BMTning O'zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzerning Xalqaro axborotdan umumiy foydalanish kuniga bag'ishlangan nutqi
28 sentabr 2020
Endi aniq ma'lumot olish har doimgidan ham muhim.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Barcha ma'ruzachilar ta'kidlaganidek, axborotga ega bo'lish – bu shaffof va samarali boshqaruv hamda demokratiya uchun zaruriy shartdir. Ma'lumotlarga ega bo'lishni kafolatlaydigan hamda bu amaliyot yaxshi tatbiq etilgan davlat tomonidan qabul qilingan qonunchilik bazasi fuqarolarga demokratik jarayonlarda faol ishtirok etish, erkin tanlov qilish va o'z hukumatlarining javobgarligini ta'minlashga imkon beradi.
Bu huquq insonning asosiy huquqlaridandir. Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasida ham aynan ma'lumot izlash, uni o’rganish va unga ega bo’lish huquqi haqida so’z boradi.
Xonimlar va janoblar!
Janob Allamjonov ta'kidlaganidek, O'zbekistonda so'nggi bir necha yil ichida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan mustaqil jurnalistlar va bloggerlar uchun erkin muhit yaratish hamda axborot olish erkinligini ta'minlash borasida muhim yutuqlarga erishildi.
Hukumat va parlamentning yuqori martabali vakillari ham matbuot erkinligi va axborot olishda to’siqlarga uchramaslik muhimligini ta'kidlagani tahsinga sazovor.
Yaqinda parlament "Ommaviy axborot vositalari to'g'risida" gi, "Jurnalistlarning xavfsizligi to'g'risida" gi qonunlarni qayta ko'rib chiqdi hamda turli davlat idoralari faoliyatining ochiqligi to'g'risida qonunlar, nizomlarni chiqardi va mustahkamladi.
Biz “Tuhmat va haqorat to'g'risida” gi qonunga o'zgartirishlar kiritish borasida amalga oshirilgan so'nggi harakatlarni ham so’z erkinligini ta’minlashga qaratilgan muhim qadam sifatida mamnuniyat bilan e’tirof etamiz. Ammo uni so'z erkinligi bo'yicha BMTning Maxsus ma'ruzachisi tavsiyasiga binoan to'liq jinoyat kategoriyasidan chiqarish maqsadga muvofiq bo'ladi.
Hukumat, shuningdek, Prezident Xalq qabulxonalari vazirlik veb-saytlari, telegram kanallari, Facebook va boshqa vositalar orqali fuqarolar bilan o’zaro aloqalarni sezilarli darajada oshirishda muvaffaqiyat qozondi. Davlat idoralari faoliyati yanada shaffoflashdi va o'z siyosati, qashshoqlik statistikasini ochiq muhokama qilish, gender tengsizlikka qarshi kurashish kabi harakatlarni amalga oshira boshladi.
Shuningdek, men Davlat statistika qo'mitasi faoliyatining yanada ochiqlashib borayotganini alohida ta’kidlamoqchiman – ular axborot va statistik ma'lumotlarga kirish uchun mijozlar ehtiyojini qondirish bo'yicha so'rov o'tkazganligi tahsinga sazovordir.
Biroq, hali qilinishi lozim bo’lgan vazifalar ko’p.
Axborotning erkin oqimi va uzluksizligini ta’minlash borasidagi harakatlar sustligicha qolmoqda, shu sababli jamoatchilikni qiziqtirgan ma'lumotlarga, bilim va malakaga ega bo'lish huquqini himoya qilish uchun ko'proq harakat talab etiladi.
Ba'zi jurnalistlar shaxsiy senzura davom etayotgani haqida xabar berishmoqda va jurnalistlarga po’pisa qilish amaliyoti hali ham mavjud. Ba'zi ma'lumotlarni qo’lga kiritish, ayrim vazirliklardan izoh yoki statistik ma'lumot olish qiyinligicha qolmoqda.
Ammo ijobiy natijaga erishish uchun yo’nalishlar ham yetarlicha, men ushbu muammolarni hal qilishda mavjud qulay muhit borasida YeXHTdagi hamkasblarim fikriga qo'shilaman.
Xonimlar va janoblar!
BMT jamoasi bugungi kunda barcha manfaatdor tomonlar, ayniqsa ommaviy axborot vositalari, bloggerlar, fuqarolik jamiyati hamda jamoat fondi vakillari va boshqalar bilan yaqindan ishlashga tayyordir.
Xususan, UNESCO, BMTTD, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasi va boshqa idoralaridagi hamkasblarim quyidagi sohalarda jamoaviy hamkorlikning ikki baravar oshishiga umid bildirmoqda:
1. Butun O'zbekiston bo'ylab eng zaif qatlamlar, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslar va Internet qo’llashga imkoni yo’qlar uchun axborot olish, xususan COVID-19 to’g’risidagi ma’lumotlarni qo’lga kiritish jarayonini yaxshilash.
2. Har qanday mish-mishlar va noto'g'ri ma'lumotlarning tarqalishini to'xtatish uchun yetarli va ishonchli ma'lumotlarga ega bo'lishni ta'minlash orqali hukumatning ommaviy axborot vositalari va bloggerlar bilan hamkorligini kuchaytirish.
Hozirda aniq ma'lumot olish har qachongidan ham muhimdir!