Jo’rabek besh yoshida miya shikastlanishi natijasida ko'rish qobiliyatini yo'qotishning birinchi bosqichlarini boshdan kechiradi.
“Men ko'pincha bolaligimda xonam derazasi oldida turib, do’stlarim va qo'shni bolalarning jarangdor kulgisi va hazillarini eshitishga harakat qilardim. Shunchaki xonamdan tashqariga chiqib, ular bilan bekinmachoq o’ynashni yoki arg’imchoqda uchgim kelardi. Lekin, afsus, bunday qila olmasdim”, — deb xotirlaydi O’zbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilish bo’yicha faol va YUNICEFning nogironlar integratsiyasi bo'yicha maslahatchisi Jo‘rabek Qahhorov.
“Afsuski, ko'rish qobiliyatini yo'qotish men uchun tengdoshlar va do’stlarim bilan muloqot qilishda katta to'siqga aylandi. Lekin o‘z salohiyatimdan to‘liq foydalanish va jamiyatning bir qismiga aylanish istagi meni hech qachon tark etmagan; bu istak hamisha qalbimda bo'lgan, ” - deydi Jo'rabek.
2017-yilda Jo‘rabek O‘zbekiston Milliy universitetining ingliz filologiyasi fakultetini tamomlagach, Toshkent shahridagi Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markaziga ishga kiradi.
“Yoshligimda boshqalarga yordam berishni orzu qilardim, va bu orzu haligacha meni oldinga chorlaydi. Markazda tarbiyalanuvchilar bilan ishlab va yaqindan muloqot qilib, yoshlarda ma’lumotlardan, xususan, Brayl alifbosidan foydalanish imkoniyati cheklanganligini tushundim. Brayl alifbosi ko‘zi ojiz va zaiflar uchun ko‘plab imkoniyatlarni ochadi. Brayl alifbosi ularning dunyosini o‘zgartiradi, dunyo qarashini kengaytiradi, savodxonligini oshiradi va ishga joylashish imkoniyatini oshiradi”.
Jo‘rabek 2019-yilda “Braille Print” (Bosma Brayl) xususiy bosmaxonasiga asos solgan. Bir necha yillar davomida bosmaxonada o‘zbek xalqining mashhur yozuvchi va shoirlarining o‘nlab kitoblari, bolalar uchun o‘zbek xalq ertaklari to‘plami Brayl alifbosiga tarjima qilinib, ko‘zi ojiz yoshlarga yetkazib berilgan.
Hozirda Jo‘rabek BMTning nogironlar huquqlari hamkorlik dasturi, YUNICEF, BMTTD, BMTning Aholishunoslik jamg'armasi (UNFPA), Inson huquqlari bo'yicha oliy komissar boshqarmasi (IHBOKB) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni o‘zgartirish: O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolalar, yoshlar va ayollar uchun inson huquqlari bo‘yicha yondashuvni joriy qilish” qo‘shma dasturi doirasida Inklyuzivlik bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlaydi. Dastur zaif guruhlarning mustaqilligi va inklyuzivligini qo'llab-quvvatlash uchun ularning o'ziga xos ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qulay xizmatlarni taqdim etishga alohida e'tibor qaratadi. Masalan, nogiron bolalarni maxsus muassasaga joylashtirishning oldini olish uchun kasallikni erta aniqlash xizmatlarini taqdim etadi. Bundan tashqari, ushbu dastur imkoniyati cheklangan xotin-qizlarga gender zo’ravonlikka qarshi kurashishda qulay sharoit yaratishga ham xizmat qiladi.
YUNICEF va O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi qo’shma dastur doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qator treninglar o‘tkazib kelinmoqda. 2022-yilda O‘zbekistonning 3 ta viloyatida 90 nafar kishi, xususan, imkoniyati jismonan cheklangan shaxslar ishtirokida mazkur treninglar bo'lib o'tgan. Ishtirokchilar BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konventsiyaning mazmun-mohiyati, nogiron bolalar va ularning ota-onalari huquqlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati va ro‘yxatga olish qoidalari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
2021-yilning iyun oyida O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyani ratifikatsiya qildi va shu orqali inson huquqlarini ta’minlashga sodiqligini, shuningdek, Konventsiya tamoyillari va “Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin” tamoyiliga muvofiq nogironlar huquqlarini ilgari surish bo‘yicha chora-tadbirlar naqadar muhimligini yana bir bor tasdiqladi.
“Ushbu dasturda ishlash nogironlar hayotini yaxshi tomonga o'zgartirish va jamiyatimizni yanada inklyuziv qilish imkoniyatini yaratadi. Har safar nogiron bolalarni ko’rganimda o'zimni eslayman: men deraza oldida turibman. Faoliyatimiz O‘zbekistondagi o‘n minglab yigit-qizlarning jamiyatda qo‘rquv va qoralashlarsiz, baxtli yashashiga yordam berishiga qat’iy ishonaman, –deydi tabassum bilan Jo‘rabek”.
Muallif: Anvar Meliboev. BMTning Toshkentdagi Axborot bo‘limi xodimi.
BMTning O‘zbekistondagi faoliyati haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo’lish uchun uzbekistan.un.org saytiga tashrif buyuring.