COVID-19 bizga barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish muhimligini yana bir xotirlatdi
03 dekabr 2020
- Xalqaro imkoniyati cheklangan insonlar kunini nishonlar ekanmiz, biz har bir inson jamiyat rivojiga o'z hissasini qo'shishi mumkinligini e‘tirof etamiz.
O'zbekistonda va butun dunyoda imkoniyati cheklangan insonlarning jamiyat hayotida to'liq va teng ishtirok etishini rag'batlantirish hamda ularni jamiyat va taraqqiyotning barcha jabhalariga jalb qilish bo'yicha chora-tadbirlar ko'rish maqsadida har yili 3-dekabr Xalqaro imkoniyati cheklangan insonlar kuni sifatida nishonlandi.
2020 yil barcha uchun alohida ahamiyat kasb etdi, chunki COVID-19 pandemiyasi imkoniyati cheklangan insonlarga nomutanosib ravishda ta'sir ko'rsatmoqda. Bu muammoni hal qilish uchun Birlashgan millatlar tashkiloti imkoniyati cheklangan insonlarni qamrab oluvchi javob choralarini o'z ichiga olgan brifing hisobotini taqdim etdi hamda hech kimni rivojlanishdan ortda qoldirmaslik va'dasi, shuningdek, Imkoniyati cheklangan insonlar huquqlari konvensiyasi, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari, BMTning Imkoniyati cheklangan insonlarni qamrab olish strategiyasini bajarishning muhim qismi sifatida bu sohaga alohida e'tibor berishga chaqirdi.
BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili o'rinbosari Doina Munteanuning aytishicha, imkoniyati cheklangan insonlarni rag‘batlantirish va ularning jamiyat hayotiga qo'shilish borasidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlash eng to'g'ri ishdir. "Har kimning iqtisodiyotda, davlat xizmatida va fuqarolik ishlarida faol ishtirok etishini ta'minlash – bu barqaror rivojlanish dasturini tezlashtirishning eng yaxshi usulidir", dedi u. "Hamma ijodkor inson sifatida o'z g'oyalari va bilimlaridan foydalanib jamiyatdagi qiyinchiliklarni yengish uchun barcha imkoniyatga ega bo‘lsa, butun mamlakat bundan foyda ko'radi."
Bu yil bahorda O'zbekiston televideniyasi tomoshabinlari notanish manzaraga guvoh bo'lishdi: kundalik yangiliklar birinchi marta imkoniyati cheklangan insonlar uchun mo'ljallangan imo-ishora sinxron tarjima bilan uzatildi. BMT Taraqqiyot dasturi UzReport TV bilan hamkorlilda eshitish qobiliyati cheklanganlarga hukumat tomonidan muntazam ravishda efirga uzatiladigan COVID-19 brifingini kuzatish imkonini berdi. Ushbu tashabbus og'ir sharoitdagi ijtimoiy guruhlar yoki qishloqlardagi himoyasiz jamoalarga qaratilgan keng ko'lamli sa'y-harakatlarning bir qismi bo'lib, u juda katta muvaffaqiyatga erishdi va pandemiya tugaganidan keyin ham uzoq davom etishi kutilmoqda.
BMT Taraqqiyot dasturi hukumatni pandemiya davrida maqsadli javob choralari orqali qo'llab-quvvatlash bo'yicha bir qancha tashabbuslarni amalga oshirdi. Masalan, imo-ishora shaklidagi tarjima ruhiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish uchun foydalanilmoqda. Ruhshunos Aziza Toshxo'jayeva bilan o'tkazilgan ruhiy maslahat ko'rsatuvi haftasiga bir marta imo-ishora tarjimasi bilan taqdim etildi. Bu ko'rsatuv ko'rish qobiliyati cheklanganlar uchun "Mahalla" va "Oriat Dono" radiokanallarida ham uzatildi. BMTTD tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan "Maxima Radio" dasturining "Oramizdagilardan biri" turkumi nogironlik muammolari to'g'risida aholining xabardorligini oshirishga qaratildi.
Barcha o'z huquqini himoya qilish uchun to'g'ri ma'lumotga ega bo'lishini ta'minlash maqsadida BMT Taraqqiyot dasturi butun mamlakat bo'ylab dorixonalar, mahallalar va imkoniyati cheklangan insonlarga mo'ljallangan uylar bilan hamkorlik qilib, ko'rish qobiliyati cheklanganlar uchun pandemiya va genderga asoslangan zo'ravonlik to‘g‘risidagi brayl broshyuralarini tarqatdi. Boshqa yana bir tashabbus imkoniyati cheklangan insonlar bilan ishlaydigan tashkilotlarning takliflarini qo‘llab-quvvatlashni o'z ichiga oladi. Buning natijasida, 11 ta guruh o'z kichik ijtimoiy tashabbuslarini ishga tushirish va amalga oshirish uchun grant oldi.
O'zbekistondagi imkoniyati cheklangan insonlar kundalik hayotida katta to'siqlarga duch kelmoqdalar. Ularni qo'llab-quvvatlash uchun brayl, audio, katta bosma nashrlar yoki elektron kitoblar, ommaviy manbalarga ehtiyoj bor. Buning uchun ko'rish qobiliyati zaif yoki imkoniyati boshqa tomonlama cheklangan insonlar uchun nashr etiladigan manbaalarga kirishni osonlashtirish to'g'risidagi Marokash shartnomasi (2013 yil) muhim qadamdir. Hozircha 76 davlat shartnomani ratifikatsiya qilgan va O'zbekiston ham unga qo'shilishi tavsiya etilmoqda.
Dalillar inqirozlarning ta'siri hech qachon gender tengligiga nisbatan neytral emasligini tasdiqlaydi va COVID-19 ham bundan mustasno emas. Hamma misli ko'rilmagan qiyinchiliklarga duch kelganda, ayollar COVID-19 ning iqtisodiy va ijtimoiy tanazzulini ko‘proq boshidan kechirmoqda. Xususan, kambag'al va imkoniyati cheklangan ayollar COVID-19 yuqishi va o'lim xavfi, tirikchilikdan mahrum bo'lish va zo'ravonlikning ko'payishi hatariga ko'proq duch kelishadi. Shu munosabat bilan, BMT Taraqqiyot dasturi pandemiya davrida imkoniyati cheklangan ayollarning ehtiyojlarini to'g'ri baholash va ularni moslashtirilgan yechimlar bilan hal qilish uchun tahlil o'tkazmoqda.
BMT Taraqqiyot dasturi shuni qayd etadiki, nogironlik bo'yicha hozirgi baholash tibbiy modelga asoslangan bo'lib, u insonga kerak bo'lgan narsani emas, balki uning "noto'g'ri" jismoniy holatini ak ettiradi. Bu yondashuv huquq va imkoniyatlarni kengaytirishga emas, zaiflikka asoslangan. "Biz imkoniyati cheklangan insonlarning jamiyat hayotida to'liq ishtirok etishiga, ishga kirishiga va mustaqil yashashiga to'sqinlik qiladigan ortiqcha to'siqlarni olib tashlash muhim deb hisoblaymiz", dedi BMT Taraqqiyot dasturi doimiy vakilining o'rinbosari Doina Munteanu. "Jamiyatga xos bo'lgan bu yondashuv hammaga foyda keltiradi, chunki har kim o'z imkoniyatidan kelib chiqib jamiyatga o‘z hissasini qo'shishi mumkin."
Bu harakat doirasida, joriy yilda Tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi a'zolari uchun nogironlikni baholash, aniqlash va o'lchashda tibbiy yondashuvdan ijtimoiy yondashuvga o'tishni o'zlashtirish uchun bir qator treninglar o'tkazildi.
Pandemiya bizga jamoat infratuzilmasini imkoniyati cheklangan insonlar uchun qanday qilib yaxshiroq moslashtirish kerakligini eslatdi. Bu sohadagi qiyinchiliklar va imkoniyatlarni to'liq baholash uchun O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi yaqinda tahlil o'tkazdi va nogironligi bo'lgan shaxslar uchun arzon davlat xizmatlari bo'yicha tavsiyalar berdi. Shuningdek, ushbu tashabbus imkoniyati cheklangan qo'shnilarimiz, hamkasblarimiz va yaqinlarimizga ta'sir qiladigan ko'rinmas qiyinchiliklar haqida keng jamoatchilik bilimlarini to'plash orqali imkoniyati cheklangan ayollar, erkaklar va bolalarni fuqarolik jarayoniga yanada jalb qilish harakatlarini qo'llab-quvvatlamoqda.