Erta bolalikka sarmoya kiritish: O'zbekistonning kelajak farovonligiga strategik sarmoya
29 aprel 2026
Milliy va xalqaro hamkorlar mamlakatda bolalar rivojlanishiga ustuvorlik berilishiga chorlamoqdalar
Bugun UNICEF, Jahon banki va rivojlanish bo’yicha asosiy hamkorlar erta bolalikka sarmoya kiritishga va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga chorlab, bunday sarmoyani O'zbekistonning demografik dividendini amalga oshirish uchun strategik jihatdan muhim deb ta’kidladilar. Ular bu tog’risida Toshkentda bo'lib o'tgan yuqori darajadagi muloqotda so’z yuritdilar. Unda hukumat, BMT, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor vakillari ishtirok etdilar.
Ushbu muloqotda milliy ma'lumotlar, demografik tendensiyalar, iqtisodiy rentabellik bo'yicha baholar va "Markaziy Osiyoda 2050 yil avlodi" hisobotidagi xulosalarni ko'rib chiqildi. UNICEFning Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi tomonidan tayorlangan ushbu hisobot xususan O'zbekiston bo’yicha ham ma’lumotlarni o'z ichiga olgan. Unda aholi dinamikasining kelajakdagi iqtisodiy va ijtimoiy natijalarga qanday ta'sir qilishi hamda uzoq muddatli o'sish va unumdorlikni rag'batlantirishda inson kapitaliga — xususan, sog'liqni saqlash, ta'lim, oziqlanish, ijtimoiy himoya va yoshlar bandligiga — kiritilgan investitsiyalarning roli tahlil qilingan.
O'zbekiston muhim demografik burilish nuqtasida turibdi. Mamlakat aholisi taxminan 36 millionni tashkil etadi va 2050 yilga borib mazkur ko’rsatkich 50 milliondan oshishi kutilmoqda. Bu esa uni mintaqadagi aholisi eng tez o'sayotgan davlatlardan biriga aylantiradi. Mamlakat hali ham yosh bo'lib, aholining deyarli 60 foizi 30 yoshdan yosh. Bu demografik tendensiyalarni barqaror iqtisodiy foydaga aylantirish uchun imkoniyatdir, lekin bu imkoniyatning vaqti cheklangan.
"Markaziy Osiyoda 2050 yil avlodi" hisobotiga ko’ra, bugun O'zbekistonda tug'ilgan bolalar o'zlarining to'liq salohiyatining atigi 60 foizini ro'yobga chiqarishga qodir bo'ladilar, bu esa inson kapitali bo'yicha sezilarli yetishmovchilik mavjud ekanligini ko'rsatadi. Erta bolalik davriga sog'liqni saqlash, oziqlanish, maktabgacha ta'lim va ijtimoiy himoya sohalari orqali yo'naltirilgan maqsadli investitsiyalar bu tafovutni sezilarli darajada qisqartirishi va 2050 yilga kelib odam boshiga Yalpi ichki mahsulotning qo’shimcha 6% gacha iqtisodiy daromad keltirishi mumkin.
"Demografik dividendni siyosiy qarorlar, xususan hayotning eng dastlabki yillaridagi rivojlanishni ta’minlovchi investitsiyalar orqali amalga oshirish zarur", dedi UNICEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi Rahbari Rehina Kastijio. “Dalillar shuni ko'rsatadiki, hayotning dastlabki yillariga kiritilgan sarmoya inson umrida eng yuqori daromadni beradi – miya rivojlanishining 90 foizi besh yoshgacha bo'lgan davrda sodir bo'ladi. Keyingi 10–20 yil ichida qabul qilinadigan qarorlar O'zbekistonning o'sib borayotgan aholisi farovonligini tezlashtiruvchi omil yoki boy berilgan imkoniyat bo’lib qolishini belgilab beradi.”.
Jahon tajribasi shuni ko'rsatadiki, bolalarni sog’lom, bilimlik va himoyalangan tarzda voyaga yetishishlarida xizmat qiluvchi ijtimoiy sohalarga sarmoya qilib kiritilgan har bir dollar taxminan ikki dollar iqtisodiy daromad keltirishi mumkin; bu daromadning deyarli uchdan ikki qismini ta'lim va sog'liqni saqlash sohalar hisobiga to’g’ri keladi. Faqatgina maktabgacha ta'limga sarmoya qilib kiritilgan har bir dollar 13 AQSh dollarigacha daromad keltirishi mumkin, bu esa uni O'zbekistonning uzoq muddatli o'sishi va raqobatbardoshligi uchun eng samarali sarmoyalardan biriga aylantiradi.
Tadbirning maqsadi erta yoshdagi bolalarni rivojlanishiga (EYBR) sarmoya kiritishni, bu sohaga muvofiqlashtirilgan, idoralararo yondashuvni ilgari surish va ilk milliy EYBR strategik dasturi doirasida sohalar islohotlarini muvofiqlashtirishni rag'batlantirish edi. Dastur 0–3 yoshdagi bolalar rivojlanishi sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etishga, erta yoshdagi bolalar parvarishi va rivojlantiriish xizmatlarini kengaytirishga hamda mavjud xizmatlar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratadi.
“Bugungi bolalar — mamlakatning kelajakdagi mehnat resurslaridir. Ular eng erta yoshda boshdan kechirganlari voyaga yetgandan keyingi hayotidagi imkoniyatlarini belgilaydi. O‘zbekiston inson kapitalini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarga ega: o‘sib borayotgan aholi soni, hukumatning kuchli siyosiy irodasi va zarur resurslar, shuningdek, xalqaro hamkorlarning qo‘llab-quvvatlashi bilan mustahkamlanmoqda. Ushbu sohadagi bo‘lg‘usi yutuqlar sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya va moliya sektorlarida davlatning muvofiqlashtirilgan yondashuviga bog‘liq bo‘ladi. Jahon banki guruhi boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda hukumatni bolalarning erta rivojlanishi bo‘yicha kelajakdagi Milliy strategiyani amalga oshirishda va hujjatda belgilangan maqsadlarga erishishda qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, — deya ta'kidladi Naji Benxasin, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori.
Investitsiyalarni aniq natijalarga aylantirish uchun O'zbekiston quyidagilarni amalga oshirishi kerak:
1. Samarali sohalararo muvofiqlashtirish — sog'liqni saqlash, ta'lim, ijtimoiy himoya va bolalarni himoya qilish hamda boshqa sohalardagi investitsiyalarni bir-birini mustahkamlaydigan tarzda muvofiqlashtirish, xususan 0–3 yoshdagi bolalarga alohida e'tibor qaratish.
2. Keng qamrovli, oilaga yo’naltirilgan va muvofiqlashtirilgan xizmatlar paketi — turli xil choralardan bolaga yo'naltirilgan va butun hayot davrini qamrab oladigan hamda bolalar va oilalarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan yondashuvlarga o'tish.
3. Natijaga yo'naltirilgan moliyalashtirish — mas'uliyatni oshirish va investitsiyalarning inson kapitalida o'lchanadigan daromad keltirishini ta'minlash maqsadida resurslarni natijalar bilan bog'lash.
4. Strategik hamkorliklar — sifat, tenglik va ta'sirga ustuvor ahamiyat bergan holda hukumat, xalqaro moliyaviy institutlar, rivojlanish bo'yicha hamkorlar va xususiy sektor o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash.
UNICEF ushbu kun tartibini ilgari surishda O'zbekiston hukumati va uning hamkorlarini qo'llab-quvvatlashga bo'lgan sadoqatini yana bir bor ta’kidlaydi.