FAO Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishda O‘zbekistonning salohiyatini oshirmoqda
29 iyun 2021
- Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar tizimi (AKIS) milliy markazida FAO va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining «Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini amalga oshirish va ularni monitoring qilishda milliy salohiyatni mustahkamlash» loyihasining yakunlanishiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda FAO ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston dunyoning boshqa mamlakatlari kabi 2030 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida barqaror rivojlanish Kun tartibiga sodiqligini tasdiqlagan va milliy darajada Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (BRM) erishish shartlarini qabul qilgan. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi qarori bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar hamda ularga erishish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlangan.
BRMning O‘zbekistonda amalga oshirilishi «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi» doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘la mos keladi. BRM milliy va hududiy rivojlantirish strategiyalariga, shuningdek, O‘zbekistonning 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi konesepsiyasiga ham kiritilgan.
«Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini amalga oshirish va monitoring qilishda milliy salohiyatni oshirish» loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va boshqa tegishli manfaatdor vazirlik va idoralarga ularning BRMni samarali amalga oshirish imkoniyatlarini mustahkamlash, jumladan, xabardorlikni oshirish hamda mamlakat darajasida o‘z vaqtida sifatli ma'lumotlarni to‘plashga yordam berishga qaratilgan.
«Ushbu loyihaning amalga oshirilishi 2030 yilgacha bo‘lgan davrda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining muhim roli va hissasini hisobga olgan holda Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishni tezlashtirishga yordam berdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi va boshqa tegishli muassasalarning BRMni tarmoqlarni rivojlantirish strategiyalari, dasturlari va byudjetga tatbiq qilish, shuningdek BRM bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash bo‘yicha imkoniyatlari kengaydi. Bundan tashqari, BRM ko‘rsatkichlari bo‘yicha monitoring va hisobotlar sohasidagi mavjud salohiyat mustahkamlandi», - dedi FAO ning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov.
Tadbirda BRM ga erishishda ustuvor yo‘nalishlarni belgilash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda davlatning roli, oziq-ovqat xavfsizligi dasturini amalga oshirishning gender jihatlari va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning BRMga alohida e'tibor bergan holdagi Strategiyasi haqida ma'ruzalar tinglandi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda fermer va dehqonlarni qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash dasturini amalga oshirishga jalb etish, xususiy kompaniyalarning O‘zbekistonda BRMga erishish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash dasturini bajarilishiga hissasi masalalari muhokama qilindi.