UNFPA Qoraqalpog‘iston SSVga saratonning erta bosqichlarini davolash uskunalarini taqdim etdi
10 fevral 2022
Endilikda chekka hududlarda yashovchi ayollar onkologiya markazlariga emas, balki poliklinikalarning o‘zida saraton oldi kasalliklarni davolash xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga saraton oldi kasalliklarini birlamchi bosqichda davolash uskunalarini taqdim etdi. Uskunalarni topshirish marosimi 10 fevral kuni Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan «Bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash uchun OPV testini o‘tkazish» loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan odam papilloma virusi (OPV yoki HPV) sabab bo‘ladigan bachadon bo‘yni saratoni dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash sohasidagi dolzarb muammoligicha qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 300 mingdan ortiq ayol bachadon bo‘yni saratonidan vafot etadi. Dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. Tug‘ish yoshidagi ayollar (15−44 yosh) orasida esa bachadon sartonidan o‘lim ko‘rsatkichi ikkinchi o‘rinda turadi.
Qoraqalpog‘iston aholisiga taqdim etilgan uskunalar yordamida birlamchi tibbiy-sanitariya bo‘g‘inida ishlovchi shifokorlar ayollardagi o‘smalarni erta bosqichda davolashda zarur yordam ko‘rsatishi, bachadon bo‘yni biopsiyasi, bachadon bo‘yni giperkeratozida diatermoelektrokoagulyatsiyani o‘tkazishi va qon ketishini to‘xtatishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, uskuna jarrohlikning ko‘plab sohalarida ishlash uchun mo‘ljallangan: ambulator ginekologiya, ambulator jarrohlik, kosmetologiya va dermatologiya, rejalashtirilgan moslashuvchan hamda qattiq endoskopiya va h.k. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, endilikda chekka hududlarda yashovchi ayollar onkologiya markazlariga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri poliklinikalarga borib, u yerda saraton oldi kasalliklarini davolash bo‘yicha barcha xizmatlardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi.
UNFPAning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Kamolxon Inomxo‘jayevning qayd etishicha, mamlakatda amalga oshirilayotgan «Bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash uchun OPV testini o‘tkazish» loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasini oshirish va bachadon bo‘yni kasalliklariga chalingan ayollarni davolash bo‘yicha boshlang‘ich bo‘g‘in salohiyatini kuchaytirishni maqsad qilgan.
2017 yilda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan butun mamlakat bo‘ylab bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha keng qamrovli skriningni joriy etishni o‘z ichiga olgan saraton kasalligini nazorat qilish va oldini olish bo‘yicha milliy reja tasdiqlandi. Ushbu reja bachadon bo‘yni saratonini davolash va palliativ yordamni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlardan tashqari OPVga qarshi emlash va bachadon bo‘yni saratoni skriningi kabi birlamchi profilaktika tadbirlarini o‘z ichiga oladi.