Press-reliz

BMT Ayollar tashkilotining O‘zbekistondagi ofisini ochilishi — gender tengligi yo‘lidagi yangi bosqich

29 may 2025

BMT Ayollar tashkiloti O‘zbekistondagi rasmiy ofisini ochdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti va Hukumatining yuqori martabali vakillari, BMT agentliklari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillarini bir joyga jamladi.

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari va BMT Ayollar tashkiloti Ijrochi direktori Sima Bahusning 2024-yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Toshkentda BMT Ayollar tashkiloti ofisini ochish bo‘yicha yuqori darajadagi kelishuvga erishilgan edi. 

Ofisning ochilishi BMT Ayollar tashkiloti va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi davomli hamkorlikdagi muhim bosqich hisoblanadi. Bu O‘zbekistonning gender tengligi va ayollar huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishni milliy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishi sifatida tan olganini namoyon etadi. Mamlakatda doimiy ofisning tashkil etilishi BMT Ayollar tashkilotiga o‘z hamkorlari va milliy institutlarga ko‘magini yanada kuchaytirish, gender sezgir siyosatlarni ilgari surish hamda barcha sohalarda ayollar huquqlarining to‘liq amaliyotiga hissa qo‘shish imkonini beradi.

“O‘zbekistonda BMT Ayollar tashkiloti ofisining ochilishini mamlakatimizda gender tengligi va ayollar huquqlarini ilgari surish borasidagi ijobiy yutuqlarning xalqaro darajada e’tirof etilayotgani, shuningdek, BMTning yanada inklyuziv va teng jamiyatni barpo etish borasidagi qat’iy sadoqatining yaqqol ramzi sifatida baholaymiz. Albatta, ushbu ofisning mamlakatimizdagi faoliyati ikki tomonlama munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqishda hamda konstruktiv hamkorligimizni izchil rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi”, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva.

Rasmiy ochilish marosimi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Ayollar tashkiloti hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida muvofiqlashtirilayotgan gender sezgir byudjetlashtirish (GSB) loyihasining ishga tushirilishidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha yangi ofis tomonidan amalga oshiriladigan birinchi tashabbus bo‘lib, BMT Ayollar tashkiloti O‘zbekistonda olib boradigan institutsional va samarali faoliyatining amaliy namunasidir.

“Ushbu ofis faqatgina ishtirok belgisigina emas, balki maqsad, hamkorlik va taraqqiyot ramziga aylansin. U orzu qilishga jur’at etgan har bir ayol va qiz, hamda ularning yonida birga qadam tashlayotgan har bir ittifoqchi uchun mayoq bo‘lsin. Chunki tenglik sari safar bu yangi ofis bilan yakunlanmaydi — balki u yangidan boshlanadi: yanada chuqurroq sadoqat, katta umid va to‘xtovsiz harakat bilan.” — deydi o‘z ochilish nutqida BMT Ayollar tashkiloti Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi direktori o‘rinbosari Eliza Fernandez Saenz.

 Elisa Fernandez Saenz BMT Ayollar tashkiloti nomidan ushbu tarixiy lahzaning ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘lgan qat’iyatlari uchun hukumat vakillariga samimiy tabriklarini bildirdi hamda O‘zbekiston Hukumatining gender tengligini ilgari surish yo‘lida qabul qilingan qariyb 40 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli islohot dasturini yuqori baholadi.

“BMT Ayollar tashkilotining O‘zbekistondagi yangi ofisining ochilishi mamlakatning inson taraqqiyoti va gender tengligiga bo‘lgan kuchli sadoqatini yana bir bor tasdiqlaydi. BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori sifatida men ushbu hamkorlik bizning umumiy sa’y-harakatlarimizni yanada kuchaytirishiga, O‘zbekistondagi har bir ayol va qizning o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishiga yordam berishiga ishonaman,” — deydi Sabine Mahl, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori.

BMT Ayollar tashkilotining O‘zbekistondagi ofisi ochilishi ushbu xalqaro tashkilot hayotidagi muhim tarixiy davr bilan ham bir vaqtda sodir bo‘lmoqda. Chunki 2025-yilda BMT Ayollar tashkiloti o‘zining 15 yilligini, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligini hamda BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasining 25 yilligini nishonlamoqda.

2010-yilda tashkil etilganidan beri BMT Ayollar tashkiloti butun dunyo bo‘ylab gender tengligi va ayollar hamda qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida yetakchi rolni o‘ynab kelmoqda. Hukumatlar, fuqarolik jamiyati va boshqa hamkorlarni qo‘llab-quvvatlagan holda BMT Ayollar tashkiloti ayollar huquqlari, yetakchiligi, zo‘ravonlikdan erkin yashashi va adolatga erishishiga xizmat qiluvchi dasturlar, siyosatlar va qonunlarning ishlab chiqilishiga hissa qo‘shib kelmoqda. O‘zbekistonda yangi ofisning ochilishi ushbu merosning mantiqiy davomidir va BMT Ayollar tashkilotining hech bir ayol yoki qiz e’tibordan chetda qolmasligi borasidagi qat’iy sadoqatini yana bir bor mustahkamlaydi.

BMT Ayollar tashkiloti haqida:

BMT Ayollar — Birlashgan Millatlar Tashkilotining gender tengligi va ayollarni huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlangan tashkilotidir. Ayollar va qizlarning huquqlari uchun global himoyachi bo‘lib, BMT Ayollar 2010-yil iyun oyida ularning ehtiyojlarini tezroq qondirish maqsadida tashkil etilgan.

BMT Ayollar BMT a’zo davlatlariga gender tenglikni ta’minlash uchun global standartlarni belgilashda yordam beradi hamda hukumatlar va fuqarolik jamiyati bilan birgalikda ayollar va qizlarga haqiqiy foyda keltiradigan qonunlar, siyosatlar va xizmatlarni ishlab chiqishga ko‘maklashadi. U butun dunyo bo‘ylab Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini ayollar va qizlar uchun haqiqatga aylantirish ustida ishlaydi hamda hayotning barcha sohalarida ayollarning teng ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydi.

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

BMT Ayollari
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gender Tengligi va Ayollarning Imkoniyatlarini Kengaytirish Bo'yicha Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar