"Qizlar va ayollar uchun bu juda qiyin", degan fikr qanchalik eskirgan va haqoratli bo'lmasin, biz hali ham buni tez-tez eshitamiz.
Margaret Xemilton kimligini bilasizmi?
Ko'pchilik bilmaydi. U kompyuter olimasi va tizim muhandisi bo'lib, Apollon 11 kosmik parvozini dasturlashtirgan.
Hozirgi vaqtda global axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar yetarli emas (2020 yilga kelib Yevropada 800 ming qo'shimcha mutaxassislar kerak bo'ladi), dasturchi ayollarning juda ko'pchiligida hali ishlatilmagan bilim resurslari mavjud. Ayol dasturchilar, ayniqsa menejerlik vazifasini bajaradiganlar, dunyodagi IT mutaxassislarining juda ozchilik qismini tashkil qiladi.
Bu hol O'zbekistonda ham unchalik farq qilmaydi. Texnika universitetlarida ayollar ulushi talabalar umumiy sonining atigi 16-22 foizini tashkil qiladi.
"Technovation Challenge"
2017 yil fevral oyida BMTTD (UNDP) ning O'zbekistondagi vakolatxonasi va hamkorlari Toshkentda yosh ayollar uchun "Technovation Challenge" dasturini o'tkazdilar. Tadbirda 15-18 yoshli 100 dan ortiq dasturchilar ishtirok etishdi. U yoshlarni ijtimoiy foydali ilovalarni yaratishga ilhomlantirdi. Ayol mentor murabbiylar yordami bilan bu dasturchilar chiqindilarni kamaytirish, ularni bartaraf etish, suv iste'moli, ko'ngilli ko‘mak berishni rivojlantirish, shifoxonalar va poliklinikalarga yozilish uchun onlayn ro'yxatdan o'tish kabi ko'plab ijtimoiy muammolarni hal qiladigan ilovalarni taqdim etdilar.
Ushbu dastur axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yosh qizlar va ayollarga o‘z innovatsion rolini ijro etish imkoniyatini berish gender tengligi va mamlakat kelajagi uchun qanchalik foydali ekanligini ko'rsatdi.
Eski qarashlarni o'zgartirish, ayollarni rag'batlantirish
"Qizlar va ayollar uchun bu juda qiyin", degan fikr qanchalik eskirgan va haqoratli bo'lmasin, biz hali ham buni tez-tez eshitamiz. "Technovation Challenge" dasturi bu fikrni puchga chiqardi, uning ishtirokchilari o‘z IT g'oyalarini yaratishda ham, sotishda ham tadbirkorlik ko'nikmalarini namoyish etdilar.
"Technovation Challenge" ishtirokchilarni nafaqat dasturlash sohasida yangi ko'nikmalarni o'rganishga, balki demo sessiyalar va munozaralarda o'sha ko'nikmalar orqali yangi yechimlar yaratishga undadi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida o'ziga xoslik, shaxslararo muloqot ko'nikmalari va o'ziga ishonch muhim ahamiyatga ega. Iqtidorli dasturchilar guruhini yaratish ayollarning O'zbekiston jamiyatida va ishlab chiqarishda faolligini oshirishga yordam beradi (2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasida belgilangan).
Barqaror rivojlanish maqsadlari va xususiy sektor hamkorligini rag'batlantirish
Sanoat 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim elementlari bo'lgan ta'lim, sog'liqni saqlash va qashshoqlikka barham berish kabi asosiy ijtimoiy muammolarni hal qilishga ta'sir ko'rsatadi. Ushbu masalalarga e’tibor qaratayotgan guruhlarni O'zbekistondagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan ayollar qo'llab-quvvatlashmoqda. Tadbir ishtirokchilari ularning kompaniyalariga tashrif buyurib, hamkorlik ko'nikmalarini shakllantirdilar va biznes modellarga ega ayollar bilan qimmatli mentorlik aloqalarini mustahkamladilar. Tadbir tugaganidan keyin ham ularda bu imkoniyat saqlanib qoladi.
Allaqachon dasturning Facebookdagi sahifasiga O'zbekistonning deyarli barcha viloyatlaridan qiziqish bildirilgan xabarlar keldi. Bir kishi onlayn o'quv dasturidan mustaqil ravishda o'tdi va keksa odamlar uchun mobil ilovani ishlab chiqdi, bu dastur hakamlari tomonidan alohida e'tirofga sazovor bo'ldi. "Technovation Challenge" dasturi Toshkentda muvaffaqiyat qozonganidan so'ng, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi hamda Bolalar va oilalarni qo'llab-quvvatlash assotsiatsiyasi endilikda uni butun mamlakat bo'ylab takrorlash niyatida.
Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, erkaklar va ayollar bandligi o'rtasidagi farqni kamaytirish iqtisodiy o'sishning muhim omili bo'lgan. Yaqinda O'zbekiston hukumati "Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, fan, ta'lim va ishlab chiqarish jarayonlarining integratsiyasini yanada chuqurlashtirish to'g'risida" qaror qabul qildi.
Biz bu holat qulay shart-sharoitlarni hosil qilishiga, ayollar uchun yanada adolatli imkoniyatlar yaratishiga va O'zbekiston uchun iqtisodiy o'sishga yordam berishiga ishonamiz. Chunki navbatdagi Margaret Xemilton yoki Ketrin Jonson aynan O'zbekistondan chiqmasligiga hech qanday sabab yo'q.