Zamonaviy kasblarni egallab, boshqalarga ham ko’maklashayotgan yosh O’zbek qizlari.
“Men aslida Uchquduq degan kichik bir shaharchadanman”, – deya o’zini tanishtirdi 14 yoshli Malika. “Boshqa qizlar kabi men ham raqs, ashulachilik darslariga qatnardim, zamonaviy texnologiyalar haqida esa oldinlari o’ylab ham ko’rmaganman”, – deydi u.
Chindan ham dunyoning ko’plab davlatlarida zamonaviy kasblar, ilm-fan sohasi, aniq fanlar, xususan matematika va muhandislik yo’nalishlarida asosan erkaklar faoliyat yuritishi hech kimga sir emas. Ammo O’zbekistondagi ko’plab maktablar hozirda bu stereotipga barham berib, qizlarni ham ushbu sohalarga jalb qilishga astoydil kirishgan.
Malikaning hayoti oilasi bilan birga poytaxt shahar – Toshkentga ko’chib o’tgach sezilarli darajada o’zgardi. “Tug’ilib o’sgan joyimda qolgan do’stlarimni juda sog’inaman”, – deydi u. Lekin shaharga kelishi bilan u uchun yangi imkoniyatlar paydo bo’ldi: grafik dizayn, kino yaratish va boshqa zamonaviy kasblarni egallash uchun o’quv mashg’ulotlariga qatnasha boshladi.
Shunday kunlarning birida u “Technovation Challenge Uzbekistan” deya nomlangan tanlov haqida e’lon ko’rib qoldi. Bu xalqaro miqyosdagi “Technovation” nomli notijorat tanlovning bir qismi bo’lib, hozirgi davr muammolariga zamonaviy texnologiyalar yordamida yechim topishda qizlarga ko’maklashishni maqsad qilgan. Ushbu tanlovni O’zbekistonda BMTning turli agentliklari va boshqa tashkilotlar qo’llab-quvvatlaydi.
2019 yilda Malika bir nechta boshqa qizlar bilan birgalikda jamoa tuzib, turli muammolarga yechim topish haqida bosh qotira boshladi. “Tug’ilib o’sgan joyimda ko’plab o’rtoqlarimning otalari yoki boshqa yaqin qarindoshlari ish topish uchun xorijga ketardi”, – deydi u. Jamoadagi boshqa qizlar ham ayni shu kabi holatlarga ko’p marotaba guvoh bo’lganini aytishgan. Ularning so’zlariga ko’ra, iqtisodiy tanglik ko’plab o’zbeklarni ish izlab Rossiya, Yevropa, Sharqiy Osiyo va boshqa mintaqalarga safarga otlanishiga turtki bo’ladi.
“Bu masala bizga jiddiy ko’rindi. Ishlash uchun ketayotgan vatandoshlarimizga safari xavfsiz bo’lishida ko’maklashishni istardik”, dedi u. Malika va uning jamoasi Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan uchrashib, qanday qilib zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda masalaga yechim topish mumkinligi haqida fikr almashishdi.
Jamoa “Plov Time” deb nomlangan ilova yaratdi. U turli mamlakatlardagi mehnat qonunchiligi, migrantlar kartasini olish yo’llari, favqulodda vaziyatlarda o’zini qanday tutish va boshqalar haqida ma’lumot beradi.
“Ushbu ilova chinakam yutuq bo’ldi, deb ayta olaman”, deydi XMTning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sanjarbek Toshboyev.
“Migrantlar undan unumli foydalanishlari mumkin, qizlar esa zamonaviy texnologiyalarni qo’llash, aniq fanlarni o’rganish imkoniga ega bo’ladi. Bularning ikkisi ham yurt ravnaqi uchun juda foydali”.
Muhabbat va tabassum ila yaratilgan
Toshkentda quyoshli Shanba. Opa-singillar Nastarin va Sevinch o’zlarining 8 yoshli ukalari Axmadjon bilan mahalliy muzeyda berkinmachoq o’ynashmoqda.
“Ukam Daun sindromi bilan tug’ilgan. U kabi bolalar uchun boshlang’ich ta’lim olish imkoniyatlari cheklangan. Shu sababdan bu borada o’zimiz biroz izlanish olib bordik. Izlanishlarimiz natijasida ko’plab tashkilotlar “Yosh va bosqichlar” deya nomlanuvchi so’rovnoma orqali Daun sindromini kuzatib borishi va yoshlarga muvaffaqiyatga erishishi uchun ko’maklashishini bilib oldik”, – deydi Sevinch.
2018 yilda bo’lib o’tgan “Technovation Challenge” tanlovi uchun Nastarin va Sevinch ikki jamoadoshi bilan birgalikda “Sun Child” deb nomlangan ilova ishlab chiqdilar. U ota-onalarga so’rovnomadan foydalangan holda Daun sindromi bilan tug’ilgan bolaning iqtidorini baholashda yordam beradi.
“Shifokorlar menga o’g’lim Rustam Daun sindromi bilan tug’ilganini aytganlarida, nima qilishni bilmay tashvishga tushib qolgandim”, deydi “Umnichka” nodavlat ta’lim tashkilotining oilaviy ko’mak koordinatori Aziza Karimova. “Qaniydi “Sun Child” kabi ilovam bo’lsaydi, derdim. O’ylaymanki, ushbu dastur barcha ota-onalar va bolalarga rivojlanish yo’llarini boshlashga yordam beradi”.
“Technovation Challenge”dan ilhomlangan Nastarin zamonaviy texnologiyalar sohasidagi boshqa imkoniyatlarni ham o’rganishga qaror qildi. U va do’stlari 2019 yilda nogironligi bor bolalarni umumiy sinflarga qabul qilinishini osonlashtiruvchi dasturni taqdim etib, Janubiy Koreyada maxsus mukofot bilan taqdirlandilar. Uning singlisi Sevinch hozirda Toshkentdagi texnologiya va biznesga ixtisoslashgan Inha universitetining talabasi.
“Ushbu dastur ko’plab qizlarni ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va aniq fanlar sohasiga jalb qilishga ko’maklashadi”, deydi BMTning O’zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer.
“Ular dastur orqali butun hayotlarida davomida qo’l keladigan ko’nikmalarni o’zlashtiradilar. Shu sababdan ularni qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirib turish lozim. Bu esa o’z navbatida, notenglikka barham berish, o’zgarishlarni yuzaga chiqarishga turtki bo’ladi”.
Oilalardagi rivojlanish – butun mamlakat uchun rivojlanishga asos
2017 yilda ishga tushirilganidan buyon “Technovation Challenge” butun O’zbekiston bo’ylab 500 dan ortiq yosh dasturchilarni qo’llab-quvvatladi, ularning hammasi qizlar. Asosiy urg’u ta’lim, sog’liqni saqlash va qashshoqlikka barham berish kabi masalalarga qaratilgan. Qizlar Birlashgan millatlar tashkiloti tarkibidagi ko’plab agentliklar, xususan, Xalqaro migratsiya tashkiloti, UNICEF, BMT Taraqqiyot Dasturi va BMT Aholishunoslik jamg'armasi (UNFPA) tomonidan murabbiylar va jamoatchilik ko’magi orqali qo’llab-quvvatlandi.
“Technovation Challenge” kabi loyihalar qizlar va ayollarda ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar, muhandislik va aniq fanlarga bo’lgan qiziqishning oshishiga sabab bo’ldi. Misol uchun, loyihaning akademik hamkori hisoblangan Toshkentdagi Inha Universiteti talabalar orasida qizlarning hissasi 2016 yildagi 8 foizdan 2018 yilda 35 foizga o’sganini ma’lum qildi. Bunday sezilarli o’sish O’zbekistonning gender tenglikni ta’minlash yo’lidagi say-harakatlari natijasidir.
“Dastur menda o’zimga bo’lgan ishonchni oshirishga, omma oldida nutq so’zlash madaniyatini shakllantirishga va jamoa bo’lib ishlashni o’rganishga katta yordam berdi. Endigi maqsadim imkon qadar ko’proq odamalrga naf keltiradigan biror yaxshi loyiha yaratishdan iborat”, – deya xulosa qildi Malika.
So’ngra u soatiga qarab qo’ydi. Universitetdagi dasturlash kursiga shoshayotgani yodiga tushib, tezlashdi.
“Xa, men qiz bolaman. Lekin kim meni buni uddalolmaydi deb ayta oladi?” deydi u o’ziga ishonch bilan.
Taraqqiyotni muvofiqlashtirish idorasi xodimi Paul VanDeCarr muharrirlik ko’magi bilan BMT Axborot xizmati mas’uli Anvar Meliboev tayyorladi.
Tomonidan yozilgan
Anvar Meliboev
UNIC
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha milliy maslahatchi