Press-reliz

O‘zbekistonda Butunjahon cho‘llanish va sho‘rlanishga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

16 iyun 2022

Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni munosabati bilan FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda anjuman tashkil etdi.

Unda, vazirlik va idoralar, xalqaro va nodavlat tashkilotlar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari tarafidan respublikamizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha hamda qum va chang bo‘ronlariga qarshi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Dastur ijrosi yuzasidan ma'ruza va taqdimotlar qilindi, shuningdek BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish Konvensiyaning bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishini 2023 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi muhokama qilindi. Bundan tashqari, tadbirda Markaziy Osiyo mo‘'tadil cho‘llar tashabbusi (CADI) loyixasi doirasida 2017-2022 yillarda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi va cho‘l ekotizimlarini iqtisodiy baholashga bag‘ishlangan trening o‘tkazildi.

Rasm: © FAO Uzbekistan

Cho‘llanish va qurg‘oqchilikga qarshi kurash kunining 2022 yildagi shiori “Qurg‘oqchilikni birgalikda yengamiz” deb nomlanadi. Qurg‘oqchilik keng miqyoda hosilni yo‘qotish, o‘rmon yong‘inlari va suv yetishmasligi natijasida insoniyatga zarar yetkazish nuqtai nazaridan eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri hisoblanadi. Yerlar degradasiyasi va iqlim o‘zgarishi bilan yanada murakkablashib borayotgan qurg‘oqchilik 2000 yilga qaraganda 29 foizga kuchliroq namoyon bo‘lmoqda va har yili bundan 55 mln.kishi aziyat chekmoqda. 2050 yilga borib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli bu global va eng dolzarb muammo hisoblanadi.

“O‘zbekistonda qum-chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha Milliy xarakatlar rejasida belgilangan tadbirlarni Ishchi guruhi yig‘ilishi bo‘ladi hamda ishchi guruh tomonidan bajarish kerak bo‘lgan ishlar muhokamasi bo‘lib o‘tadi”, - dedi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Sobirjon Umarov.

O‘zbekistonda, 2017 yildan buyon CADI “Markaziy Osiyodagi cho‘llar bo‘yicha tashabbus” loyihasi amalga oshirilib kelmoqda. Ushbu loyiha, Birlashgan Millatlar oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilib, Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilmoqda.

“CADI loyihasi O‘zbekistonning Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi aholini qo‘llab-quvvatlash va turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan ishlarni 2017 yildan amalga oshirib keldi. Shu jumladan, tomorqa egalariga 10 mingdan ortiq daraxt ko‘chatlari tarqatildi, 120 ta tomorqa egalari kichik issiqxonalar, sutni qayta ishlash va saqlash, shuningdek, hunarmandchilik (tikuv) uskunalari bilan ta'minlandi. 270 ga yaqin mahalliy aholi vakillariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, issiqxonalarda ko‘chatxonalar tashkil qilish, asalarichilik, chorvachilik, sutni kayta ishlash, tikuvchilik va chevarchilik bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazildi.  Bugungi tadbirda keng manfaatdor shaxslar doirasi uchun o‘quv kursi o‘tkazilib, cho‘l ekotizimlarini iqtisodiy baholash uslublari bilan tanishtirishdan mamnunmiz», - deya ta'kidlaydi CADI loyihasining O‘zbekistondagi Milliy koordinatori Narimon Nishonov.

FAO/GEF tomonidan amalga oshirilayotgan «Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» (CACILM-2) loyihasi qurg‘oqchilikka uchragan va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish amalyotlarini joriy qilish ko‘lamlarini kengaytirishga qaratilgan. O‘tgan davr mobaynida loyiha hamkorlariga 500 ming donadan ortiq mevali daraxt va uzum ko‘chat hamda qalamchalari, 108 dona kichik issiqxona, 100 dan ortiq kichik qishloq xo‘jaligi texnika va asbob uskunalari, 100 tonnadan ortiq qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ekinlar urug‘lari yetkazib berildi. Bundan tashqari O‘zgidrometning Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridagi stansiyalariga jami 12 dona zamonaviy meteostansiya o‘rnatib berildi.

"Loyihaning umumiy maqsadi, qurg‘oqchil va sho‘rlangan yerlar sharoitida xatar va zaiflik darajasini pasaytiradigan, fermerlar va qishloq aholisiga qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga qarshi kurashish va bu holatlarga moslashishga yordam beradigan ilg‘or amaliyotlarni qo‘llagan holda tabiiy resurslarni uyg‘unlashgan holda boshqarish amaliyotlari miqyosini kengaytirishdir", deydi loyihaning Milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar