Press-reliz

Toshkentda chorvachilikni barqaror rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tmoqda

22 iyun 2022

21-23 iyun kunlari Toshkent shahrida “Barqaror chorvachilik global dasturi” doirasida gibrid shaklda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha 2-mintaqaviy yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan “Chorvachilik – barqaror oziq-ovqat tizimlari rivoji uchun” shiori ostida tashkil etildi. Tadbirda offlayn shaklda qariyb 140 kishi, jumladan, 9 ta davlatdan 25 nafar xorijiy mehmon ishtirok etmoqda.

Aholining xavfsiz va arzon oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish bilan birgalikda atrof-muhitni muhofaza qilgan holda chorvachilikning barqaror va inklyuziv rivojlanishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. O‘zbekistonda chorvachilik tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda sotish uchun raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishning ilmiy asoslangan usullari va intensiv texnologiyalarini keng joriy etish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezdidentining “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (8.02.2022 yildagi PQ-121-son) va “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi (03.03.2021 yildagi PQ-5017-son) qarorlari qabul qilinganligi ham shundan dalolat beradi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dastur ham ishtirokchilar e'tiboriga havola etildi.

Rasm: © FAO O'zbekiston

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha 2-mintaqaviy yig‘ilishi yanada inklyuziv va barqaror chorvachilik tizimini yaratish uchun birgalikdagi harakatlarni rivojlantirishga qaratilgan.

“Barqaror chorvachilik global dasturi” chorvachilik sohasida ushbu sohani barqaror rivojlantirish tarafdori bo‘lgan keng doiradagi manfaatdor tomonlarni birlashtiradi. Ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmi orqali dastur ishtirokchilari manfaatdor tomonlarga o‘z majburiyatlarini bajarish, investisiyalarni jalb qilish, ilg‘or tajribalarni joriy etish va 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun strategik qarorlar qabul qilishda yordam beradi. Dastur bir qator tashabbuslarni amalga oshiradi, jumladan, vebinarlar, nashrlar, tajriba loyihalari, mintaqaviy va global uchrashuvlar hamda shu orqali butun dunyoda chorvachilikni barqaror rivojlantirish uchun harakatlar va siyosiy qarorlarni asoslash uchun zarur bo‘lgan o‘zaro muloqot, ilmiy ma'lumotlarni umumlashtirish  va tarqatishni rag‘batlantiradi.

Yig‘ilishda turli mamlakatlardan olingan misollar yordamida soha yutuqlari, shuningdek, yanada barqaror, bardoshli va inklyuziv oziq-ovqat tizimlarini yaratish maqsadida chorvachilikni yanada rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan kelgusidagi harakatlar bo‘yicha istiqbolli majburiyatlar ko‘rib chiqildi.

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar