Press-reliz

FAO hamkorlar bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumani aholisi uchun chorvachilik va suvni tejovchi texnologiyalar bo‘yicha treninglar o‘tkazdi

26 yanvar 2022

Chorvachilik Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumani aholisi uchun muhim daromad manbalaridan biridir. Ammo shuni tan olish kerakki, ushbu hududning qishloq aholisining ilg‘or texnologiyalar, ta'lim va maslahat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari birmuncha cheklangan. Ayni paytda, sog‘in sigirlarni to‘g‘ri parvarish qilish, sut mahsulotlari olishda sanitariya-gigiena me'yorlariga rioya qilish, yirik va mayda shoxli mollarni turli kasalliklardan himoya qilish bevosita sohaning samaradorligiga ta'sir qiladi.

Mahalliy aholining ushbu muhim masalalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi bilan birgalikda 25-26 yanvar kunlari chorvachilik bo‘yicha treninglar o‘tkazdi. Ularda 50 nafarga yaqin, asosan, Bo‘zatov tumanidagi qishloq ayollari va yoshlari, ijtimoiy zaif guruhlari vakillari ishtirok etdi. Treninglarda mutaxassislar bilan birgalikda chorvachilik kasalliklarining oldini olish, samarali ozuqa rasionlarini yaratish, sutni uyda saqlash va qayta ishlash qoidalari hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Rasm: © Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)

Treninglar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik Jamg‘armasi va FAOning Orolbo‘yi mintaqasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining iqtisodiy muammolarini hal etish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi. Qo‘shma loyiha BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondi tomonidan moliyalashtiriladi.

“Biz qishloq xo‘jaligidagi innovasion tajribalarni uy xo‘jaliklari darajasida targ‘ib qilishga, Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish uchun ilg‘or tajribani joriy etishga intilamiz. Treninglar davomida olingan bilim va ko‘nikmalar ishtirokchilarga o‘z xo‘jaligini yanada samarali boshqarish va ko‘proq foyda olish imkonini beradi, degan umiddamiz», - deydi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov.

Shuningdek, 2022 yil 27 yanvar' kuni 25 kishi ishtirokida suvni tejovchi texnologiyalar mavzusida ham trening tashkil etildi. Treningda aholi shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida tomchilab sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish tizimini aholi tomorqalarida to‘g‘ri ishlatish yo‘llari va suv resurslaridan oqilona foydalanishning boshqa masalalari kabi mavzular yoritildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘z shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun moddiy-texnik va moliyaviy resurlar bilan ta'minlash borasidagi mamlakatimizda yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishtirildi.

Avvalroq ushbu loyiha doirasida FAO milliy hamkorlar bilan birgalikda Bo‘zatovda bog‘dorchilik, baliqchilik va tuproqni muhofaza qiluvchi qishloq xo‘jaligi amaliyotlari mavzulari bo‘yicha treninglar o‘tkazgan edi. Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlarida ham shunday treninglar o‘tkazilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, loyiha doirasida fermer xo‘jaliklari ko‘chatzorlar va baliq boqish havzalarini yaratish uchun zarur uskuna va jihozlar bilan ham ta'minlanadi.

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti
BMTTD
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi
BMTAJ
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik Bo`yicha Jamg`armasi

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar