Press-reliz

FAO Oʻzbekistonda Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yilini nishonladi

30 mart 2022

30-mart kuni Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida joylashgan Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutida Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yili doirasida "Oʻzbekiston Respublikasida kichik hajmli baliqchilik va akvakulturani rivojlantirish istiqbollari" mavzusida amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Turkiya Respublikasi hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida FAO-Turkiya hamkorligi dasturining bir qismi boʻlgan FISHCap (Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyada baliqchilik xoʻjaligi va akvakulturani barqaror boshqarish uchun salohiyatni rivojlantirish) loyihasi doirasida tashkil etilgan boʻlib, ushbu dastur davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmogʻini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-83-sonli qarorini amalga oshirishga oʻz hissasini qoʻshadi. Mazkur hujjat, jumladan, baliqchilik tarmogʻining eksport salohiyatini oshirish, mahalliy baliq yetishtirish va akvakulturani qoʻllab-quvvatlash, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmini oshirishga qaratilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2022-yilni Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yili deb eʼlon qildi. Ushbu tashabbus kichik hajmli baliqchilar va kichik hajmli baliqchilik ishchilarining oziq-ovqat xavfsizligi, qashshoqlikka barham berish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishga qoʻshgan hissasiga jahon hamjamiyati eʼtiborini qaratish, ularning muhim roli toʻgʻrisida xabardorlikni oshirish va soha vakillarining qoʻllab-quvvatlashini kuchaytirish maqsadida ilgari surilgan.

Rasm: © FAO O'zbekiston

Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yilining nishonlanishi fermerlar, baliqchilar va sohaning boshqa vakillarining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qoʻshayotgan beqiyos hissasining eʼtirofi boʻldi. Ushbu tashabbus kichik hajmli baliq yetishtiruvchilar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularning fikri barcha darajalarda, jumladan, davlat siyosatini shakllantirish va sohani rivojlantirish bilan bogʻliq qarorlar qabul qilishda hisobga olinishi muhim ahamiyatga ega», - deydi FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Sherzod Umarov.

Tadbirda FAO ekspertlari, Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, "Oʻzbekbaliqsanoat" uyushmasi mutaxassislari, institut professorlari, ilmiy xodimlar, shuningdek, fermer va baliq yetishtiruvchilar ishtirok etdi. Seminar ishtirokchilariga Xalqaro kichik hajmli baliqchilik va akvakultura yilining tarixi va ahamiyati haqida soʻzlab berildi. Seminarda, shuningdek, Oʻzbekistonda akvakulturaning bugungi holati, kichik hajmli baliqchilik va akvakulturani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, mamlakatimizda kichik hajmli baliqchilik va akvakultura bilan bogʻliq tadbirlarni rivojlantirish va amalga oshirish rejalari muhokama qilindi. Seminar ishtirokchilari uy sharoitida baliq yetishtirishning intensiv usullari bilan ham tanishtirildi, shuningdek, ozuqa bazasi, baliq kasalliklarining oldini olish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

"Kichik baliqchilik va akvakultura sektori birgalikda global baliq yetishtirishning katta qismini ishlab chiqaradi va shu bilan birga tarmoq bandlarining 90 foizini taʼminlaydi. Siyosatda, boshqaruvda va rivojlanishda bu sohaga koʻp eʼtibor berilmagan degan qarashlar mavjud. Biroq, soʻnggi oʻn yil ichida sohaga eʼtibor va ahamiyat ortib bormoqda. FAO tomonidan 2014-yilda joriy etilgan Oziq-ovqat xavfsizligi va qashshoqlikka barham berish kontekstida barqaror kichik hajmdagi baliqchilikni taʼminlash boʻyicha FAO ixtiyoriy koʻrsatmalari ushbu sohani munosib eʼtirof etishdagi muhim muvaffaqiyatdir. Sektor yangi rivojlanish imkoniyatlarini hisobga olgan holda ortib borayotgan muammolarni yengib oʻtish uchun oʻz pozitsiyasini egallashi kerak", - dedi FAOning baliqchilik va akvakultura boʻyicha katta mutaxassisi Xaydar Fersoy.

Tadbir doirasida intensiv akvakultura sohasidagi ilmiy ishlanmalar va yutuqlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Soʻngra seminar ishtirokchilari Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining tarkibiy boʻlinmalari, jumladan, laboratoriya majmuasi, FAO koʻmagida oʻrnatilgan akvarium majmuasi va boshqa inshootlar bilan tanishtirildi.

 

 

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar