O'zbekistonda tabiiy ofatlardan zarar ko'rish bo'yicha milliy ma'lumotlar bazasini joriy etish mavzusidagi onlayn seminar
18 dekabr 2020
- 2020 yil 17-dekabrda Birlashgan millatlar tashkilotining Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish byurosi (UNDRR) CIMA Tadqiqot jamg'armasi va Osiyo tabiiy ofatlarga tayyorgarlik markazi (ADPC) bilan hamkorlikda tabiiy ofatlar bilan bog'liq ma'lumotlarni yig'ish, tahlil qilish va hisobot berishga qaratilgan "DesInventar-Sendai" tizimli dasturiy ta'minoti to'g'risida onlayn seminar tashkil etdi.
Tabiiy ofatlar oqibatida yetkazilgan zarar va yo'qotishlarni hisobga olish mexanizmi yaratilishini qo'llab-quvvatlash Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan "Favqulodda vaziyatlarga chidamlilikni kuchaytirish va Markaziy Osiyoda 2019-2022 yillarda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish uchun Senday asoslarini amalga oshirishni tezlashtirish" tashabbusining bir qismidir.
Milliy seminarning maqsadi "DesInventar-Sendai" dasturiy ta'minotining vazifalarini namoyish qilish, undan tabiiy ofatlar bilan bog'liq ma'lumotlarni tizimli ravishda yig'ish, hujjatlashtirish va tahlil qilishda foydalanish hamda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo'yicha hisobot berishni osonlashtirishdan iborat bo'ldi. BMT tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish byurosi (UNDRR) vakillari, CIMA Tadqiqot jamg'armasi va Osiyo tabiiy ofatlarga tayyorgarlik markazi (ADPC) ekspertlari qator tashkilotlar, jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni kamaytirish vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi, Suv xo'jaligi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo'mitasi, Davlat statistika qo'mitasi, Fanlar akademiyasi va Gidrometeorologiya xizmati markazi mutaxassislariga amalga oshirish bosqichlari, tavsiyalar va texnik tafsilotlarni taqdim etishdi.
Ishtirokchilar tabiiy ofatlarni oldini olish bo’yicha mavjud milliy tizimning afzalliklari va uni takomillashtirish yo'nalishlarini ko'rib chiqishdi va muhokama qilishdi. Har bir vazirlik ushbu masalaga o'z hissasini qo'shuvchi agentlik sifatida ma'lumotlarni yig'ish jarayonidagi imkoniyatlari va kamchiliklarini tahlil qildi.
CIMA Tadqiqot jamg'armasi mutaxassislari "DesInventar-Sendai" dasturiy ta'minotining ishlash jarayonini namoyish etishdi. Seminar dasturida "DesInventar-Sendai" ma'lumot kartasini tabiiy ofatlar natijasidagi yo'qotishlar to‘g‘risida ma'lumot yig'ishning milliy shakliga moslashtirish, tegishli ko'rsatkichlar va ajratish toifalarini qo'shish bo'yicha munozara o'tkazildi.
"DesInventar-Sendai" tizimli dasturiy ta'minotining joriy etilishi dunyoning 90 dan ortiq mamlakatlariga Sendai dasturi monitoring jarayoniga mos keladigan tabiiy ofatlar to'g'risidagi axborotni boshqarishning barqaror tizimini ishlab chiqishga yordam berdi. Tizim falokat tendensiyalari va ta'sirini turli sohaviy va ijtimoiy-iqtisodiy o'lchovlar orqali tahlil qilishga imkon beradi. Uning asosiy afzallik tomoni shuki, "DesInventar-Sendai" tizimi mahalliy va mintaqaviy darajadagi barcha manfaatdor tomonlar o'rtasida tabiiy ofatlar xavfini boshqarish va kamaytirishni rejalashtirish bo'yicha muloqotni qo'llab-quvvatlaydi.