Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida UNICEF va hamkorlar nogironligi bo‘lgan bolalar masalalariga e'tibor qaratmoqdalar
01 iyun 2022
Bayram tadbiri muloqot uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi va nogironligi bo‘lgan bolalarga taalluqli dolzarb masalalarni yoritadi.
ТОSHKENT, 2022 yil 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida UNICEF va hamkor tashkilotlar barcha bolalar uchun sifatli inklyuziv ta'limni taqdim etishga, salbiy stereotiplarga qarshi kurashishga va nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan diskriminasiyaga barham berishga da'vat qiladilar.
UNICEF Xalq ta'limi vazirligi, Yoshlar masalalari agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog’liqni saqlash vazirligi, Bola huquqlari bo’yicha vakil (Bolalar ombudsmani), Xotin-qizlar va oila ishlari davlat qo‘mitasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, O‘zbekiston volontyorlari assosiasiyasi, Daun sindromi bo‘lgan bolalarning ota-onalari assosiasiyasi bilan hamkorlikda butun mamlakat bo‘ylab nogironligi bo‘lgan bolalarning ahvoliga diqqat-e'tiborni qaratish maqsadida Bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab bayram tadbirini o‘tkazdi.
1-iyun' kuni nogironligi bo‘lgan bolalar uchun global va milliy darajalarda muhim qadamlar qo‘yilgan vaqtda bayram qilinmoqda. O‘zbekiston yaqinda BMTning Nogiron insonlarning huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikasiya qildi, xabardorlikni oshirish maqsadida #To‘siqlar milliy kampaniyasi boshlandi. Global miqyosda BMTning bola huquqlari va nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitalari 2022 yil mart oyida nogironligi bo‘lgan bolalar huquqlari bo‘yicha Qo‘shma bayonotni e'lon qildi va quyidagi maqsadlarni ustuvor qilib belgiladi:
- Nogironlik asosida bolalarni internat muassasalariga joylashtirishni (institusionalizasiyani) tugatish hamda bolalarning jamiyatda va oilada rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish;
- Ajratgan holda ta'lim berish tizimlarini bekor qilish hamda erta aralashuvni, qulay ta'lim muhitini va individual yordamni kafolatlash;
- Jamiyatda nogironligi bo‘lgan insonlarning huquqlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirish.
- Zo‘ravonlik qurboni hisoblangan nogironligi bo’lgan bolalarning reabilitasiyasi uchun xizmatlarni va proseduralarni yaratish.
- Zo‘ravonlik va beshafqat munosabat holatlarini tergov qilish va ta'qib qilish jarayonlarining samaradorligini ta'minlash.
“Ushbu ikki xalqaro shartnoma nogironligi bo‘lgan bolalar uchun eng muhim ustuvorliklarni belgilaydi. O‘zbekistonda yaqinda qabul qilingan institusionalizasiya bo‘yicha chora-tadbirlar va inklyuzivlik tushunchasi kiritilgan yangi tahrirdagi ta'lim to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi bizni ruhlantiradi”, dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. "Ammo ota-onalar, hamjamiyatlar, fuqarolik jamiyati va davlat organlari sa'y-harakatlarini birlashtirgan holda turli xildagi nogironligi bo‘lgan bolalarning huquqlarini progressiv holda to‘liq amalga oshirish, stereotiplar va noto‘g‘ri qarashlarni yengish hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan diskriminasiyani tugatishi uchun hali ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz kerak."
O‘zbekiston hukumatining rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, 2018-yilda 26 532 nafar bola turli xildagi muassasalarda istiqomat qilgan, ularning aksariyati nogironligi bo‘lgan bolalardir.
2010 yilda internat muassasalariga joylashtirilgan jami bolalarning 69 foizi nogironligi bo‘lgan bolalar bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 84 foizni tashkil etgan.
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan insonlar bilan bog‘liq vaziyat tahlili (2019 yil) shuni ko‘rsatdiki, jamiyatining kichik qismigina nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muntazam muloqotda bo‘ladi. Ularning aksariyati rahm-shavqat nuqtai nazaridan. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan qizlar va ayollar jinsi va nogironligi sababli turli xil kamsitishlarga duch kelishadi. O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan yoshlarning atigi 50 foizi kasb-hunar ta'limi olish imkoniga ega.
Bayram tadbiri nogironligi bo‘lgan bolalarga qaror qabul qiluvchi rasmiy shaxslar bilan muloqot uchun platforma taqdim etdi. O‘g‘il bolalar va qizlar nogironligi bo‘lgan bolalar bilan muloqot qilishlari bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, O‘zbekistondagi nogironligi bo‘lgan bolalarning ahvoli bo‘yicha savollar berdilar.