Ishsizlik va bola parvarishi nafaqalari muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlashga yordam beradi
Ishsizlik va bola parvarishi uchun beriladigan nafaqalar turmush tarzini bir maromda ushlab turish imkonini beradi.
2020 yildan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining qoʻshma dasturi Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya tizimini xalqaro standartlar asosida isloh qilishga koʻmaklashmoqda. Ishsizlik va bola parvarishi uchun beriladigan nafaqalar turmush tarzini bir maromda ushlab turish imkonini bergani uchun bu kabi ijtimoiy himoya vositalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aziza yakka tartibdagi tadbirkor sifatida bozorda savdo qilgan, lekin oilaviy sharoiti tufayli oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan. U eridan, oilaning boquvchisidan ayrilgach, Toshkentning Chorsu bozori yaqinda yashovchi ota-onasinikiga 3 yoshli oʻgʻli bilan koʻchib oʻtishga majbur boʻldi. Onalikning dastlabki kunlaridagi xarajatlarini qoplash uchun uning yetarli jamgʻarmasi yoʻq edi. Oila ogʻir moliyaviy ahvolga tushib qoldi.
Mahalla qoʻmitasi Azizaga 3 yoshli oʻgʻlini yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgani uchun bola parvarishlash nafaqasini olishda yordam berdi. Dastlab Aziza oyiga 194 000 soʻm (18 AQSh dollari atrofida) olayotgan edi, lekin 2021 yil 11 avgustdagi Prezident qaroriga binoan kam taʻminlangan bir bolali oilalarga beriladigan nafaqa miqdori 250 000 soʻmgacha (23,5 AQSh dollari) oshirildi. Albatta, pul miqdori iste’molchilarning minimal xarajatlari, 440 000 soʻmga (41 AQSh dollari) nisbatan ancha past, lekin bu pullar oilaning barcha xarajatlarini qoplash uchun emas, balki bola parvarish qilish bilan bogʻliq qoʻshimcha oilaviy xarajatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallangan.
Azizaning opasi unga mahallaga biriktirilgan Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi (ABKM) inspektori yordamchisiga murojaat qilib, qoʻshimcha yordam soʻrashni maslahat berdi. Inspektor yordamchisi Azizaga barcha kerakli hujjatlarni toʻplashda yordam berdi va ishsizlikdan himoyalanish boʻyicha arizani koʻrib chiqdi. Oʻzbekistonda har bir mahallada shunday ABKM inspektor yordamchisi faoliyat yuritadi, ular quyi pogʻonada aholi bilan bevosita ishlaydi va bandlik boʻyicha holatni monitoring qiladi.
“Ishsizlik va bolalar nafaqasi oilamning birlamchi ehtiyojlarini qoplashga yordam berdi. Hattoki, oʻgʻlimga orzu qilgan oʻyinchoq mashinasini sotib olish uchun ham ozgina pul tejashga muvaffaq boʻldim”, - deydi Aziza.
"Aholi bandligi toʻgʻrisida"gi Qonunning yangi tahririga koʻra, rasmiy ish stajiga ega boʻlmagan ariza beruvchiga ishsizlik nafaqasi eng kam ish haqining 75 foizi darajasida belgilanadi. Eng kam ish xaqi hozirgi kunda taxminan 65 AQSh qollarini, oʻrtacha ish haqi esa 267 AQSh dollarini tashkil etadi. Aziza bir muddat ishsizlik nafaqasini oldi, soʻngra oʻz mahallasida jamoat ishchisi sifatida ish bilan ta’minlandi.
Dilorom Toʻlaganova Toshkent shahrining “Abu Bakr Shoshiy” mahalla aholisi bilan ishlaydigan Bandlikka ko'maklashish markazi inspektori yordamchisi sifatida faoliyat yuritadi. Bu mahalla 440 xonadonda iste’qomat qiluvchi 5200 kishini birlashtiradi.
Diloromning aytishicha, ishsizlikdan yordam soʻrab murojaat qiladiganlarning aksariyati ayollardir. Erkaklar kamroq yordam soʻrashadi, chunki mahallaning Chorsu bozoriga yaqinligi ish topishga yetarli imkoniyatlarni yaratadi. Erkaklar rasmiy ish bilan bir qatorda, savdo, taksi, umumiy ovqatlanish, kasanachilik, hunarmandchilik va shu kabi boshqa sohalarda norasmiy faoliyat turlari bilan ham banddirlar.
Diloromning ishi faqat arizalarni koʻrib chiqishdan iborat emas. U mahallani aylanadi va yordamga muhtojlarni aniqlash maqsadida muntazam ravishda odamlar bilan muloqot uyushtiradi. U, shuningdek, ishsizlik nafaqasidan notoʻgʻri foydalanish holatlarini ham aniqlaydi.
“Ijtimoiy himoya byudjetini juda ehtiyotkorlik bilan taqsimlashimiz kerak, shunda u muhtojlarga yetib boradi”, - deydi Dilorom.
2020 yilda 89 651 ishsizlar ishsizlik nafaqasini oldilar, bu barcha ish bilan band boʻlganlarning 0,7 foizini tashkil etdi. ABKM unga murojaat qilgan fuqaroga munosib ish taklif qila olmagan taqdirda ishsizlik nafaqasini tayinlaydi. Diloromning aytishicha, ishga joylashish uchun yordam soʻragan har besh kishidan toʻrttasi ish bilan ta’minlanadi.
Norasmiy va oʻz-oʻzini ish bilan ta’minlagan shaxslar mehnat bozorida eng himoyalanmagan qatlam hisoblanadi va ijtimoiy himoya tizimi bu guruhni ham qamrab olishni ta’minlash zarurdir.
Obid Toshkent shahrida poyabzal fabrikasida ishlagan, lekin sogʻligʻi yomonlashishi sababli ishdan ketishga majbur boʻlgan. U ABKM orqali munosib ish topa olmaganidan soʻng mahalla unga kichik ustaxona tashkil qilishda yordam berdi. Hozir u oʻz-oʻzini ish bilan ta’minlagan poyabzal ustasidir. U ijtimoiy sugʻurta badallarini toʻlamaganligi sababli ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega emas. Nafaqaga chiqqanidan soʻng esa uning nafaqasi pastroq boʻladi.
“Men oʻzimga bandlikka koʻmaklashish markazida munosib ish topa olmadim. Shunda ustachilik bilan shugʻullanishga qaror qildim”, - deydi Obid.
"Darhaqiqat, Obid kabi shaxslar hozirgi kunda ijtimoiy himoya tizimidan chetda qolgan. Ular ijtimoiy nafaqalarni talab qila olmaydilar, chunki ularning tirikchilik manbai bor. Lekin ular topayotgan daromad qambagʻallikdan chiqib ketish va hayotimiz davomida duch kelishi mumkin boʻlgan xatarlardan sugʻurtalanish uchun ijtimoiy badallarni toʻlash uchun yetarli boʻlmasligi mumkin ", - deydi Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo byurosining ijtimoiy himoya boʻyicha mutaxassisi Yasmina Papa. "Oʻzbekistonda olib borilgan soʻngi tadqiqotlar ishsizlikdan himoyalanish va norasmiy iqtisodiyotda band boʻlganlarning ba’zi qatlamlarini ijtimoiy himoya bilan qamrab olish yoʻllarini ilgari suradi. Ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash boʻyicha Qoʻshma dastur doirasida hukumat bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan yangi ijtimoiy himoya strategiyasi barqaror va munosib ish joylarini yaratish uchun ijtimoiy himoya va bandlikka koʻmaklashish boʻyicha choralar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash usullarini taklif qilmoqda”.
Ijtimoiy himoya boʻyicha milliy strategiya iqtisodiyotning noformal sektorida ishlaydiganlarni ijtimoiy himoya bilan qamrab olishniham koʻzda tutadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda umumiy bandlikning 56,6 foizi noformal sektorga toʻgʻri keladi. Iqtidosiy faol aholining bu katta qismini ishsizlikdan himoya qilish 2030 yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari, Kambagʻallikni qisqartirish strategiyasi va Aholi bandligini ta’minlash milliy strategiyasi kabi strategik maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi va iqtisodiyotda noformalikki qisqartirishga hissa qoʻshadi.
Ishsizlikdan himoya qilish tizimini kengaytirish va iqtisodiyotning norasmiy sektorida ishlaydiganlarning ba’zi qatlamlarini ijtimoiy sug’urta bilan qamrab olish boʻyicha takliflar bilan soʻngi hisobotimizda tanishish mumkin.