Qizlar bilan dil izhorlari - Anastasiyaning hikoyasi
BMT Bosh assambleyasi Xalqaro qizlar kuni to'g'risida rezolyutsiya qabul qilganiga mana sakkiz yil bo’ldi.
BMT Bosh assambleyasi Xalqaro qizlar kuni to'g'risida rezolyutsiya qabul qilganiga mana sakkiz yil bo’ldi. Ayollar vakili sifatida, men uchun bu juda ham muhim sana, chunki qizlar har doim alohida g'amxo'rlik, e’tibor va himoyaga muhtoj.
Afsuski, har doim ham ayollarga quloq solinmaydi. U kimningdir yordami va qo'llab-quvvatlashiga ham doim umid qila olmaydi. Ota-onalar bir umr biz bilan bo’la olmaydi, ayolning turmush o’rtog’i ham hamma hollarda ishonchli inson bo’lavermaydi. Hamma narsa bir lahzada vayron bo’lishi, siz esa kuchli bo'lishga va tushkunlikka tushmaslikka tayyor bo'lishingiz kerak. Keyin esa ushbu hayot darslari qiz bola uchun chidamlil bolishlikka xizmat qilib, uning hayoti uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Men an'anaviy oilada tarbiya ulg’aydim. Onam o'qituvchi, dadam shifokor. Oilamiz asoslari an'anaviy bo'lgan: oliy ma'lumotli bo’lish, turmush qurish, farzandni dunyoga keltirish, kasb sohasida yuqori cho’qqilqrni egallash.
Kasb tanlashda ota-onam meni qo'llab-quvvatladi. Men qayerga borishimni, nima bilan shug’ullanishimni aniq bilardim. Maktab yillaridayoq kimyo o'qituvchisi meni ushbu fanga, eng zarur hayotiy manbalar va jarayonlarga singib ketgan ushbu ilmga nisbatan mehr uyg’otdi. Maqsadimga erishish istagida akademik litseyga o'qishga kirdim, u yerda neft va gazni qayta ishlash bo'yicha universitetga o'qishga kirishga tayyorgarlik ko'rish imkoniyatiga ega bo’ldim.
Mening qiziqishlarim kimyo fanini o'rganish bilan cheklanib qolmadi. Men har doim yangi narsalarni o'rganishga harakat qilar edim. Onamning ko'magi bilan 10 yoshimdan "Klass!" nomli respublika bolalar gazetasida yosh muxbir bo'lib ishladim, 12 yoshimdan BMT Bolalar jamg'armasi (UNICEF) loyihalarida ishtirok etdim. Aynan mana shu mening shaxs sifatida shakllanishimda muhim rol o’ynadi.
Ushbu loyihalardan biri fotosurat san’ati bo’yicha edi. Men o'zbekistonlik bolalarga fotosurat olish asoslarini o'rgatgan italiyalik fotosuratchi Jakomo Pirozzi bilan uchrashish baxtiga muyassar bo'ldim. Ushbu taqdirli uchrashuv tufayli men butun dunyo bo'ylab sodiq do'stlar orttirdim.
Yillar davomida fotosuratga qiziqishim jiddiy mashg'ulotga aylandi. Men Toshkent Fotosuratlar uyidagi professional maktab - studiyaga o'qishga kirdim. Bu soha men uchun o'z dunyoqarashimni ko’rsatish vositasiga aylandi.
Men 21 yoshimda turmushga chiqdim. O'g'lim tug'ilganidan keyin, ba’zi sabablarga ko’ra, mening oilamga darz ketdi, turmushim buzildi. Ayol kishining hayotida shunaqasi ham ro'y beradi. Bu 2017 yilning kuzida, Toshkent kimyo-texnologiya institutini tugatishning hal qiluvchi davrida sodir bo’ldi. Men uchun o'sha og'ir davrda hayotimdagi eng aziz va meni tushunadigan inson, onam yonimda bo’ldi. U moddiy va ma'naviy qiyinchiliklarning barchasini o’z zimmasiga oldi. Bir qo’limda neftni qayta ishlash bo’yicha endigina yozib tugatilgan konspekt, bir qo’limda esa o’g’limni ko’tarib emizgan vaqtlarim yodimda.
Aynan oliy ma'lumot olishga intilish men uchun qiyin paytda o’zimni qo’lga olishga yordam berdi. Konspektlarimdan keyin taqdimotlar, kurs ishlari, muhandislik chizmalari, bitiruv malakaviy diplom ishi, magistraturaga kirish imtihonlariga tayyorgarlik va birinchi ilmiy darajani olish bilan o’qishim davon etdi.
Men o'z hikoyamni butun dunyo qizlari bilan chin dildan o’rtoqlashish imkoniyatiga ega bo'lganimdan juda xursandman! Va yana bir bor takrorlamoqchimanki, o'qimishli bo’lish - bu o'zingizga ishonish, atrofdagilar uchun, oilangiz uchun qiziqarli bo'lish va bilimlaringizni yosh avlodga yetkazishni anglatadi.