BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzerning Yashil tiklanish forumidagi bayonoti
Bugungi Forum - bu O'zbekistonning COVID-19 dan tiklanishida qaerda turganini muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyat.
Xonimlar va janoblar!
Ushbu forumda ishtirok etish va BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi nomidan nutq so’zlash men uchun sharafdir.
Ushbu tadbirni tashkil etgani uchun mamlakat hukumatidan, Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot Dasturi va UNESCOdan minnatdorman. Bugungi forum O'zbekistonning COVID-19 dan tiklanishida hukumat a’zolari, tadbirkorlar, rivojlanish bo'yicha sheriklar va fuqarolik jamiyati vakillari qanday birlashishi mumkinligini muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyatdir.
2021 yil sayyoramiz uchun muhim yildir. 2020 yil oxirida BMT Bosh kotibi barcha a'zo davlatlarni iqlim o‘zgarishlarini favqulodda holat deb e'lon qilishga chaqirdi.
Yanvar oyida u xalqaro hamjamiyatni noyabrda iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha COP26 konferensiyasida qabul qilingan harakatlarni tezlashtirishga da’vat etdi, COVID-19 dan tiklanish va sayyoramizning mo‘tadil iqlimini ta‘minlash bir tanganing ikki tomoni ekanligini ta‘kidladi.
Hamkasbim Spoljarik Egger ta'kidlaganidek, bu borada moslashuvchan “yashil” siyosat talab etiladi.
Bunday harakatlar COVID-19 dan keyingi barqaror iqtisodiy tiklanishni ta'minlaydi va rivojlanishning yangi yo'llarini yaratadi.
Orol dengizi inqirozi haqiqatan ham inson omili iqlim isishiga olib kelishini bizga eslatib turadi. Noto‘g‘ri sug'orish amaliyoti tufayli dengizning qurishi mintaqamizdagi iqlimning o'rtacha isishdan ikki baravar yuqori bo'lishida hamda bir paytlar gullab-yashnagan Orol dengizi havzasini qamrab olgan dahshatli chang bo'ronlari, tuproqning tanazzulga uchrashi va biologik xilma-xillikning yo'qolishida asosiy omil hisoblanadi.
Xonimlar va janoblar!
Biz bu borada yechimlarni bilamiz. Iqlim o'zgarishiga moslashish, biologik xilma-xillikni saqlash, chiqindilarni qayta ishlash, energiya samaradorligi va qazilma yoqilg'ilarni subsidiyalashni ratsionalizatsiya qilish kabi sohalarda O'zbekiston barqaror rivojlanishning milliy maqsadlarini qabul qilishda dunyo hamjamiyatiga qo'shilgani quvonarli holdir. Shuningdek, O'zbekiston 2010 yil darajasidan 2030 yilgacha YaIMning har bir birligiga nisbatan issiqxona gazi chiqindilarini 10 foizgacha kamaytirishni maqsad qilgan.
Shunga qaramay, biz bu borada yanada ko'proq harakat zarur, deb hisoblaymiz. Barqaror rivojlanish maqsadlariga binoan biz O'zbekistonni barcha jabhalarda o'z dasturlarini amalga oshirishga da'vat etamiz.
Qadrli do'stlar!
Bosh vazir o'rinbosari Qo’chqorov ta'kidlaganidek, yashil tiklanish dasturi ixtiyoriy emas, balki bu iqtisodiy o'sish uchun zarurdir.
BMTning O‘zbekiston jamoasi 2019 yilda hukumat tomonidan qabul qilingan "2030 yilgacha yashil iqtisodiyotga o'tish milliy strategiyasini" mamnuniyat bilan e’tirof etadi.
Ushbu strategiya 2018 yilda O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan iqlim o'zgarishlari bo'yicha Parij bitimi majburiyatlarining hamda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha qo'shimcha majburiyatlarning bajarilishiga hissa qo'shishga qaratilgan.
Shuningdek, biz "yashil" iqtisodiyotni targ'ib qilish va amalga oshirish bo'yicha Idoralararo kengashning tashkil etilishini mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Ushbu Kengash milliy va xalqaro ekspertlar, xususiy sektor, jamoat tashkilotlari va tahlil markazlari bilan uzluksiz muloqotlar olib borishi va shu orqali yashil rivojlanishni jadallashtirish uchun innovatsiyalar va imkoniyatlardan foydalanishi muhimdir.
Xonimlar va janoblar!
BMT jamoasi va xalqaro moliya institutlari O'zbekiston hukumatini davom etayotgan COVID-19 pandemiyasiga munosib javob qaytarish va undan tiklanishda ko'mak berib, “yashil” rivojlanishga e'tibor qaratmoqda.
2030 yilga qadar belgilangan rejalarga muvofiq, BMT jamoasi o‘z faoliyati markaziga iqlim o‘zgarishlari masalasini qo‘yadi.
BMT taraqqiyot dasturi rahbarligi ostida BMT agentliklari hukumatni iqlim uchun mas'uliyatli va barqaror rivojlanishga yo'naltirishni qo'llab-quvvatlash uchun ulkan rejani ishlab chiqdilar, chunki bu BMTning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish dasturi doirasida uchta strategik ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida qayd etilgan.
Birgalikda jahon tajribasidan foydalangan holda Orol dengizini jonsiz cho'ldan innovatsiya va yashil texnologiyalar mintaqasiga aylantirish uchun sa'y-harakatlarni jadallashtirish bo'yicha hamkorligimizni davom ettiramiz hamda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondiga ko‘magini oshiramiz.
Xonimlar va janoblar, so'zimni yakunlar ekanman, bugungi munozaralar davomida yodda tutish kerak bo'lgan uchta muhim masalani ta‘kidlashga ijozat bergaysiz:
Birinchidan, bu borada butun boshli hukumat yondashuvi juda muhimdir. “Yashil tiklanish” masalasi bir-ikkita vazirlik yoki davlat qo'mitalarigagina tegishli masala emas. Bugungi muhokamalar barcha sohalarda - energetika, qurilish, suv ta'minoti, qishloq xo'jaligi, moliyalashtirish, sog'liqni saqlash, ta'lim kabi yo’nalishlarda harakat qilish zarurligini ko’rsatadi.
Ikkinchidan, ushbu masalaga butun jamiyatning birgalikdagi yondashuvi muhimdir. Fuqarolar faolligi va jamoatchilik ishtiroki, shu jumladan ayollar va yoshlar aralashuvi muhim ahamiyatga ega. Har bir bola nega suvni isrof qilmaslik yoki plastik chiqindilarni duch kelgan yerga tashlamaslik kerakligini, nega yashil energiya ularning kelajagi uchun muhimligini, nega yashil rivojlanish bilan ta'minlangan ishchi kuchiga qo'shilish uchun ularga yangi ko'nikmalar kerakligini bilishi lozim.
Uchinchidan, siyosiy yetakchilik va global sahnada o‘z ovoziga ega bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Biz O'zbekistonning mintaqaviy va global miqyosdagi davra suhbatlarida, shu jumladan COP26 yig’ilishlarida tobora faol ishtirok etishini, tajriba almashish va dadil choralar ko'rishini kutmoqdamiz.
Qadrli do'stlar!
Iqtisodiy taraqqiyot va ekologik barqarorlik o'rtasida hech qanday qarama-qarshilik mavjud emas. Darhaqiqat, yashil iqtisodiyot doirasida investitsiyalar, rivojlanish va xavfsizlik uchun muhim imkoniyatlar mavjud.
Yangi, barqaror yo'llarni kashf etgan mamlakatlar pandemiyadan oldingi davrga nisbatan kuchliroq, bardoshliroq, sifatli oziq-ovqat bilan ta'minlangan va farovonroq bo'lishadi.
Men kelgusi ikki kun davomida ushbu forum doirasida COVID-19 dan tiklanishning markazida yashil va barqaror rivojlanishni rag'batlantiruvchi muloqotlar bo‘lib o‘tishini kutmoqdaman.
Bu nafaqat taraqqiyot uchun foydali, balki jamiyat va kelajak avlodlar salomatligi va farovonligi uchun ham juda muhimdir.
Rahmat.