Press-reliz

Til: Qochqinlarning integratsiyasi va inklyuziyasi uchun ko‘prik

21 fevral 2025

2025-yil Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan BMT Qochqinlar agentligi (UNHCR) Markaziy Osiyo mintaqasidagi tillarda – qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, o‘zbek, ingliz va rus tillarida – “UNHCR Markaziy Osiyo asosiy terminlar qo‘llanmasi”ni chop etdi. Ushbu tashabbus til xilma-xilligini targ‘ib qilish hamda Markaziy Osiyoda qochqinlar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar masalalari bo‘yicha aniq va izchil terminologiya qo‘llanilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirildi.

21-fevral kuni butun dunyo bo‘ylab Xalqaro ona tili kuni nishonlanadi – bu til xilma-xilligini qadrlash va ona tillarining muhimligini targ‘ib qilish uchun belgilangan sana. Til shunchaki muloqot vositasi emas, u jamiyatga qo‘shilish, o‘zaro bog‘lanish va yangi imkoniyatlar eshigini ochish vositasidir. 

Mahalliy integratsiya BMT Qochqinlar agentligi, UNHCR, uchun Markaziy Osiyo mintaqasida ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Bu yerda jamiyatlar 22 000 nafarga yaqin majburan ko‘chirilgan shaxslarni bag‘rikenglik bilan qabul qilmoqda. Ko‘plab qochqinlar ushbu mintaqada yillar, hatto o‘n yillab yashab, mahalliy tillarda so‘zlashadi hamda oilaviy va jamoat aloqalarini mustahkamlab kelmoqda. Til integratsiyaning asosiy omillaridan biri bo‘lib, qochqinlar va boshpana izlovchi shaxslarga kundalik hayotda muloqot qilish, xizmatlardan foydalanish, mazmunli ijtimoiy munosabatlarni shakllantirish hamda yashayotgan mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga faol hissa qo‘shish imkonini beradi. 

UNHCR Markaziy Osiyodagi hukumatlar va hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda qochqinlar uchun bepul til kurslarini tashkil etish orqali ularning mustaqilligini oshirish, ijtimoiy uyg‘unlikni mustahkamlash va mahalliy jamiyatga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida Qozog‘istonda Qizil Yarim Oy Jamiyati va Nazarboyev Universiteti, Qirg‘iziston Respublikasida Amerika Markaziy Osiyo Universiteti hamda Tojikistonda “Qochqinlar, bolalar va zaif fuqarolar” (RCVC) tashkiloti bilan hamkorlik qilinmoqda. 

Til xilma-xilligini qo‘llab-quvvatlash va mintaqada qochqinlar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar masalalari bo‘yicha aniq hamda izchil muloqotni rivojlantirish maqsadida, Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan BMT Qochqinlar agentligi (UNHCR) UNHCR Markaziy Osiyo asosiy terminlar qo‘llanmasi”ni qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, o‘zbek, ingliz va rus tillarida chop etdi.

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

BMTQOK
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar Bo'yicha Oliy Komissari

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar