“Orzularga to‘siqlarni zabt etib erishamiz” – O‘zbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faol yosh hikoyasi haqida
10 aprel 2023
O‘zbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faol, YUNICYeFning nogironlar integratsiyasi bo‘yicha maslahatchisi Jo‘rabek Qahhorov hikoyasi.
O‘zbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faol, YUNICEFning nogironlar integratsiyasi bo‘yicha maslahatchisi Jo‘rabek Qahhorov Birlashgan Millatlar Tashkiloti qo‘shma dasturi doirasida inklyuzivlik, undan foydalanish imkoniyatini oshirish ustida ishlab kelyapti.
U Birlashgan Millatlar Tashkilotining Toshkentdagi Axborot bo‘limi xodimi Anvar Meliboyev bilan suhbatda bolalik davrini eslab, hayot yo‘lida duch kelgan qiyinchiliklar haqida gapirib berdi. bugungi kunda nogironlar huquq va erkinligini himoya qilish masalalari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga o‘z fikrini bildirdi.
– Bolaligimda ko‘pincha xonam derazasi oldida turib, do‘stlarim va qo‘shni bolalarning jarangdor kulgisi va hazillarini eshitishga harakat qilardim. Shunchaki xonamdan tashqariga chiqib, ular bilan bekinmachoq o‘ynagim, arg‘imchoqda uchgim kelardi. Afsus, buni iloji bo‘lmasdi, – dedi Surxondaryo viloyatida tavallud topgan Jo‘rabek Qahhorov.
U 2017 yil O‘zbekiston Milliy universiteti ingliz filologiyasi fakultetini tamomlagach, Toshkent shahridagi Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markaziga ishga kiradi. Besh yoshida miya shikastlanishi natijasida ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan yosh faol turmushidagi ushbu hodisani quyidagicha xotirladi:
– Afsuski, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish men uchun tengdoshlarim, do‘stlarim bilan muloqot qilishda katta to‘siqqa aylandi, ammo o‘z salohiyatimdan to‘liq foydalanish va jamiyatning bir qismiga aylanish istagi meni hech qachon tark etmagan. Bu istak hamisha qalbimda bo‘lgan.
Yoshligimda boshqalardan yordam kutardim, ko‘mak berilishini orzu qilardim. Bu orzu haligacha meni oldinga chorlaydi. Markazda tarbiyalanuvchilar bilan ishlab, yaqindan muloqot qilib, tushunganim shu bo‘ldiki, Brayl alifbosidan foydalanish imkoniyati cheklangan ekan. Brayl alifbosi ko‘zi ojiz va zaiflar uchun ko‘plab imkoniyatlar ochadi. Qo‘llanma ko‘zi ojizlar dunyosini o‘zgartiradi, dunyo qarashini kengaytiradi, savodxonligini oshiradi va ishga joylashishga zamin yaratadi.
Qayd etish kerakki, Jo‘rabek 2019 yilda bosma Brayl xususiy bosmaxonasiga asos soldi. Bir necha yillar davomida bosmaxonada o‘zbek xalqining mashhur yozuvchi va shoirlarining o‘nlab kitoblari, bolalar uchun o‘zbek xalq ertaklari to‘plami Brayl alifbosiga tarjima qilinib, ko‘zi ojiz yoshlarga yetkazib berilgan.
Hozirda Jo‘rabek BMTning nogironlar huquqlari hamkorlik dasturi, YUNICEF, BMTTD, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi, Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar boshqarmasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni o‘zgartirish: O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolalar, yoshlar va ayollar uchun inson huquqlari bo‘yicha yondashuvni joriy qilish” qo‘shma dasturi doirasida Inklyuzivlik bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlaydi.
Ushbu dastur zaif guruhlar mustaqilligi va inklyuzivligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning ehtiyojidan kelib chiqqan holda qulay xizmatlarni taqdim etishga alohida e’tibor qaratadi. Masalan, nogiron bolalarni maxsus muassasaga joylashtirishning oldini olish uchun kasallikni erta aniqlash xizmati taqdim etildi. Bundan tashqari, ushbu dastur imkoniyati cheklangan xotin-qizlarga gender zo‘ravonlikka qarshi kurashishda qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.
YUNICEF va O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi qo‘shma dastur doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar imkoniyatini kengaytirish maqsadida qator treninglar o‘tkazilmoqda. O‘tgan yil mamlakatimizning uchta viloyatida 90 nafar fuqaro, xususan, imkoniyati jismonan cheklangan shaxslar ishtirokida treninglar bo‘lib o‘tgan. Ishtirokchilar BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi mazmun-mohiyati, nogiron bolalar va ularning ota-onalari huquqlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati, ro‘yxatga olish qoidalari haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi.
2021 yil iyunda O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qildi, shu orqali inson huquqlarini ta’minlashga sodiqligini, shuningdek, Konvensiya tamoyillari va “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” tamoyiliga muvofiq nogironlar huquqlarini ilgari surish bo‘yicha chora-tadbirlar muhimligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
– Ushbu dasturda ishlash nogironlar hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish va jamiyatimizni yanada inklyuziv qilish imkonini beradi, – deydi Jo‘rabek Qahhorov. – Har safar nogiron bolalarni ko‘rganimda o‘zimni eslayman: men deraza oldida turibman. Faoliyatimiz O‘zbekistondagi o‘n minglab yigit-qizlarning jamiyatda qo‘rquv va qoralashlarsiz, baxtli yashashiga yordam berishiga qat’iy ishonaman.
BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar
BMTIQOKB
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari Boʻyicha Oliy Rkomissari Boshqarmasi
BMTTD
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi
BMTAJ
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik Bo`yicha Jamg`armasi
UNICEF
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamgʻarmasi
Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar