Press-reliz

O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi

04 iyul 2022

Joriy yilning 4 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining, yerdan foydalanish va qayta tiklashning ta'siri dasturi”ni amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Qo‘shma loyihaning asosiy maqsadi degradasiyaga uchragan ekotizimlar va uning xizmatlarini tiklashga ko‘maklashish, don yetishtirishga asoslangan ekin maydonlariga ilg‘or innovasion tajribalarini olib kirish va bioxilmaxillikni muhofaza qilishdan iboratdir.

Loyiha grant qiymati jami 5,99 mln. AQSh dollarini tashkil etib Global Ekologik Jamg‘arma (GEJ) tomonidan moliyalashtirilishi belgilangan.

Rasm: © FAO O'zbekiston

Shu munosabat bilan 4 iyul kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida hamkorlik shartnomasi imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjat FAOning submintaqaviy koordinatori va O‘zbekistondagi vakili Viorel Gusu va O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov tomonidan imzolandi.

“O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining, erdan foydalanish va qayta tiklashning ta'siri dasturi bo‘yicha iqlim o‘zgarishining oqibatlarini hisobga oluvchi ekologik toza ishlab chiqarish amaliyotlari, integratsiyalashgan landshaft boshqaruv tizimini joriy qilish, barqaror oziq-ovkat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qiymat zanjirini rivojlantirish milliy va xalqaro miqyosda sheriklik va hamkorlikni talab qiladi” - dedi O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi raisi N.Oblomuradov o‘z nutqida.

“Mazkur hujjatning imzolanishi O‘zbekistonda tuproq tanazzuliga qarshi kurashish bo‘yicha qilinayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan birgalikdagi sa'y-harakatlarimizning boshlanishidir. Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi tanazzulga uchragan qishloq xo‘jaligi yerlari va yaylovlari muammolarini hal etishga, pirovardida barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilishiga ishonaman”, - deydi FAOning submintaqaviy koordinatori va O‘zbekistondagi vakili Viorel Gusu.

Qo‘shma loyiha doirasida tabiatni asrash va tiklash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

1. Bioxilmaxillik va yo‘qolib ketayotgan turlarning yashash joylarini tiklash va ekotizim xizmatlarini asrab qolish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarda va boshqa manfaatdor tomonlarda bioxilmaxillikni saqlash;

2. Tanazzulga uchragan yerlar va yuqori tabiiy qiymatga ega ekotizimlarni tiklash bo‘yicha davlat va boshqa manfaatdor tomonlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish va resurslarni jalb qilish;

3. Ekotizimlarni saqlash va tiklashda integrasion yer boshqaruvi modellarini ishlab chiqish va bunda hosilning quruqlik, issiqlik, yer eroziyasi, tuzlanishga chidamliligini oshirish;

4. Global ahamiyatga ega ekotizimlarni iqlim o‘zgarishining ta'sirini kamaytirish va saqlab qolish.

Hamkor tomonidan taklif etilayotgan moliyaviy vositalar 2030 yilga qadar degradasiyaga uchragan yerlar va yo‘qotilgan o‘rmonlarninig 0,5 million gektarini tiklash, cho‘llanish va qurg‘oqchilik ta'siriga uchragan sug‘oriladigan yerlarni unumdorligini oshirish, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq muammolarni yumshatishga qaratilgan.

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar