Press-reliz

Barqaror rivojlantirish bo‘yicha Maslahat qo‘mitasi Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p tomonlama “Yo‘l xaritasi” konsepsiyasini ishlab chiqadi

30 mart 2021

  • Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan 2021 yilning 30 mart kuni Orolbo‘yi mintaqasini Barqaror rivojlantirish bo‘yicha Maslahat qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda 130 nafardan ortiq ilmiy doiralar vakillari, O‘zbekistondagi xorijiy vakolatxonalar, xalqaro moliya institutlari, BMT agentliklari, xalqaro nodavlat tashkilotlar, xususiy sektor, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati vakillari qatnashdilar.

O‘zbekiston hukumati Orolbo‘yi mintaqasining ekologik muvozanati va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash uchun ko‘p tomonlama “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish Konsepsiyasini taqdim etdi. Ko‘p tomonlama yo‘l xaritasi Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha xorijiy va xalqaro hamkorlarning sa'y-harakatlarini birlashtirish, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasi aholisining turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun resurslarni safarbar etish hamda mazkur o‘zgarishlarni samarali monitoring qilib borishda muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni joriy etishni ta'minlashga mo‘ljallangan.

Rasm: © Dinara Chirkova

Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) harakatlar rejasini mintaqadagi amaliy natijalarga aylantirishning ajralmas qismi sifatida “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etdi. Ko‘p tomonlama yo‘l xaritasini amalga oshirish, rivojlanish bo‘yicha keng sheriklarni jalb qilgan holda, uchta ishchi guruh doirasida amalga oshiriladi: barqaror investisiyalar, ma'lumotlar va baholash, shuningdek Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyat to‘g‘risida xalqaro hamjamiyatni xabardorligini oshirish. BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska tizimli o‘zgarishlarga olib keladigan "yuqori samarali tashabbuslar" zarurligini ta'kidladi.

Yig‘ilish davomida, Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasi (Trast jamg‘arma) faoliyatida ishtirok etuvchi Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) agentliklari Trast jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladigan amaldagi qo‘shma dasturlar doirasida erishilgan natijalar haqida axborot taqdim etdilar. Hozirgi kunda Trast jamg‘armasi tomonidan 5 ta, xususan, aholini toza ichimlik suvidan foydalanishini yaxshilash, perinatal yordam sifatini oshirish va undan foydalanishni kengaytirish, qishloq xo‘jaligida innovasion yoshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, umumta'lim maktablarida sanitariya sharoitlarini, yoshlar salomatligi va ovqatlanishini yaxshilash hamda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalar moliyalashtirildi.

Qo‘shma dasturlar amalga oshirilishi natijasida hududdagi beshta aholi yashash punktlaridagi aholining qariyb 3500 nafari toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Beruniy tumanlarida perinatal markazlarida infratuzilma yaxshilanib, tug‘ruqxonalarga yangi tibbiy jihozlar o‘rnatildi. Natijada, 8900 nafarga yaqin ona va 9000 nafarga yaqin yangi tug‘ilgan chaqaloqlar yuqori sifatli perinatal xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Alwaleed Philanthropies, Islom taraqqiyot banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit dasturi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi, Isroil elchixonasi kabi rivojlanish bo‘yicha hamkorlar Orolbo‘yi mintaqasida, O‘zbekiston hukumati va BMT bilan kuchlarni birlashtirgan holda barqaror rivojlanish choralarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Xususan, Norvegiya Qirolligining O‘zbekistondagi Elchisi va Trast jamg‘armasi donorlaridan biri janob Jon Mikal Kvistad "biz sa'y-harakatlarni siyosiy va moliyaviy tomondan to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz", deb ta'kidladi.

BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori va Trast jamg‘armasi Boshqaruv qo‘mitasi hamraisi Helena Freyzer barchani Orolbo‘yi mintaqasida o‘z g‘oyalari, yangiliklari va milliy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shish uchun Maslahat qo‘mitasiga a'zo bo‘lishga chaqirdi.

Ma'lumot uchun

Orolbo‘yi mintaqasini Barqaror rivojlantirish bo‘yicha  Maslahat qo‘mitasi 2020 yilning 1 dekabrida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasi doirasida ish boshladi va mintaqada barqaror rivojlanishni mustahkamlash uchun yagona platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Maslahat qo‘mitasi Trast jamg‘armasining Boshqaruv qo‘mitasiga milliy va xalqaro hamjamiyatlarning investisiyalarini barqaror natijalarga aylantirishga yordam beradigan kompleks yechimlar, samarali mexanizmlar va yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha qimmatli maslahatlarini beradi.

 

Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasi faoliyati to‘g‘risidagi batafsil ma'lumot bilan jamg‘armaning rasmiy veb-saytida http://www.aral.mptf.uz/ tanishish mumkin.

 

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti
BMTTD
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi
UNESCO
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta'lim, Fan va Madaniyat Masalalari Bo'yicha Tashkiloti
BMTAJ
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik Bo`yicha Jamg`armasi
UNICEF
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamgʻarmasi
BMTGJB
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand Moddalar va Jinoyatchilikka Qarshi Kurashish Bo'yicha Boshqarmasi
JSST
Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar