UNICEF va O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi Nogironlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashkilotlar salohiyatini oshirmoqda
19 oktabr 2023
Toshkentda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi va UNICEF hamkorligida “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya asoslari” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu seminar nogiron bolalarning ota-onalari tashabbuskor guruhlari, shuningdek, O'zbekistondagi mahalliy va milliy nogironlar tashkilotlari salohiyatini oshirish bo'yicha O’zbekiston bo’ylab o’tgan bir qator o'quv mashg'ulotlarining yakuni bo'ldi.
2022-2023-yillarda Namangan, Qo‘qon, Buxoro, Samarqand, Nukus va Toshkent shaharlaridagi 200 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari vakillari treninglarda ishtirok etdi. O'quv mashg'ulotlari davomida ota-onalar guruhlari nogironlar tashkilotlarini ro'yxatdan o'tkazish va tashkilotlarni doimiy rivojlantirish bo'yicha huquqiy va maslahat yordamini oldilar.
Bundan tashqari, 40 dan ortiq nogironlar tashkiloti vakillari nogironlarning huquqlarini mahalliy va milliy darajada samarali himoya qilish bo'yicha ko'nikmalarga ega bo'ldilar.
UNICEFning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Jefri Ijumba seminar ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, nafaqat nogironlik bilan bog‘liq, balki barcha dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlashda nogironlarning mazmunli va barqaror ishtiroki muhimligini ta’kidladi.
UNICEF va O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi o‘rtasidagi ushbu hamkorlik nogironlar huquqlarini ilgari surish va yanada inklyuziv jamiyatni rivojlantirishga qaratilgan qadamni anglatadi.
Ushbu tashabbus BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha hamkorligining “Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini o‘zgartirish: O‘zbekistonda nogiron bolalar, yoshlar va ayollar uchun inson huquqlariga asoslangan yondashuvni tatbiq etish” qo‘shma dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.