Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun tadbirkorlik mashg'ulotlari
08 iyun 2021
- Sizning jamoangizda nogironligi bor inson bormi? Aksariyat hollarda eng keng tarqalgan javob bu - "yo'q, bizda yo’q" hisoblanadi. Biroq, mutaxassislar ta’kidlashicha, aslida, nogironligi bor insonlarning aksariyati ko'pgina ish sharoitlarida ish bilan ta'minlanishi mumkin. Ushbu bandlikni ta'minlash uchun bir necha jabhada bir vaqtning o'zida takomillashtirish ishlarini olib borish kerak - qonunchilikka o'zgartirish kiritish, hamda bo’lajak ish beruvchilarni o'qitish va ularga yordam berish, ish uchun qulay sharoitlarni yaratish va eng muhimi nogironligi bor insonlar uchun zarur bilimlarni berish zarur.
BMTning O'zbekistonda Ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo'yicha qo'shma dasturi doirasida BMTTD O'zbekistondagi nogironligi bor insonlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan kichik ijtimoiy tashabbuslar uchun mikro grantlar tanlovini o'tkazdi. Toshkent shahrining "Inklyuziv jamiyat" nogironligi bor insonlar jamoat birlashmasi 11 g'oliblardan biri hisoblanadi. Birlashma raisi Nodira Tillaeva xonim o'z tajribasi, loyiha g'oyalari va amalga oshirish jarayoni bilan o'rtoqlashadi
"Aslida, ko'plab tashkilotlar 1 va 2 toifadagi nogironligi bor odamlarni yollamaydi", deydi Nodira Tillayeva. Ehtimol, buning sababi shundaki, ish beruvchilar ushbu toifadagi nogironligi bor insonlar tez charchaydi va belgilangan vazifalarni to'liq bajara olmaydi degan fikrdalar. Lekin bu bo’lajak ish beruvchi o'z majburiyatini noto'g'ri tushunishidan ham dalolat beradi. Har bir tashkilotda nogironligi bor shaxslar uchun ish o'rinlari yaratish va zarur mehnat sharoitlarini ta'minlash boyicha majburiyati bor. Amalda, ish beruvchi nogironligi bor kishiga "biz sizni ishga ololmaymiz" deyishdan oldin unga imkoniyat berishi va sinov muddati davomida malakasini tekshirishi kerak.
Shu vaziyatni inobatga olib, “INKLYUZIV JAMIYAT” xodimlari kichik grantlar dasturiga loyihalarini taqdim etib, yutib chiqdilar. “Loyiha nogironligi bor insonlarni kompyuter savodxonligi va buxgalteriya hisobiga o'rgatish orqali jamiyatdagi boshqa odamlar bilan teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlashga qaratilgan. Loyiha jamoasi ushbu yo'nalishda maxsus o'quv kursini ishlab chiqdi. Loyihaning kelajakdagi vazifalaridan biri bu nogironligi bor yoshlarning kompyuter savodxonligini oshirish, internetdan qanday foydalanishni o'rgatish, buxgalteriya hisobining asoslarini o'rgatish va shu bilan ularning ish topish imkoniyatlarini oshirishdir. O’z navbatida, biz ushbu ijtimoiy dasturni ishlab chiqish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Umid qilamizki, biz nogironligi bor yosh ayollar va erkaklar uchun yaxshi kelajak yaratib beramiz, shuningdek ularga baxt topish imkoniyatlarini, shu jumladan o'z oilalarini qurish imkoniyatlarini yaratamiz”, deydi Nodira Tillyaeva
"Odamlar ishsiz qolganda, ular osonlikcha tushkunlikka tushib, o'ziga bo'lgan ishonchni yo'qotishi mumkin", deb davom etadi Nodira. Shuning uchun u ushbu loyihani amalga oshirish juda muhimligi ta’kidlaydi, chunki Nodira nogironligi bor insonlarning his-tuyg'ulari va holatlarini yaxshi tushunadi. U o'zi buxgalter bo'lib, nogironligi bor insonlar uchun ushbu lavozimlarning ko’pgina afzalliklari va foydalari borligidan shubhasi yo`q. Foydali taraflaridan biri shundaki, ko’chaga chiqishga hojat yo’q, siz uydan turib internet orqali ishlashingiz mumkin. Kompyuterda ishlash va buxgalteriya yuritish bir-biriga bog'liqdir. Hisob-kitob ishlarini kompyuterda yaxshi bilimga ega bo'lmasdan bajarish qiyin bo'lishi mumkin.
Buxgalteriya hisobi bo'yicha ushbu ikkita kurslarni o'tkazgandan so'ng Nodira ishtirokchilarga o'zlarining bizneslarini ochishlariga imkon beradigan tadbirkorlik ko'nikmalarini o'rgatmoqchi. Tadbirkorlar o'zlarining daromadlari va xarajatlarini qanday qilib yaxshi boshqarishni bilsalargina biznes bilan shug'ullanishlari mumkin. Agar kimdir muvaffaqiyatli tadbirkor bo'lishni xohlasa, xarajatlar va foyda tahlili to'g'risida yaxshiroq tushunchaga ega bo'lishi muhimdir va bunda buxgalteriya hisobi asoslarini bilish albatta yordam beradi. Undan tashqari, ushbu tadbirkorlar o'zlari boshqa nogironligi bor insonlar uchun yangi ish o'rinlari yaratishlari mumkin.