FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari: O‘zbekiston tajribasi
25 yanvar 2023
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tabiiy resurslar vazirligi, Toshkent Davlat agrar universiteti va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillaridan iborat delegasiya Bokuda (Ozarbayjon Respublikasi) bo‘lib o‘tgan mintaqaviy seminarda ishtirok etdi. Seminar davomida FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari doirasida keyingi yillarda amalga oshirilgan loyihalarining natijalari va muvaffaqiyatlari muhokama qilindi. Tadbirda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari tashkilot hamda muassasalarining yuqori martabali vakillari ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari doirasida 8 ta mintaqaviy loyihani amalga oshirishda ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Xalqaro moliya institutlarining grantlari va loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ramin Gasanov o‘tkazilgan mintaqaviy seminardagi nutqida “Biz qishloq joylarida oziq-ovqat xavfsizligi va qashshoqlikni kamaytirishga hissa qo‘shadigan FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari loyihalarini juda qadrlaymiz. O‘zbekiston FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari barcha hamkorlar bilan samarali ikki tomonlama siyosiy va iqtisodiy aloqalarni olib bormoqda. Biz FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlarini tajriba almashish, salohiyatlarni oshirish va texnologiyalarni rivojlantirish uchun ajoyib platforma sifatida tan olamiz”, deb qayd etdi.
Seminar davomida gender masalalari va qishloqlarni rivojlantirish, shuningdek, FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari istiqboliga alohida e'tibor qaratilib, ilg‘or tajribalar loyihaning muvaffaqiyatini qanday ta'minlashi mumkinligini ko‘rsatadigan muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Muhokamalarda so‘zga chiqqan FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov O‘zbekistonda FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligini alohida ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, Sherzod Umarov ishlab chiqarish, ovqatlanish, atrof-muhit va hayot sifati sohasidagi innovasiyalar va FAOning “Takomillashtirishning to‘rt yo‘nalishi» konsepsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklar bo‘yicha muhokamalarda ishtirok etdi.
“FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlarining barcha loyihalari 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan FAO-O‘zbekiston hamkorlik dasturiga va tegishli tarmoqlarda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligiga erishishga qaratilgan mamlakatning milliy ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi. Shu munosabat bilan FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ushbu hamkorlik jarayoniga hissa qo‘shish, milliy hamkorlar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan birgalikda FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlarini muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirishni ta'minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda”, - dedi Sherzod Umarov.
So‘nggi muhokama FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari doirasidagi aloqa va axborotlashtirish faoliyatiga bag‘ishlandi, unda O‘zbekistonda FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari yutuqlari to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida o‘tkazilgan tadbirlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘tkazilgan mintaqaviy seminar ishtirokchilari yo‘lga qo‘yilgan mintaqaviy hamkorlik va sinergiya FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlariga barqaror rivojlanish maqsadlariga, xususan, qashshoqlik va ochlikni bartaraf etish maqsadlariga erishishning samarali vositasi sifatida faoliyat yuritishiga imkon berishida yakdil ekanliklarini bildirdilar.
Maʼlumot uchun: Turkiyaning FAO bilan uzoq yillik tajribasiga asoslangan FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari, ayniqsa, benefisiar mamlakatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va tabiiy resurslarni boshqarishga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi. Hozirgi vaqtda FAO-Turkiya Hamkorlik Dasturlari quyidagi ikkita modulni o‘z ichiga oladi: oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi FAO-Turkiya hamkorlik dasturi va O‘rmon xo‘jaligi sohasidagi FAO-Turkiya hamkorlik dasturi. Dasturlar baliqchilik, o‘rmon xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, oziq-ovqat mahsulotlarining yo‘qotilishi va buzilishi, shuningdek qishloq ayollari manfaatlarini o‘z ichiga olgan 20 ta loyihani qamrab oladi.