O'zbekistonda yanada kuchli kelajakni barpo etish sari intilib
Munavar endigina 24 yoshda, lekin bir kun kelib mashhur ipak gilam to'quvchi bo'lishni orzu qiladi.
Munavvar atigi 24 yoshda, u bir kun kelib shoyi gilamlarning mashhur to'quvchisi bo'lishni orzu qiladi. Bir necha yil oldin bu kabi orzu O'zbekistondagi qishloqlarda yashovchi unga o'xshagan insonlar uchun hatto imkonsizdek edi.
U maktabni tugatib o'ziga ixtisoslik beradigan kollej yoki boshqa muassasada o’qishini davom ettirmagan. Uning yagona yo’li kam maoshli, mavsumiy qishloq xo'jaligi ishlari bo'lib, bu yo’l unga turmush o’rtog’i, 6 yoshli o'g'li va 4 yoshli qizini qo'llab-quvvatlashda katta yordam bermagan bo'lar edi.
Asosiy jihatlar
- Loyiha qishloq ayollariga jamiyatda hunarmandchilik bilan shug’ullanish imkoniyatini yaratdi.
- Loyiha 3691 kishiga (1869 ayol va 1822 erkak) qaratilgan oltita jamoani qamrab oldi.
- BMT Taraqqiyot Dasturi va Coca-Cola Jamg'armasi tomonidan amalga oshirilgan "Yangi dunyo" loyihasining 19 mamlakatda 43 ta loyihasi mavjud bo'lib, ular 100 mingdan ortiq insonga yaxshilangan suv va sanitariya sharoitlaridan foydalanish imkoniyatini beradi.
O'zbekistonda ayollarning oilaviy daromadga qo'shadigan hissasi pastligi ularning uy xarajatlari byudjetining har kungi xarajatlar yoki katta miqdordagi xaridlar va investitsiyalar uchun qanday taqsimlanishiga ta'sir qilishiga to'sqinlik qiladi. Shu sababli, BMT Taraqqiyot Dasturi mahalliy hamkorlar bilan birgalikda Samarqand viloyatidagi qishloq ayollarining imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan loyihani boshladi.
Munavvar "Yangi dunyo" loyihasi ko'magi bilan Samarqand-Buxoro ipak gilam fabrikasining "Gilam studiyasi" da gilam to'qish bo'yicha o'qitilgan 50 nafar qishloq ayollaridan biri edi. "Gilam studiyasi" bu kichik, to'liq xizmat ko'rsatadigan ishlab chiqarish uyi bo'lib, u ham o'qitish, ham ishga joylashish imkoniyatini beradi hamda yiliga 20-30 ta sifatli gilam ishlab chiqaradi.
O'zbekistonda gilamchilikning qadimgi an'analari mavjud bo'lib, gilam ishlab chiqarish keng tarqalgan va asosan ayollar tomonidan amalga oshiriladi. Ammo ilgari bu qishloqlardagi ayollar qo'pol jun gilam ishlab chiqarar edilar. Ular hech qachon yuqori darajada ishlangan tabiiy ipakdan gilam to'qishmagan.
Munavvarning dasturga qiziqishi uning barqaror biznesga ega bo'lish orzusi, doimiy ish haqi bilan gilam fabrikasida ishlash imkoniyatidan kelib chiqqan.
Dastlab, unga darslarga qatnash oson bo’lmadi. Unga o'xshash yosh ayollar ilgari bunday ish qilmagan edilar. Meva yig'ish mavsumida uning butun oilasi gilos va boshqa mevalarni yig'ish va qish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash bilan kun kechirardi. Va agar ayolning qaynonasi yoshi katta bo'lsa va eri o'z ishi bilan band bo'lsa, bolalarni kim boqadi? Bunga qo'shimcha ravishda, loyihaga nisbatan ishonchsizlik ham bor edi. Ko'p hollarda bu kabi tadbirlar qog’ozdagi loyiha bilan yakunlanar, uzoq muddatli imkoniyatlarni yaratib bermasdi.
Biroq, Munavvar mohir gilamchiga aylanish haqida o'ylardi. U treninglar o'tkaziladigan zavodga bora olmaganidan so'ng, loyiha vakillari, mahalliy hokimiyat vakillari zavod direktori bilan birgalikda uning uyiga oila a'zolari bilan suhbatlashish uchun kelishdi. Ular oilani Munavvarga gilam to'qish ishini o'rganishga va kelajagi uchun ushbu imkoniyatdan foydalanishga ruxsat berishlariga ishontirishdi. Uning qaynonasi shunday dedi: "Shunday hurmatli insonlar kelib u haqida so'raganiga qaraganda u o’qishlarda ilg’or, intiluvchan, deb ishonaman. U mahoratli gilam to’quvchisi bo’lib yetishadi, albatta".
"Gilam studiyasi" ning ochilish marosimida Munavvar o’z sertifikatini qo'lga kiritganidan so'ng, qaynonasiga shunday dedi: "Meni qo'llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur. Men o'z sertifikatimni sizga bag'ishlamoqchiman. Sizga rahmat, mening butun hayotim o'zgardi".
Munavvar endi gilam to'quvchilari jamoasi tarkibida muvaffaqiyatli ishlamoqda. Ularning mahsulotlarini mahalliy aholi, sayyohlar, tashkilotlar va kompaniyalar sotib olishadi. Ular Toshkentga va boshqa shaharlarga jo'natiladi, shuningdek O'zbekistondan tashqariga eksport qilinadi. Hali Munavvar bu sohasida shuhrat qozonishi uchun o’z ustida ko'p yillar ishlashi lozim.