21-asrda Gender tenglik va Yoshlar masalalari sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha xalqaro forum
28 noyabr 2019
BMTning O'zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzerning kirish so'zi
Men qadrli do'stim va hamkasbim, Tanzila Kamalovna bilan birgalikda ushbu muhim Forumning ochilishida qatnashishdan mamnunman.
Xonimlar va janoblar!
Bir yil oldin O'zbekiston hukumati 16 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari va 127 ta milliy rivojlanish maqsadlarini qabul qildi.
Bunda hukumat kelgusi o'n yil ichida o’zaro hamkorlikdagi rivojlanishni jadallashtirish bo'yicha o'ziga xos rejalarni e'lon qildi.
O'zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlari yo’lida gender tenglik masalalari bo'yicha quyidagilarni o'z zimmasiga oldi:
Hamma jabhada ayollar va qizlarga nisbatan kamsitilishning barcha turlarini tugatish;
Davlat va xususiy sektorda ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonlikning barcha turlarini yo'q qilish;
Jamiyat hayotida ayollarning to'liq va samarali ishtirokini va barcha darajada yetakchilik uchun teng imkoniyatlarni ta'minlash;
Davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tengligi tamoyillarini to'liq aks ettirish.
Bir yil oldin biz ushbu rejalarni amalga oshirishda muhim yutuqlarga guvoh bo'ldik. Gender tengligi va ayollarga nisbatan zo'ravonlikni oldini olish to'g'risida ikkita qonun qabul qilindi hamda ayollarni rahbarlik roliga va tadbirkorlikka jalb qilishga, ta'lim imkoniyatlarini kengaytirishga va oiladagi zo'ravonlikdan jabrlangan ayollarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirildi.
O'zining milliy barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida hukumat yoshlar uchun aniq rejalarni qabul qildi, shu jumladan:
2030-yilga kelib ish bilan ta'minlanmagan yoki o'qimaydigan yoshlar sonini kamaytirish;
2030-yilgacha yoshlarni to'liq va samarali ish bilan ta'minlash;
Yoshlarning texnik va kasbiy mahoratga hamda ish bilan bandligiga erishish, munosib ish joylariga kirish va tadbirkorlikni boshlash imkoniyatlarini oshirish.
Shuningdek, biz yana bir bor hukumatning Beshta tashabbus dasturi doirasida yoshlar uchun qabul qilgan aniq rejalari va amalga oshirayotgan harakatlarini ko'rdik. O'zbekiston BMTning Global Yoshlar 2030 dasturini amalga oshiruvchi mamlakat bo'lishda tashabbus ko’rsatdi.
O'zbekiston aholisining 60 foizidan ko'prog'i 30 yoshgacha bo’lgan yoshlardir. Ularning yarmi esa, shubhasiz, ayollar. Yoshlar va ayollarning foydalanilmagan imkoniyatlarini ishga solish nafaqat iqtisodiy o'sishga, balki inson huquqlarini ta’minlashga va jamoatchilik hamjihatligini mustahkamlashga yordam beradi.
Shundan kelib chiqb aytish mumkinki, gender tenglik, yoshlar va migratisya masalalarini qamrab olgan bugungi forum o’rinli va dolzarbdir.
Xonimlar va janoblar!
25 noyabr, dushanba kuni Ayollarga nisbatan zo'ravonlikni yo'q qilish kuni nishonlandi. Bu kun har yili butun dunyoda, shuningdek, O'zbekistonda ham "Gender asosidagi zo'ravonlikka qarshi faollik" chaqirig’i bilan o’tadi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish bir necha bor ta'kidlaganidek, gender notengligiga asoslangan zo'ravonlik muammosi ayollar va qizlarning jamiyatdagi roliga nisbatan saqlanib qolgan butun dunyoda keng tarqalgan eskicha munosabat va qarashlardan kelib chiqadi.
BMT rasmiysi sifatida men bunday eskicha qarashlarni bartaraf etish uchun aniq choralar ko'rayotgan mamlakatda xizmat qilayotganimdan mamnunman. Shunga qaramay ulkan milliy maqsadlarni amalga oshirishda yanada mustahkam yutuqlarni ta'minlash uchun ko'p ishlar amalga oshirilishi lozim. Bugungi tadbirda ko'plab rahbar ayollarning ishtiroki – bu bir qadam oldinga demakdir! Shuningdek, men juda ko'p erkak rahbarlarning ishtirokini ham e’tirof etishim lozim, chunki bu masalani hal qilish uchun barchamiz birlashishimiz kerak.
Shuningdek, biz BMT jamoasida yoshlar va ayollarning xohish-istaklari, ehtiyojlari va takliflarini o’z rejalarimizning asosiy qismiga aylantirmoqdamiz.
Biz aminmizki, ayollar va yoshlar 2030-yilgacha mo’ljallangan dasturdan shunchaki manfaatdor bo'lishdan tashqari, uni amalga oshirish, kuzatib borish va ko'rib chiqishda faol ishtirokchi bo'lishi darkor.
Shu sababli so'nggi besh hafta davomida BMTning navbatdagi hamkorlik loyihasiga tayyorgarlik ko'rayotgan jamoamiz 5 ta mintaqada 1200 dan ortiq insonlar, jumladan, 500 ga yaqin ayollar va yoshlar, imkoniyati cheklangan shaxslar va boshqalar bilan uchrashdi.
Ushbu muloqotlar davomida bugun muhokama qilinayotgan ko'plab muhim mavzular ko’rib chiqildi: munosib mehnat sharoitlariga erishish, gender tengligini ta’minlash, sifatli oliy ma'lumot olish va tadbirkorlik imkoniyatlari; nogironlikka asoslangan eskicha qarashlar va migratsiya bilan bog'liq muammolar shular jumlasidandir.
U-report milliy platformasi orqali 30 ming nafar yoshlar ishtirok etgan so’rovnoma natijalari yoshlar o'rtasida hozirda sodir bo'layotgan o'zgarishlarga katta qiziqish borligini va ular o'zgarishlarning ishtirokchisiga aylanish, ta'lim va ish bilan ta'minlash harakatiga ta'sir ko'rsatishni istashlarini ko'rsatmoqda.
Ushbu masalalarning barchasi haqli ravishda hukumat dasturi kun tartibiga kiritilgan.
Xonimlar va janoblar!
Bugungi Forum 2030 yilgacha mo’ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo'yicha harakatlar o'n yilligi arafasida bo'lib o'tmoqda.
BMT O’zbekiston jamoasi Barqaror rivojlanishning milliy maqsadlariga erishish uchun muhim shart bo'lgan gender tengligi va yoshlarning to'liq ishtirokida hukumatni qo'llab-quvvatlash bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni faollashtirishga chaqiradi.