BMT doimiy vakili Helena Freyzerning kirish so'zi: COVID-19 tufayli kiritilgan cheklovlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy muloqot
14 iyul 2020
COVID-19 pandemiyasi dunyodagi aksariyat mamlakatlarni biroz tayyor emas deb topildi.
Hurmatli ishtirokchilar!
Bugun biz bilan birga ekanligingizdan mamnunman. Ushbu qiyin lahzalarda barchangizga sog'lik tilayman.
COVID-19 pandemiyasi dunyodagi aksariyat mamlakatlar ushbu vaziyatga tayyor emasligini ko’rsatdi.
Bu hodisa misli ko'rilmagan darajadagi inqiroz bo'lib, nafaqat sog'liqni saqlash tizimiga, balki iqtisodiyotga va jamiyatga ham ta'sir qildi. Bundan tashqari, O'zbekiston singari chet elda yuz minglab mehnat muhojirlariga ega mamlakatlar qo'shimcha muammolarga duch kelmoqdalar.
Birlashgan millatlar tashkiloti va O'zbekiston hukumati o'rtasida COVID-19 ga tayyorgarlik ko'rish va vaziyatni o’nglash bilan bog'liq masalalar pandemiya boshlanganidan buyon dolzarb bo'lib kelmoqda. Shu yilning yanvar oyida Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi Sog'liqni saqlash vazirligi bilan yaqin hamkorlik qila boshladi.
Men bugungi tadbirni hukumatning sog'liqni saqlash choralarini xalqaro sog'liqni saqlash qoidalari hamda inson huquqlari standartlari va majburiyatlari bilan muvozanatlashtirish muhimligi to'g'risida mulohaza qilishga, shuningdek, karantin inshootlari va hududlarni yanada takomillashtirish bo’yicha ba'zi ijobiy natijalarni baham ko'rishga tayyorligi belgisi sifatida mamnuniyat bilan qabul qilaman.
Men fuqarolik jamiyati vakillarining bugungi ishtirokini alohida e’tirof etmoqchiman. Yaqinda Inson huquqlari Oliy komissari Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti sog'liqni saqlash va COVID-19 ga qarshi ijtimoiy choralar jamoatchilikni jalb qilgan holda amalga oshirilishini qat'iy tavsiya qilganini ta'kidladi, chunki inson huquqlariga hurmat sog'liqni saqlash tizimining muhim vositasidir. Uning so'zlariga ko'ra, “epidemiyaga qarshi kurashishning yagona samarali usuli bu jamoat ishonchidir”.
Aziz do'stlar!
24-iyun kuni men jamiyat duch kelgan muammolarni bevosita tushunish va samaraliyechimlarni birgalikda aniqlash maqsadida Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin zonasigatashrif buyurish imkoniyatiga ega bo'ldim.
Tashrif chog'ida biz hukumat vakillari, shifokorlar, hamshiralar, xizmatchilar bilansuhbatlashdik va bemorlarning qarindoshlari o’z yaqinlariga dori-darmon va boshqa keraklinarsalarni olib kelishlari jarayoniga guvoh bo’ldik. Shuningdek, muassasa ichida hali egasiz konteynerning ichki qismini ham ko'rdik. Bosh vazir o'rinbosari Abduhakimov, professor Saidov hamda muassasa rahbari bilan hukumat muassasadagi bemorlar duch keladigan muammolarni qanday qilib samarali va tezkor hal qilishi mumkinligi to'g'risida ochiq suhbat o'tkazdik.
Bu haqda batafsil to’xtaladigan bo’lsak, xorijdan O’zbekiston hududiga kirib kelayotgan sayyohlarni karantinga olish virus yuqishini to'xtatish uchun samarali usul hisoblanadi. Yuqori Chirchiqda bemorlarni eng zarur narsalar bilan ta'minlash uchun ulkan sarmoya kiritilganligi men uchun quvonarli bo’ldi: muntazam oziq-ovqat va suv, televizordan foydalanish imkoniyati, sovutish va isitish moslamalari, har bir konteyner yonidagi kichik ochiq mashg’ulotlar zonasi, tashqi qo'ng'iroqlar uchun telefon va boshqalar.
Shunga qaramay, karantin insonlarning erkin tanlovini sezilarli darajada cheklaydi. Aholining sog'lig'ini himoya qilishga qaratilgan bunday cheklovlar qonuniylik, zaruriyat, mutanosiblik tamoyillariga mos kelishi va hech bir inson kamsitilmasligi lozim. Karantinning salbiy ruhiy ta'sirini minimallashtirish va karantin zonalaridagi sharoitning yetarli bo'lishini ta'minlash uchun mavjud bo'lgan resurslardan maksimal foydalanish kerak. Karantin muassasalari bemorlarning davolanishiga hurmat bilan yondashishi va ularning o'ziga xos zaif tomonlarini hisobga olishlari lozim.
Aprel oyidan boshlab BMTning O’zbekistondagi vakolatxonasi karantin obyektlari bo'yicha hukumatni qo'llab-quvvatlash maqsadida tegishli ko'rsatma va tavsiyalar bilan o'rtoqlashmoqda. Ushbu tavsiyalarning ba'zi elementlari hukumat tomonidan e’tiborga olinganligidan xursandmiz. Shuningdek, biz COVID-19 ning yengil shaklini yuqtirgan bemorlarni uyda davolash bo'yicha yangi Oraliq tibbiy protokol qabul qilinishini qo’llab-quvvatlaymiz. Bu ayniqsa, bolalar, qariyalar, homilador va yosh bolali ayollarni karantin lagerlariga borish tashvishidan xalos etadi.
Yuqori Chirchiqqa tashrifimizdan so'ng muhokama qilingan tavsiyalar quyidagilarni o’z ichiga oladi:
Karantindagi shaxslar o'zlarining sog'lig'i, ruhiy va jismoniy holati to'g'risida zudlik bilan xabar yetkazishlari va ushbu obyektlarni nazorat qiluvchi tegishli davlat idoralari tomonidan o'z vaqtida qo'llab-quvvatlanishi uchun uzluksiz rejimda ishlovchi xodimlar bilan muloqot qiladigan mustaqil shikoyatlar mexanizmi yaratilishini ta'minlash lozim.
Ushbu sohada Ombudsman idorasining asosiy roli:
Ombudsman idorasi shikoyatlarni ko'rib chiqishda birinchi chaqiriq manzili bo'lishi va fuqarolik jamiyati ishtirokida doimiy ravishda kuzatuv tashriflarini tashkil qilishi lozim.
Yosh bolalar, qarovsiz, voyaga yetmaganlar, kasal insonlar, surunkali kasalliklarga chalingan odamlar, nogironlar, qariyalar va homilador yoki emizikli ayollar kabi guruhlarning maxsus ehtiyojlari hisobga olingan mos tadbirlarni ishlab chiqish lozim.
Kerakli dori-darmonga, tibbiy va ijtimoiy yordamga, turar-joy bilan bog’liq va ruhiy maslahatga muhtoj insonlar uchun yetarli va mos yordamni ta'minlash zarur.
Karantin ostidagi barcha shaxslarga ma'lumotlardan erkin foydalanish, tashqi dunyo bilan erkin aloqaga ega bo’lish, shu jumladan bepul WIFI va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish, maqsadli faoliyat bilan shug'ullanish, jumladan, onlayn tarzda o'qish va ishlash imkoniyati taqdim etilishi kerak.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ko'rsatmalariga muvofiq biz karantin ostidagi shaxslardan shaxsiy buyumlar, shu jumladan telefonlar, kompyuterlar, planshetlar va bank kartalari olib qo'yilmasligini tavsiya qilamiz.
Xavfsizlikni ta'minlash uchun karantin zonalaridan chiqqandan so'ng, barcha shaxslar karantin muddati, tibbiy yozuvlar hamda o'tkazilgan COVID-19 testlarining sanalari va natijalari ko'rsatilgan tegishli hujjatlarni o’zlari bilan olib ketishlarini tavsiya qilamiz.
Ushbu qiyin davrda sog'liqni saqlash bo'yicha ko'rsatmalarga rioya qilgan holda ko’ngilli yordam beruvchilarning muhtojlarga, shu jumladan karantin zonalarida bo'lgan insonlarga yordam berishlari uchun bemalol erkin harakatlanishiga imkon berishni tavsiya etamiz.
Xonimlar va janoblar!
Pandemiyani bartaraf etishda O'zbekistonning maqtovga sazovor bo'lgan sa'y-harakatlaridan biri noto'g'ri, yolg'on ma'lumotlarga qarshi kurashdir.
Barchamiz bilamizki, xuddi shu karantin zonalari besh yulduzli mehmonxonalar yoki aksincha qo'rqinchli qamoqxonalar kabi talqin etilgan tasdiqlanmagan qarama-qarshi hikoyalar keng tarqaldi.
Karantin zonasida bo’lgan insonlar bilan suhbatdan xulosam shuki, haqiqat bu ikkala farazning o’rtasidadir.
Mish-mishlar tarqalishini to'xtatishning yagona usuli karantindagi odamlarga tashqi dunyoga ko'proq chiqish imkoniyatini berishdir. Epidemiologik xavfsizlik qoidalariga muvofiq jurnalistlarning karantin zonalariga kirishini ta'minlash karantin inshootlari sharoitlari va ichkaridagi odamlarga nisbatan munosabatlarning oshkoraligi, hisobdorligini oshirishga hamda aholining ishonchini qozonishga yordam berishi mumkin.
BMT jamoasi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga binoan va inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarga muvofiq barcha o'zbekistonliklarning o’z sog'lig'iga bo'lgan huquqlarini muhofaza etishga qaratilgan sa'y-harakatlarni qo’llab-quvvatlashga tayyordir.