UNOPS O‘zbekiston hukumati bilan Mezbon davlat kelishuvini imzoladi
21 sentabr 2023
UNOPS va hukumat hamkorlar bilan birgalikda "O‘zbekiston 2030" strategiyasini amalga oshirish borasida ish olib boradi.
UNOPS O‘zbekiston hukumati bilan Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Mezbon davlat kelishuvini imzolanganini e'lon qildi. Ushbu kelishuv UNOPSning O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirish va uning mintaqadagi sa'y-harakatlarini kuchaytirish sari muhim qadamdir.
Kelishuv xalqaro standartlarga javob beradigan ta'lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlarini modernizasiya qilishga qaratilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga hamohangdir. Shuningdek, u barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, zamonaviy boshqaruv va xavfsiz va tinch mamlakat yaratishga qaratilgan.
Jorj Moreira da Silva, YuNOPS ijrochi direktori, ta'kidlaganidek:
“UNOPS hozirdanoq O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bilan sog‘liqni saqlashning asosiy infratuzilmasini qurish va jihozlarini yetkazib berish borasida hamkorlik qilmoqda. Bu O‘zbekiston hukumati bilan hamkorligimizdagi muhim bosqich bo‘lib, Markaziy Osiyo bo‘ylab faoliyatimizni kengaytirishga yordam beradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi guruhi doirasidagi hamkorligimiz orqali biz kelgusi yillarda sog‘liqni saqlash va diagnostika sohasida ijobiy natijalarga erishishga umid qilamiz”.
UNOPS O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va epidemiyaga tayyorgarlikni yaxshilashga qaratilgan bir qancha loyihalarda faol ishtirok etmoqda. UNOPS, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish, inklyuziv va texnologiyalar bilan ta'minlangan ta'limni rag‘batlantirish orqali ta'lim sektorini qo‘llab-quvvatlash yo‘llarini o‘rganmoqda.
Yangi kelishuv O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga salmoqli hissa qo‘shadigan asosiy ijtimoiy infratuzilmani, jumladan, shifoxonalar, maktablar va transport tizimlarini qurish va reabilitasiya qilish kabi kompleks loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ushbu sa'y-harakatlarni yanada rivojlantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov quyidagilarni ta'kidladi:
“O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va BMT o‘rtasida Toshkent shahrida LXB vakolatxonasini tashkil etish to‘g‘risida bitimni imzolaganimizdan juda mamnunmiz. Bu Boshqarmaning Markaziy Osiyodagi birinchi vakolatxonasi hisoblanadi va aloqalarimizni boyitishga, ayniqsa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasidagi hamkorligimizni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonchimiz komil.”