogironlik tushunchasi imkoniyati cheklangan insonlarning jamiyatda boshqalar bilan teng huquqli, samarali ishtirok etishga to'sqinlik qiladigan munosabat va atrof-muhit to'siqlarining o'zaro ta'siridan kelib chiqishini ta‘kidlaydi.

Shu nuqtai nazardan, ishtirokchilar imkoniyati cheklangan insonlarning munosib turmush sharoiti, ta'lim olish va ishga joylashish huquq va erkinliklarini kafolatlaydigan "Imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlari to'g'risida" gi qonunning qabul qilinishini yuqori baholadilar.

"Biz imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlari to'g'risidagi yangi qonunda belgilangan va ularning kamsitilishdan himoya qiladigan aniq mexanizmlarini ishlab chiqishimiz kerak. Biz yaqin kelajakda ushbu sohada samarali hamkorlikka umid qilamiz", – dedi O'zbekiston Nogironlar uyushmasi raisi janob Oybek Isoqov.

Ishtirokchilar, shuningdek, O'zbekistonning BMT Imkoniyati cheklangan insonlar huquqlari to'g'risidagi Konvensiyasini ratifikatsiya qilish, ularning huquqlarini ta'minlash, erkinliklari, ijtimoiy himoyalanish huquqini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishdagi sa'y-harakatlarini olqishladilar.

Anvar Meliboev

Anvar Meliboev

UNIC
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha milliy maslahatchi

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

XMT
Xalqaro Mehnat Tashkiloti
BMTTD
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi
UNICEF
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamgʻarmasi

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar