Press-reliz

FAO urug‘chilik bo‘yicha o‘quv kursini o‘tkazdi

03 mart 2022

2-3 mart kunlari Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan urug‘ yetishtirish va sifatini nazorat qilish mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. O‘quv mashg‘ulotlari Global Ekologik Jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilgan FAOning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish”  loyihasi (CACILM-2) doirasida tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, vazirlik huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi, Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi, shuningdek, urug‘chilik bilan bog‘liq boshqa manfaatdor tashkilotlarning mutaxassislari ishtirok etdi.

Rasm: © FAO O'zbekiston

Urug‘chilik oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning asosiy omili bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, sotish va tashish, shuningdek, nav va urug‘larni nazorat qilish bilan bog‘liq faoliyatni qamrab oladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan yuqori hosil olish va sifatini oshirishda genetik sofligini va zararkunandalarga chidamliligini saqlab qolgan holda yangi va savdoga qo‘yilgan navlarning urug‘larini yetishtirish muhim ahamiyatga ega.

“Qishloq xo‘jaligining ushbu tarmog‘ini yanada takomillashtirishda kadrlar salohiyatini oshirish, ularning bilim va malakasini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda urug‘chilikda faol ishtirok etayotgan xususiy sektor vakillari bilan tajriba almashmoqchimiz. O‘tgan treningda biz ishtirokchilarning biznes rejalashtirish, korxona boshqaruvi, urug‘lik marketingi kabi bilimlarini oshirishga harakat qildik», - deb qayd etdi loyihaning milliy menejeri Muxammadjon Qosimov.

Xalqaro urug‘chilik sanoati, birinchi navbatda, xususiy urug‘chilik shirkatlari va fermerlar uyushmasi, yangi nav yaratuvchi seleksiyachilar, importyorlar, eksportchilardan iborat. Xorijiy tajriba ko‘rsatganidek, xususiy sektorning rivojlanishi hosildorlikni oshirish va urug‘chilikni rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Treninglar davomida urug‘chilik sanoatini tartibga soluvchi amaldagi milliy Qonunchilik va xalqaro normalar haqida umumiy ma'lumot taqdim etildi, shuningdek, FAO tomonidan urug‘chilik sohasidagi amalga oshirilgan loyihalar haqida ma'lumot berildi. Bundan tashqari, urug‘lik sifatini ta'minlash tamoyillari, dalada navlarni aprobasiya o‘tkazish usullari va uning urug‘lik sifatini ta'minlashda qo‘llanilishi, Xalqaro urug‘larni sinash uyushmasi (ISTA) standartlari va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti

Ushbu tashabbusda ishtirok etadigan boshqa tashkilotlar

GEF
Global Environmental Facility

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar