Press-reliz

UNICEF va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistondagi vaksina va emlash tizimini takomillashtirish uchun birgalikda harakat qiladilar

10 dekabr 2020

  • Milliy emlash dasturi monitoringini kuchaytirish maqsadida UNICEF O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga 16 ta avtomobilni sovg‘a qildi.

UNICEF O‘zbekistondagi immunizatsiya tizimini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma dastur doirasida 16 ta transport vositasini O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirdi. Avtotransport vositalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining viloyat bo‘linmalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, butun mamlakat bo‘ylab monitoring va ko‘maklashuvchi kuratorlikni yanada yaxshilash uchun ishlatiladi.

Rasm: © UNICEF Uzbekistan

«Immunizatsiya bolalarning erta rivojlanishi hamda ularni emlash orqali oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklardan himoya qilishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biridir. Shu bois, UNICEF bilan ushbu yo‘nalishdagi hamkorligimiz mamlakatimizdagi barcha bolalarning salomatligi va farovonligi uchun katta ahamiyatga ega», - dedi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev.

Vaksinalar va immunizatsiya bo‘yicha global alyans (GAVI) tomonidan ko’rstilgan moliyaviy ko’mak yordamida UNICEF milliy emlash dasturini kuchaytirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligini qo‘llab-quvvatlash uchun ushbu transport vositalarini sotib oldi. Shuningdek, UNICEF Sog‘liqni saqlash vazirligiga milliy, viloyat va tuman darajalarida vaksina omborlarini qurish hamda sovuqxonalar, muzlatgichlar va sovutgichlarni sotib olish, ularni o’rnatish hamda vaksinalarni tashish uchun transport vositalarini sotib olish orqali emlash milliy dasturini kuchaytirishda ko‘maklashdi. Bundan tashqri, vaksinalar logistikasini boshqarish uchun axborot tizimi ishlab chiqildi. Mazkur loyiha milliy emlash tizimini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda.

UNICEF vaksinalarni adolatli taqsimlashga ustuvor ahamiyat beradi. COVID-19 pandemiyasi davrida va COVID-19 ga qarshi vaksinalarni (COVAX) yetkazib berish davom etayotgan pallada, vaksinalarni adolatli taqsimlash juda muhim ahamiyat kasb etadi.

"Ishonamanki, ushbu transport vositalari, sovuqlik zanjiri uchun taqdim etilgan boshqa qurilmalar bilan bir qatorda, butun mamlakat bo‘ylab bolalar sog‘lig‘ini yaxshilashga katta hissa qo‘shadi", dedi UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o’rinbosari Jefri Ijumba. "Bolalar uchun vaksinalarni adolatli taqsimlash dolzarb vazifaga aylandi, va bugun taqdim etilgan yordam hamda viloyatlarga yetkaziladigan avtomobillar mamlakatning barcha viloyatlarida sifatli vaksinalarni yetkazib berishni ta'minlashdagi muhim qadamdir".

Nargiza Egamberdieva

Nargiza Egamberdieva

UNICEF
Kommunikatsiyalar bo'yicha maslahatchi

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

UNICEF
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamgʻarmasi

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar